Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Imom Buxoriy

28.07.2016   31924   25 min.
Imom Buxoriy

Imom Buxoriyning ismlari, nasablari va tug‘ilishlari

 Imom Buxoriyning to‘liq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra ibn Bardizba Jo‘fiy Buxoriydir.

 Imom Buxoriyning otalari Abul Hasan Ismoil ibn Ibrohim taqvodor ulamolardan edi. Uning haqida imom Buxoriyning o‘zlari “at-Tarix al-Kabir” kitobida: “U Hammod ibn Zaydni ko‘rgan va Ibn Muborak bilan ikki qo‘llab ko‘rishgan edi”, deb yozganlar.

 Imom Buxoriy ilmli, ahli fazl va solih oilada hijriy 194 yilning shavvol oyidan o‘n uch kun qolganda, juma namozidan keyin Buxoro shahrida dunyoga keldilar.

 U kishi kichiklik paytlaridayoq otadan yetim qoldilar va akalari Ahmad bilan onalarining tarbiyasida o‘sdilar.

 Imom Buxoriyning bolalik yillari

 Imom Buxoriyning bolalik yillari umuman ilm talabida o‘tdi, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

 Xatib o‘z sanadi ila qilgan rivoyatda Abu Ja’far Muhammad  ibn Abu Hotim Varroq quyidagilarni aytadi: “Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyga: “Hadis talab qilishni boshlashing qanday bo‘lgan?” dedim. “Boshlang‘ich maktab ta’limdaligimdayoq hadis yodlash menga ilhom qilingan”, dedi. “O‘shanda yoshing nechada edi?” dedim. U shunday dedi: “O‘n yosh yoki undan ozroq. O‘n yoshdan o‘tganimdan keyin maktabdan chiqib, Doxiliy va boshqalardan dars oldim. Doxiliy bir kuni odamlarga dars bera turib, “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan”, dedi. Men unga: “Ey Abu Fulon! Abu Zubayr Ibrohimdan qilmagan”, dedim. U meni jerkib tashladi. Men unga: “Agar huzuringda asl nusxa bo‘lsa, qara”, dedim. U ichkariga kirib qaradi. So‘ngra qaytib chiqib, menga: “Hoy bola! Qanday edi?!” dedi. “Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan”, dedim. U mendan qalamni olib, yozganini to‘g‘rilab oldi va: “Rost aytasan!” dedi. Buxoriydan ba’zi as'hoblari: “O‘sha Doxiliyga e’tiroz bildirgan paytingda yoshing nechada edi?” deb so‘rashdi.

 U: “O‘n bir yoshda edim. O‘n olti yoshga yetganimda Ibn Muborak va Vaki’ning kitoblarini yod oldim va ularning gaplarini bildim. Keyin esa akam Ahmad va onam bilan birga Makkaga bordim. Haj qilib bo‘lganimizdan keyin akam Ahmad onamni olib, ortga qaytdi. Men hadis o‘rganish uchun qoldim”, deb aytdi”.

 Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o‘z hayotlari davomida ko‘p marotaba va tom ma’noda sermahsul safarlarda bo‘ldilar. U kishi zamonalarida qariyb barcha islomiy mamalakatlarga, ba’zi birlariga esa bir necha marotabadan safar qildilar.

 “Men Suriya, Misr va Arabiston yarim orollarini ikki marta ziyorat qildim, deb yozadilar imom Buxoriy. Bir necha marta Basrada bo‘ldim, olti yil Hijozda (hozirgi Saudiya Arabistonida) yashadim, Kufa va Bag‘dod shaharlarida necha marta bo‘lganimni eslay olmayman”.

 Alloh taolo imom Buxoriyga o‘tkir zakovat, kuchli hofiza va har bir ishni puxta bajarish qobiliyatini bergan edi. Ushbu ilohiy ne’matlarning alomatlari u kishining go‘daklik chog‘laridanoq ko‘zga tashlana boshlagan edi. O‘n bir yoshli bola bo‘laturib, ustozlari Doxiliyning xatosini tuzatganlari ham bunga dalil.

 

                                                     "Oltin silsila” kitobidan.

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   7601   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy