Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

29.07.2016 y. Yoshlarni yot g‘oyalardan asraylik

26.07.2016   9889   15 min.
29.07.2016 y. Yoshlarni yot g‘oyalardan asraylik

بسم الله الرحمن الرحيم

 Muhtaram jamoat! Yoshlik har bir insonga bir marta beriladigan tengi yo‘q ne’matlardan biri bo‘lib, uning qadriga yetmoq kerak. Bu ne’matdan unumli foydalanib, o‘zining ilmiy va ma’naviy salohiyatini oshirib borgan inson o‘z zimmasidagi eng oliy vazifani uddalagan hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Har bir farzandning shaxsiyati oilada shakllanadi. Demak, oila barkamol avlod poydevori hisoblanadi. Shunday ekan oilada farzandlarni ahloqiy-huquqiy jihatdan mukammal tarbiyalash, ayniqsa, adolat, burch, vatanparvarlikni shakllantirish, ona vatanni sevish hissini uyg‘otish o‘ta muhim hisoblanadi.

Jamiyatimiz ravnaqi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni olish har bir yosh yigit-qizning zimmasidagi burchlaridan biri hisoblashadi. Vatandoshimiz buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy: «Najot faqat ilmdadur», deb bejiz aytmagan. Chunki bilimsizlik – jaholatdan, jaholat esa – takabburlik, mutelik va buzg‘unchilikdan kelib chiqadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki dinni ilmsiz da’vo qilsa, o‘zi ham adashadi, birovni ham adashtiradi», – deb aytgan hadislari o‘z mazmunini yo‘qotgan emas.  

Ma’lumki, Qur’oni karimda:

(لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ... (سورة البقرة/256

ya’ni: «Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi…» (Baqara, 256), deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda ham biron fuqaroni biron dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi.

          Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi». Diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida o‘z aksini topgan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qo‘yilgan.

Bag‘rikenglik bilan o‘zgalarning uzrini qabul qilish, og‘irlikni o‘ziga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimizning ta’limotlaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

(خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ (سورة الأعراف/199

ya’ni: «Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!» (A’rof, 199). Shu oyat nozil bo‘lgach, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Jabroil (a.s.)dan uni sharhlab berishni so‘ragan ekanlar. Ul zot jumladan: «Alloh taolo Sizga buyurib aytmoqdaki, Sizga zulm qilgan kishini Siz afv eting, Sizga bermagan kishiga Siz bering, Sizdan uzilib ketgan kishiga Siz yaqinlashing!» – degan ekanlar.

Alloh taolo barchani dunyoda birdam va teng bo‘lishga, alohida firqalarga bo‘linib ketmaslikka chaqiradi. Alloh Qur’oni karimda firqa va oqimlarga bo‘linishni qattiq qoralab bu yo‘ldan  ularni ogohlantiradi. Qur’oni karimning:

(وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا ... (سورة آل عمران/ 103

ya’ni:  Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang” (Oli Imron, 103), degan oyatidagi “arqon”dan maqsad  jamoat deyilgan. Boshqa  bir o‘rinda “arqon”dan maqsad Qur’on va  sunnat deb keltirilgan. Bu oyat hukmi bilan mufassirlar aynan bu oyat barchani firqalarga bo‘linmaslikka ochiq dalolat qiladigan hukm bo‘lib, unga ergashish hamda amal qilish barchaga barobar vojib ekanligi ta’kidlangan. Mazkur oyat hukmiga binoan, islom tarixida firqa va oqimlarning faoliyati va ular tomonidan amalga oshiriladigan ishlar e’tiqodiy yoki fiqhiy bo‘lsin tanqidiy nazar bilan qaralgan. Ularning faoliyati to‘xtalishiga qaratilgan qattiq choralar ko‘rilgan. Shunga qaramay, Qur’oni karimdagi mutashobih oyatlarga ergashish, o‘z nafslari xohishiga qarab oyat ma’nosini ta’vil qilishga, bu ta’vil ortidan katta fitnalar kelib chiqishini bilgan holda unga zo‘r berish harakatlari olib borilgan va buning natijasida ko‘plab firqa va oqimlar ajralib chiqqan. Firqalarning chiqishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z davrida bashorat qilganlar va bu bashorat oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘z haqiqatini zohir qilgan.

Muhtaram jamoat! Yoshlarimizni turli xil yot oqimlardan himoya qilishda diniy omillar – Qur’on oyatlari va hadislardan keng foydalanish hamda dinning asl mohiyatini anglatish ham lozim. Diniy ekstremizm va terrorizm muqaddas Islom diniga aloqador bo‘lmasdan,  muayyan diniy konfessiya va tashkilotlardagi ashaddiy mutaassibona unsurlarning faoliyati mafkurasining natijasi ekanligini har bir yosh avlodga tushuntirish bugungi kunning dolzarb mavzularidandir. Holbuki, dinda mutaassibona e’tiqodda bo‘lish va sof islomiy e’tiqoddan bexabarlik diniy ekstremizm va terrorizmning asl manbai hisoblanadi.

Islom ta’limoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. O‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda. Bunday kimsalarga nisbatan Alloh taolo Qur’oni karimda xitob qilib shunday deydi:

(... كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلَا تَعْثَوْا فِي الْأَرْضِ مُفْسِدِينَ  (سورة البقرة/60

ya’ni: “...Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”. (Baqara, 60).

Diniy aqidaparastlik jaholatidan o‘zini asrash esa har bir e’tiqodli insonning musulmon sifatidagi burchidir. Chunki Islomning o‘zida yaxshini yomondan, tafakkurni jaholatdan, ilmni ko‘r-ko‘ronalikdan ajratish me’yorlari belgilab berilgan. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilib shunday deydi:

(قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ (سورة الزّﻣﺮ/9 

 ya’ni:     “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?”.

Qadrli namozxonlar! Hozirgi kunda mafkuraviy-g‘oyaviy jihatdan diniy asosga tayanadigan turli inqilobiy harakatlar dunyoning turli joylarida, ayniqsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida miting, ish tashlash, namoyish, yig‘in, isyonlar va aholining turli tabaqalari jamiyat bilan hokimiyat o‘rtasida harbiy qurolli to‘qnashuvlar tusida amalga oshirilmoqda. Shaxs va jamiyat, diniy maslak o‘rni to‘g‘risida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lmagan yosh yigit-qizlar ko‘pincha ana shunday inqilobiy to‘s-to‘polonlar g‘ildiragini aylantirishga ko‘maklashmoqda.

Buzg‘unchi g‘oyalarning tez tarqalishiga sabab bo‘layotgan ijtimoiy tarmoqlar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgani ko‘pchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ko‘pi “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Vkontakte”, “Moy mir”, “Twitter” kabi­lardan foydalanishadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar internetga kiruvchilarning o‘zaro muloqot qilish va ma’lumot almashishlari uchun juda qulay vositadir.

O‘tgan yillar davomida ijtimoiy tarmoqlar rivoj­lanib, takomillashib bordi. Ilk bosqichda ular yordamida faqat yozishmalar amalga oshirilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarga kelib, ishtirokchilar musiqa va video fayllarni qo‘shish va ko‘chirish imkoniga ham ega bo‘lishdi. Internet sahifalaridagi ayrim hayo, odob-axloq, andisha kabi milliy urf-odatlarimizga xilof mazmundagi narsalar oila tinchligi, mustahkamligi va farovonligiga hamda farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.  Biz uchun oila muqaddas hisoblanib, undagi tartib-qoidalar dolzarb ahamiyatga ega. Umuman, oilada o‘rnatilgan o‘ziga xos qoidalar oila mustahkamligini ta’minlashda muhim bo‘lib kelgan. Masalan, Markaziy Osiyo hududiga islom dini yoyilgach, oilaga doir qonun-qoidalar ushbu din ta’limotlari asosida shakllandi. Ya’ni, oilada erning mavqei balandligi, shu bilan bir qatorda, xotin ham teng haq-huquqlarga ega ekani, farzandlar bilan ota-onalari o‘rtasida odob, hurmat chegarasi borligi, o‘zaro yaxshi muomalada bo‘lish kabilar.

Ijtimoiy tarmoqdagi turli kimsalar azaldan shakllanib kelayotgan ana shunday qoidalarni farzandlar ongida o‘zgartirishga harakat qilishmoqda. Bu bilan ularni o‘z ota-onalariga qarshi qilib qo‘yishmoqda. Natijada ana shunday ruhda katta bo‘lgan o‘g‘il-qizlar vaqti kelib, oila qurganlarida hayot sinovlariga chidolmasdan, yengil hayotni afzal ko‘rib, oilalar buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Muhtaram jamoat! Bizning Movarounnahr musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A’zam (hanafiy) rahmatillohu alayh mazhabi ko‘rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi ham shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirganlar. Xalqimiz ham shu mazhab yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishga o‘rganib qolganlar. Ularga boshqa mazhab hukmlaridan gapirilsa yoki boshqa mazhabdagi musulmonlarning boshqacha namoz o‘qiyotganliklarini ko‘rsalar, taajjubga tushishlari tabiiy.

Ammo aqidaparast oqim tarafdorlari diyorimiz musulmonlarining hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli manbalardan o‘qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta’limotlariga zid fikrlarni ommaga tarqatib, mo‘min-musulmonlar orasida ikkilanishlarni keltirib chiqarishmoqda. Hatto, bu borada boshqalar bilan bahs-munozaralarga ham kirishadilar. Alloh taolo bunday deydi:

(وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولًا (سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70

ya’ni: «(Ey inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsalarga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dil – bularning barchasi to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)» (Isro, 36).

Mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni, afsuski, suiiste’mol qilgan ba’zi yot toifa va firqalar kishilar o‘rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ldilar. Buni birinchi bo‘lib, o‘zini «sof islom ta’limoti himoyachisi» sifatida ta’riflagan oqimlar boshlab berdi.

Bu oqimlar o‘zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko‘rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular hayot mohiyatini hali anglab yetmagan, g‘o‘r yoshlarni o‘z ta’siriga torta boshladilar. Chunki umri davomida ma’lum mazhabda ibodat qilib kelgan, ko‘p yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalarni yo‘ldan ozdirish ular uchun mahol edi. Bu oqim dinga e’tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishni shart qilmaydi.  Qur’on va hadisdan har kim o‘zi mustaqil fatvo olib e’tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da’voni ilgari surdi. Shuningdek, asosiy hujumni masjid imomlarini tanqid va ayblab, soddadil va g‘o‘r musulmonlarni o‘z ortlaridan oson ergashtirdi.

Lekin ular o‘zlari qilayotgan da’volariga zid ravishda, «rahnamo»larining fikri va fatvosiga qarab ish tutardilar. Birinchi ixtilof namoz ibodatini ado qilish borasida yuzaga keldi.

Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabida qabul qilinmagan: namozda «Fotiha» surasidan so‘ng «omin»ni baland ovoz bilan aytish, «raf’ul-yadayn», ya’ni rukudan oldin va keyin ikki qo‘lini ko‘tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar.

Natijada mahalliy musulmonlar orasida tamoyillar jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog‘lom e’tiqodli mo‘min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o‘z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar.

Ammo ba’zi «ahli ilm»larning masjidda har kim xohlaganicha namoz o‘qishi mumkin, keksalarning yoshlar bilan ishi bo‘lmasin, asosiysi, qanaqa yo‘l bilan bo‘lsa ham namoz o‘qiyapti-ku, deya ixtiloflarga loqayd munosabatda bo‘lishlari oqim tarafdorlari tegirmoniga suv quydi. Ular yangi-yangi ziddiyatlarni avj oldiraverdilar, namozda oyoqni kerib turish, sunnat namozini o‘qimaslik, farz namozidan keyin boshqalar sunnatni o‘qiyotgan paytlarida o‘tirib olib, tasbeh aytish va hokazo yangiliklarni birin-ketin kiritaverdilar.

Muhtaram jamoat! Musulmonlar «Ahli Sunna val-Jamoa» sifatida biror-bir mazhabga ergashishlari lozim. Ammo ixtilof yuqorida zikr qilingan «ahli ilm»lar o‘ylaganidek, faqat namoz masalasida bo‘lib qolmadi, balki u mafkuraviy ziddiyatga aylanib ketdi. Oqim tarafdorlari hanafiy mazhabiga zid tarzda, o‘zgalarni kofirga chiqarish, Allohga shirk keltirishda asossiz ayblash kabi buzuq aqidalarni tarqata boshladilar.

Xo‘sh, oqim a’zolarining bundan maqsadlari nima edi? Nima uchun kofirlikda ayblash ular uchun kerak bo‘lib qoldi? Shu o‘rinda dunyodagi qo‘poruvchi oqimlar uchun xos bo‘lgan va bir-biriga bog‘liq ikki illat to‘g‘risida to‘xtalish o‘rinli:

  1. Kofirlikda ayblash.
  2. Kofirlarga qarshi kurash – urush e’lon qilish.

Bunday illatlar barcha buzg‘unchi oqimlarda uchraydi. Zero, buzg‘unchilar o‘z tarafdorlarini g‘oyaviy jihatdan boshqalardan ajratib olish maqsadida o‘ziga ergashmaganlarni kofir deb ayblaydilar. Vaholanki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida odamlarni «kofir» deb haqoratlashdan qaytarib shunday deganlar:

.(عن أبي هريرة رضي الله عنه قال قال النبي صلى الله عليه وسلم: "أيُّمَا رَجُلٍ قَالَ لِأَخِيهِ يَا كَافِرُ فَقَدْ بَاءَ بِهَا أحَدُهُمَا" (متفق عليه

ya’ni: “Biror kishi o‘z birodariga: “Ey kofir! desa, bu so‘z ikkalasidan biriga tegishli bo‘ladi”, dedilar, (ya’ni, agar kofirlikda ayblovga haq bo‘lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi, basharti haq bo‘lmasa, u holda o‘zi kofir bo‘ladi).

Shuningdek, buzg‘unchilari insonlar orasida fitna qo‘zg‘ash, parokandalikni yuzaga keltirish hamda shu orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishish uchun turli xil uslub va vositalardan foydalanmoqda. Shulardan biri, ma’lum bir davlatni «kufr diyori» deb atab, u yerdan «hijrat» qilish lozim, shuningdek, bunday «kufr diyorlari»ga qarshi urush olib borish kerak, degan g‘oyadir. Marhum Muhammad Ramazon Butiyning “Fihq as-siyra” kitobi 96-betida  hijrat qilish haqida shunday deyilgan: “Dorul-islomdan hijrat qilishning hukmi vojib, joiz va harom o‘rtasidadir. Vojib hijrat qaysiki, musulmon kishi namoz, ro‘za, azon va haj kabi islom arkonlarini ado etishi mumkin bo‘lmagan taqdirida bo‘ladi. Joiz hijrat esa musulmon kishi boshiga uni qiyin ahvolga solib qo‘yadigan balo ofat kelganda bo‘ladi. Shu hollarda unga boshqa joylarga hijrat qilishi joiz bo‘ladi. Ammo mumkin bo‘lmagan hijrat, bu musulmon kishining o‘ziga vojib bo‘lgan islom arkonlarini bajarishda beparvo bo‘lishga olib kelsa. Masalan, ota-onasi va oilasini nafaqa bilan taminlash kabi vojibotlar”.

Bundan maqsad o‘z yurtida tinch va osuda yashab turgan dili pok odamlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib, «sizlar noto‘g‘ri yo‘ldasizlar» deb, ularni o‘z yurtidan ketib, jangarilarga qo‘shilishlari uchun o‘ylab topilgan yolg‘on yo‘l sanaladi. Chunki Islom davlatiga o‘z armiyasini askarlar bilan to‘ldirish uchun yoshlar kerak, ular insoniy zahiralarini to‘ldirishlari darkor. Binobarin, mazkur buzg‘unchi tashkilot a’zolari hijratni o‘z qora maqsadlariga mos ravishda talqin qilib, masjidlarda jamoat bilan besh mahal namoz ado etilib turgan, musulmonlar islom arkonlariga emin-erkin amal qilib kelayotgan mamlakatlarni ham «dorul harb» (urush diyori) yoki «dorul kufr» (kufr diyori)ga chiqarmoqdalar.   

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining hidoyat yo‘lida bardavom aylasin. Alloh taoloning to‘g‘ri yo‘lidagi solih bandalari qatorida bo‘lib, turli firqa, adashgan oqim va zalolat yo‘llaridan barchamizni xifzu himoyasida saqlasin. Yaratganning O‘zi kelajagimiz, orzu umidimiz bo‘lmish yoshlarimizni turli yot g‘oya va fikrlardan uzoqda qilib, ilmu ma’rifat, odobu axloq fazilatlari bilan ziynatlasin. Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   44569   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari