بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Yoshlik har bir insonga bir marta beriladigan tengi yo‘q ne’matlardan biri bo‘lib, uning qadriga yetmoq kerak. Bu ne’matdan unumli foydalanib, o‘zining ilmiy va ma’naviy salohiyatini oshirib borgan inson o‘z zimmasidagi eng oliy vazifani uddalagan hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Har bir farzandning shaxsiyati oilada shakllanadi. Demak, oila barkamol avlod poydevori hisoblanadi. Shunday ekan oilada farzandlarni ahloqiy-huquqiy jihatdan mukammal tarbiyalash, ayniqsa, adolat, burch, vatanparvarlikni shakllantirish, ona vatanni sevish hissini uyg‘otish o‘ta muhim hisoblanadi.
Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchlaridan biri hisoblashadi. Vatandoshimiz buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy: «Najot faqat ilmdadur», deb bejiz aytmagan. Chunki bilimsizlik – jaholatdan, jaholat esa – takabburlik, mutelik va buzg‘unchilikdan kelib chiqadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki dinni ilmsiz da’vo qilsa, o‘zi ham adashadi, birovni ham adashtiradi», – deb aytgan hadislari o‘z mazmunini yo‘qotgan emas.
Ma’lumki, Qur’oni karimda:
(لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ... (سورة البقرة/256
ya’ni: «Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi…» (Baqara, 256), deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi.
Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi». Diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida o‘z aksini topgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo‘yilgan.
Bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta’limotlaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
(خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ (سورة الأعراف/199
ya’ni: «Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!» (A’rof, 199). Shu oyat nozil bo‘lgach, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Jabroil (a.s.)dan uni sharhlab berishni so‘ragan ekanlar. Ul zot jumladan: «Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqdaki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!» – degan ekanlar.
Alloh taolo barchani dunyoda birdam va teng bo‘lishga, alohida firqalarga bo‘linib ketmaslikka chaqiradi. Alloh Qur’oni karimda firqa va oqimlarga bo‘linishni qattiq qoralab bu yo‘ldan ularni ogohlantiradi. Qur’oni karimning:
(وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا ... (سورة آل عمران/ 103
ya’ni: “Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang” (Oli Imron, 103), degan oyatidagi “arqon”dan maqsad jamoat deyilgan. Boshqa bir o‘rinda “arqon”dan maqsad Qur’on va sunnat deb keltirilgan. Bu oyat hukmi bilan mufassirlar aynan bu oyat barchani firqalarga bo‘linmaslikka ochiq dalolat qiladigan hukm bo‘lib, unga ergashish hamda amal qilish barchaga barobar vojib ekanligi ta’kidlangan. Mazkur oyat hukmiga binoan, islom tarixida firqa va oqimlarning faoliyati va ular tomonidan amalga oshiriladigan ishlar e’tiqodiy yoki fiqhiy bo‘lsin tanqidiy nazar bilan qaralgan. Ularning faoliyati to‘xtalishiga qaratilgan qattiq choralar ko‘rilgan. Shunga qaramay, Qur’oni karimdagi mutashobih oyatlarga ergashish, o‘z nafslari xohishiga qarab oyat ma’nosini ta’vil qilishga, bu ta’vil ortidan katta fitnalar kelib chiqishini bilgan holda unga zo‘r berish harakatlari olib borilgan va buning natijasida ko‘plab firqa va oqimlar ajralib chiqqan. Firqalarning chiqishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z davrida bashorat qilganlar va bu bashorat oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘z haqiqatini zohir qilgan.
Muhtaram jamoat! Yoshlarimizni turli xil yot oqimlardan himoya qilishda diniy omillar – Qur’on oyatlari va hadislardan keng foydalanish hamda dinning asl mohiyatini anglatish ham lozim. Diniy ekstremizm va terrorizm muqaddas Islom diniga aloqador bo‘lmasdan, muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassibona unsurlarning faoliyati mafkurasining natijasi ekanligini har bir yosh avlodga tushuntirish bugungi kunning dolzarb mavzularidandir. Holbuki, dinda mutaassibona e’tiqodda bo‘lish va sof islomiy e’tiqoddan bexabarlik diniy ekstremizm va terrorizmning asl manbai hisoblanadi.
Islom ta’limoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda. Bunday kimsalarga nisbatan Alloh taolo Qur’oni karimda xitob qilib shunday deydi:
(... كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلَا تَعْثَوْا فِي الْأَرْضِ مُفْسِدِينَ (سورة البقرة/60
ya’ni: “...Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”. (Baqara, 60).
Diniy aqidaparastlik jaholatidan o‘zini asrash esa har bir e’tiqodli insonning musulmon sifatidagi burchidir. Chunki Islomning o‘zida yaxshini yomondan, tafakkurni jaholatdan, ilmni ko‘r-ko‘ronalikdan ajratish me’yorlari belgilab berilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib shunday deydi:
(قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ (سورة الزّﻣﺮ/9
ya’ni: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?”.
Qadrli namozxonlar! Hozirgi kunda mafkuraviy-g‘oyaviy jihatdan diniy asosga tayanadigan turli inqilobiy harakatlar dunyoning turli joylarida, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida miting, ish tashlash, namoyish, yig‘in, isyonlar va aholining turli tabaqalari jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida harbiy qurolli to‘qnashuvlar tusida amalga oshirilmoqda. Shaxs va jamiyat, diniy maslak o‘rni to‘g‘risida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmagan yosh yigit-qizlar ko‘pincha ana shunday inqilobiy to‘s-to‘polonlar g‘ildiragini aylantirishga ko‘maklashmoqda.
Buzg‘unchi g‘oyalarning tez tarqalishiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy tarmoqlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgani ko‘pchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ko‘pi “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Vkontakte”, “Moy mir”, “Twitter” kabilardan foydalanishadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar internetga kiruvchilarning o‘zaro muloqot qilish va ma’lumot almashishlari uchun juda qulay vositadir.
O‘tgan yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar rivojlanib, takomillashib bordi. Ilk bosqichda ular yordamida faqat yozishmalar amalga oshirilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarga kelib, ishtirokchilar musiqa va video fayllarni qo‘shish va ko‘chirish imkoniga ham ega bo‘lishdi. Internet sahifalaridagi ayrim hayo, odob-axloq, andisha kabi milliy urf-odatlarimizga xilof mazmundagi narsalar oila tinchligi, mustahkamligi va farovonligiga hamda farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz uchun oila muqaddas hisoblanib, undagi tartib-qoidalar dolzarb ahamiyatga ega. Umuman, oilada o‘rnatilgan o‘ziga xos qoidalar oila mustahkamligini ta’minlashda muhim bo‘lib kelgan. Masalan, Markaziy Osiyo hududiga islom dini yoyilgach, oilaga doir qonun-qoidalar ushbu din ta’limotlari asosida shakllandi. Ya’ni, oilada erning mavqei balandligi, shu bilan bir qatorda, xotin ham teng haq-huquqlarga ega ekani, farzandlar bilan ota-onalari o‘rtasida odob, hurmat chegarasi borligi, o‘zaro yaxshi muomalada bo‘lish kabilar.
Ijtimoiy tarmoqdagi turli kimsalar azaldan shakllanib kelayotgan ana shunday qoidalarni farzandlar ongida o‘zgartirishga harakat qilishmoqda. Bu bilan ularni o‘z ota-onalariga qarshi qilib qo‘yishmoqda. Natijada ana shunday ruhda katta bo‘lgan o‘g‘il-qizlar vaqti kelib, oila qurganlarida hayot sinovlariga chidolmasdan, yengil hayotni afzal ko‘rib, oilalar buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Muhtaram jamoat! Bizning Movarounnahr musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A’zam (hanafiy) rahmatillohu alayh mazhabi ko‘rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirganlar. Xalqimiz ham shu mazhab yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishga o‘rganib qolganlar. Ularga boshqa mazhab hukmlaridan gapirilsa yoki boshqa mazhabdagi musulmonlarning boshqacha namoz o‘qiyotganliklarini ko‘rsalar, taajjubga tushishlari tabiiy.
Ammo aqidaparast oqim tarafdorlari diyorimiz musulmonlarining hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli manbalardan o‘qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta’limotlariga zid fikrlarni ommaga tarqatib, mo‘min-musulmonlar orasida ikkilanishlarni keltirib chiqarishmoqda. Hatto, bu borada boshqalar bilan bahs-munozaralarga ham kirishadilar. Alloh taolo bunday deydi:
(وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولًا (سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70
ya’ni: «(Ey inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsalarga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil – bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)» (Isro, 36).
Mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni, afsuski, suiiste’mol qilgan ba’zi yot toifa va firqalar kishilar o‘rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ldilar. Buni birinchi bo‘lib, o‘zini «sof islom ta’limoti himoyachisi» sifatida ta’riflagan oqimlar boshlab berdi.
Bu oqimlar o‘zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko‘rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular hayot mohiyatini hali anglab yetmagan, g‘o‘r yoshlarni o‘z ta’siriga torta boshladilar. Chunki umri davomida ma’lum mazhabda ibodat qilib kelgan, ko‘p yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalarni yo‘ldan ozdirish ular uchun mahol edi. Bu oqim dinga e’tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishni shart qilmaydi. Qur’on va hadisdan har kim o‘zi mustaqil fatvo olib e’tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da’voni ilgari surdi. Shuningdek, asosiy hujumni masjid imomlarini tanqid va ayblab, soddadil va g‘o‘r musulmonlarni o‘z ortlaridan oson ergashtirdi.
Lekin ular o‘zlari qilayotgan da’volariga zid ravishda, «rahnamo»larining fikri va fatvosiga qarab ish tutardilar. Birinchi ixtilof namoz ibodatini ado qilish borasida yuzaga keldi.
Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabida qabul qilinmagan: namozda «Fotiha» surasidan so‘ng «omin»ni baland ovoz bilan aytish, «raf’ul-yadayn», ya’ni rukudan oldin va keyin ikki qo‘lini ko‘tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar.
Natijada mahalliy musulmonlar orasida tamoyillar jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog‘lom e’tiqodli mo‘min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o‘z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar.
Ammo ba’zi «ahli ilm»larning masjidda har kim xohlaganicha namoz o‘qishi mumkin, keksalarning yoshlar bilan ishi bo‘lmasin, asosiysi, qanaqa yo‘l bilan bo‘lsa ham namoz o‘qiyapti-ku, deya ixtiloflarga loqayd munosabatda bo‘lishlari oqim tarafdorlari tegirmoniga suv quydi. Ular yangi-yangi ziddiyatlarni avj oldiraverdilar, namozda oyoqni kerib turish, sunnat namozini o‘qimaslik, farz namozidan keyin boshqalar sunnatni o‘qiyotgan paytlarida o‘tirib olib, tasbeh aytish va hokazo yangiliklarni birin-ketin kiritaverdilar.
Muhtaram jamoat! Musulmonlar «Ahli Sunna val-Jamoa» sifatida biror-bir mazhabga ergashishlari lozim. Ammo ixtilof yuqorida zikr qilingan «ahli ilm»lar o‘ylaganidek, faqat namoz masalasida bo‘lib qolmadi, balki u mafkuraviy ziddiyatga aylanib ketdi. Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabiga zid tarzda, o‘zgalarni kofirga chiqarish, Allohga shirk keltirishda asossiz ayblash kabi buzuq aqidalarni tarqata boshladilar.
Xo‘sh, oqim a’zolarining bundan maqsadlari nima edi? Nima uchun kofirlikda ayblash ular uchun kerak bo‘lib qoldi? Shu o‘rinda dunyodagi qo‘poruvchi oqimlar uchun xos bo‘lgan va bir-biriga bog‘liq ikki illat to‘g‘risida to‘xtalish o‘rinli:
Bunday illatlar barcha buzg‘unchi oqimlarda uchraydi. Zero, buzg‘unchilar o‘z tarafdorlarini g‘oyaviy jihatdan boshqalardan ajratib olish maqsadida o‘ziga ergashmaganlarni kofir deb ayblaydilar. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida odamlarni «kofir» deb haqoratlashdan qaytarib shunday deganlar:
.(عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قال النبي صلى الله عليه وسلم: "أيُّمَا رَجُلٍ قَالَ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أحَدُهُمَا" (متفق عليه
ya’ni: “Biror kishi o‘z birodariga: “Ey kofir! desa, bu so‘z ikkalasidan biriga tegishli bo‘ladi”, dedilar, (ya’ni, agar kofirlikda ayblovga haq bo‘lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi, basharti haq bo‘lmasa, u holda o‘zi kofir bo‘ladi).
Shuningdek, buzg‘unchilari insonlar orasida fitna qo‘zg‘ash, parokandalikni yuzaga keltirish hamda shu orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun turli xil uslub va vositalardan foydalanmoqda. Shulardan biri, ma’lum bir davlatni «kufr diyori» deb atab, u yerdan «hijrat» qilish lozim, shuningdek, bunday «kufr diyorlari»ga qarshi urush olib borish kerak, degan g‘oyadir. Marhum Muhammad Ramazon Butiyning “Fihq as-siyra” kitobi 96-betida hijrat qilish haqida shunday deyilgan: “Dorul-islomdan hijrat qilishning hukmi vojib, joiz va harom o‘rtasidadir. Vojib hijrat qaysiki, musulmon kishi namoz, ro‘za, azon va haj kabi islom arkonlarini ado etishi mumkin bo‘lmagan taqdirida bo‘ladi. Joiz hijrat esa musulmon kishi boshiga uni qiyin ahvolga solib qo‘yadigan balo ofat kelganda bo‘ladi. Shu hollarda unga boshqa joylarga hijrat qilishi joiz bo‘ladi. Ammo mumkin bo‘lmagan hijrat, bu musulmon kishining o‘ziga vojib bo‘lgan islom arkonlarini bajarishda beparvo bo‘lishga olib kelsa. Masalan, ota-onasi va oilasini nafaqa bilan taminlash kabi vojibotlar”.
Bundan maqsad o‘z yurtida tinch va osuda yashab turgan dili pok odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib, «sizlar noto‘g‘ri yo‘ldasizlar» deb, ularni o‘z yurtidan ketib, jangarilarga qo‘shilishlari uchun o‘ylab topilgan yolg‘on yo‘l sanaladi. Chunki Islom davlatiga o‘z armiyasini askarlar bilan to‘ldirish uchun yoshlar kerak, ular insoniy zahiralarini to‘ldirishlari darkor. Binobarin, mazkur buzg‘unchi tashkilot a’zolari hijratni o‘z qora maqsadlariga mos ravishda talqin qilib, masjidlarda jamoat bilan besh mahal namoz ado etilib turgan, musulmonlar islom arkonlariga emin-erkin amal qilib kelayotgan mamlakatlarni ham «dorul harb» (urush diyori) yoki «dorul kufr» (kufr diyori)ga chiqarmoqdalar.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zining hidoyat yo‘lida bardavom aylasin. Alloh taoloning to‘g‘ri yo‘lidagi solih bandalari qatorida bo‘lib, turli firqa, adashgan oqim va zalolat yo‘llaridan barchamizni xifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O‘zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo‘lmish yoshlarimizni turli yot g‘oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma’rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin. Omin.
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi