Minoga kelgach tosh otish boshlanadi. Hayitning 1 – kuni yetti dona tosh otiladi. Toshni Muzdalifadan yo xohlagan boshqa joydan terib olsa bo‘ladi. Tosh hajmi no‘xatdek bo‘ladi. Tosh oldin otilgan bo‘lmasligi kerak. Tosh otish Ibrohim (a.s) dan qolgan bo‘lib, u zot o‘g‘lini qurbonlikka so‘yishga olib ketayotganlarida shayton ig‘vo qilmoqchi bo‘lganda, Ibrohim a.s. uni tosh otib quvgan.
Hayitning 1 – kuni Jamratul aqobada tosh otiladi. U jamratul kubro, jamratul uxro deb ham ataladi. Tosh aqobadan besh gaz uzoqlikdan turib, barmoqlarning uchi bilan otiladi. Har bir tosh “Allohu akbar” deb otiladi. Tosh agar maxsus joyga tushmasa, qayta otish vojib bo‘ladi. Birinchi toshni otgan zahoti “talbiya”ni to‘xtatadi. Tosh otish vaqti subhi sodiqdan, keyingi kunning subhigachadir. Tosh otgan zahoti u yerdan ketish kerak bo‘ladi. Keyingi kun subhigacha otilmasa, jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Kechasi otish makruh. Ammo ayollar, qarilar, kasallar kechasi otgani afzal. Tosh otayotgan joy 2 qavatli bo‘lib, qaysidan otsa ham bo‘laveradi.
Uzrli kishilarni toshini boshqa otsa ham bo‘ladi, faqat avval o‘zinikini otishi shart. Tosh otilgach, ifrod hajni niyat qilgan kishi soch oldiradi. Lekin u agar qurbonlik qilmoqchi bo‘lsa, avval qurbonlik qilib keyin sochini oldiradi. Qiron, Tamattu’dagilar shunday qilishi shart. Endi ehromda man qilingan ishlarning ayollardan boshqasi halol bo‘ladi.
Oz qiyinchilik yetsa nolimang aslo,
U yetguncha yurdingiz ne’matlar aro.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda uch kishi g‘orda yotgan vaqtida katta xarsang siljib g‘or og‘zi berkilib qoladi. Shunda ular o‘zaro kelishib o‘zlarining eng yaxshi amallarini vasila qilib duo qilishadi. Shunda ulardan ikkinchi duo qilgani aytadi: “Allohim, mening ammamning qizi bor edi. Uni juda qattiq yaxshi ko‘rar edim. U esa meni rad etdi va to bir yili (qiyinchilik) uni qurshab olgunga qadar mendan bosh tortib yurdi. So‘ng u (qiyinchilik sababli) mening yonimga keldi va menga o‘zini boshqarishga imkon berishi evaziga 120 dinor berdim, u shu ishni qildi. Unga ega bo‘lgan (bir rivoyatda: ikki oyog‘i o‘rtasiga o‘tirgan) vaqtimda u menga: “Allohdan qo‘rq, muhrni nohaqdan buzma!” dedi. Bu uzun bir rivoyatdan bir parchadir.
Rivoyatdan ayol juda taqvoli edi, avvaliga zino juda katta gunoh bo‘lgani uchun umuman rozi bo‘lmadi. Keyinchalik esa juda qiyin ahvolga tushib qolib o‘sha kishi talab qilgan narsaga rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi, lekin buni umuman xohlamasdi. Shuning uchun ham unga Allohni va Undan qo‘rqishini eslatdi. Bu gapdan iymoniy hislar jo‘shib ketdi, agar yigit xohlasa nikoh yo‘li bilan bu ishni halol qilishi mumkin edi, zino qilmasdi. Shuning uchun ham yigit bu ishidan qattiq afsuslandi va Allohga tavba qildi. Ushbu ayolning iymoniy va taqvo ila aytgan so‘zi sabab tavba qilgan yigitning duosi g‘or og‘zidagi xarsang toshning siljishiga sabab bo‘ldi.
Shu’la: Qo‘rquv bilan yashasangiz tez orada shu qo‘rquvdan halok bo‘lasiz.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan