Imom Buxoriyning ismlari, nasablari va tug‘ilishlari
Imom Buxoriyning to‘liq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardizba Jo‘fiy Buxoriydir.
Imom Buxoriyning otalari Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim taqvodor ulamolardan edi. Uning haqida imom Buxoriyning o‘zlari “at-Tarix al-Kabir” kitobida: “U Hammod ibn Zaydni ko‘rgan va Ibn Muborak bilan ikki qo‘llab ko‘rishgan edi”, deb yozganlar.
Imom Buxoriy ilmli, ahli fazl va solih oilada hijriy 194 yilning shavvol oyidan o‘n uch kun qolganda, juma namozidan keyin Buxoro shahrida dunyoga keldilar.
U kishi kichiklik paytlaridayoq otadan yetim qoldilar va akalari Ahmad bilan onalarining tarbiyasida o‘sdilar.
Imom Buxoriyning bolalik yillari
Imom Buxoriyning bolalik yillari umuman ilm talabida o‘tdi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Xatib o‘z sanadi ila qilgan rivoyatda Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq quyidagilarni aytadi: “Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga: “Hadis talab qilishni boshlashing qanday bo‘lgan?” dedim. “Boshlang‘ich maktab ta’limdaligimdayoq hadis yodlash menga ilhom qilingan”, dedi. “O‘shanda yoshing nechada edi?” dedim. U shunday dedi: “O‘n yosh yoki undan ozroq. O‘n yoshdan o‘tganimdan keyin maktabdan chiqib, Doxiliy va boshqalardan dars oldim. Doxiliy bir kuni odamlarga dars bera turib, “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, dedi. Men unga: “Ey Abu Fulon! Abu Zubayr Ibrohimdan qilmagan”, dedim. U meni jerkib tashladi. Men unga: “Agar huzuringda asl nusxa bo‘lsa, qara”, dedim. U ichkariga kirib qaradi. So‘ngra qaytib chiqib, menga: “Hoy bola! Qanday edi?!” dedi. “Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan”, dedim. U mendan qalamni olib, yozganini to‘g‘rilab oldi va: “Rost aytasan!” dedi. Buxoriydan ba’zi as'hoblari: “O‘sha Doxiliyga e’tiroz bildirgan paytingda yoshing nechada edi?” deb so‘rashdi.
U: “O‘n bir yoshda edim. O‘n olti yoshga yetganimda Ibn Muborak va Vaki’ning kitoblarini yod oldim va ularning gaplarini bildim. Keyin esa akam Ahmad va onam bilan birga Makkaga bordim. Haj qilib bo‘lganimizdan keyin akam Ahmad onamni olib, ortga qaytdi. Men hadis o‘rganish uchun qoldim”, deb aytdi”.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o‘z hayotlari davomida ko‘p marotaba va tom ma’noda sermahsul safarlarda bo‘ldilar. U kishi zamonalarida qariyb barcha islomiy mamalakatlarga, ba’zi birlariga esa bir necha marotabadan safar qildilar.
“Men Suriya, Misr va Arabiston yarim orollarini ikki marta ziyorat qildim, deb yozadilar imom Buxoriy. Bir necha marta Basrada bo‘ldim, olti yil Hijozda (hozirgi Saudiya Arabistonida) yashadim, Kufa va Bag‘dod shaharlarida necha marta bo‘lganimni eslay olmayman”.
Alloh taolo imom Buxoriyga o‘tkir zakovat, kuchli hofiza va har bir ishni puxta bajarish qobiliyatini bergan edi. Ushbu ilohiy ne’matlarning alomatlari u kishining go‘daklik chog‘laridanoq ko‘zga tashlana boshlagan edi. O‘n bir yoshli bola bo‘laturib, ustozlari Doxiliyning xatosini tuzatganlari ham bunga dalil.
"Oltin silsila” kitobidan.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD