1. ««Baqara» Qur’onning cho‘qqisidir, uning har bir oyati bilan saksonta farishta tushgan. «Baqara» surasining 255-oyati
اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ
Arsh ostidan chiqarilib, «Baqara»ga qo‘shilgan». (Imom Ahmad «Musnad»larida Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.)
2. «Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir».(Imom Ahmad va imom Hokimning «Musnad»larida Oisha onamizdan rivoyat qilingan)
3. Yaziyd ibn Asvad aytadi: «Kimki «Baqara» va «Oli Imron» suralarini kunduzi o‘qisa, to kechgacha munofiqlikdan omon bo‘ladi, kim u ikkisini kechasi o‘qisa, tong otguncha munofiqlikdan omon bo‘ladi». (Sa’iyd ibn Mansur, Bayhaqiy va Abu Ubayd rivoyat qilganlar.)
4. «Kim «Oli Imron» surasini o‘qisa, u boydir». (Dorimiy va Abu Ubayd ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.)
5. «Kishi kechaning oxirida o‘qiydigan «Oli Imron» surasi kambag‘alning qanday ham yaxshi xazinasidir». (Dorimiy, Abu Ubayd va Bayhaqiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan mavquf holatda rivoyat qilganlar.)
6. «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi. «Zahrovayn» (ikki gul) – «Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qinglar, chunki u ikkisi qiyomat kuni go‘yo ikki bulutdek, yoki ikki soyabondek, yoki saflangan qushlarning ikki bo‘lagidek bo‘lib, sohiblari haqida hujjat talashadi (bu shafoat qilinishining mubolag‘ali ifodasidir). «Baqara» surasini o‘qinglar, chunki uni olish baraka, tark qilish esa nadomatdir, unga sehrgarlar qodir bo‘lmaydi (yani o‘quvchisiga zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydi)». (Imom Muslim, imom Termiziy va boshqalar Abu Umoma Bohiliydan marfu’ holatda rivoyat qilganlar.)
7. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam elchilarni jo‘natdilar, ular bir necha nafar edilar. Ulardan Qur’on o‘qishlarini so‘radilar, ulardan har bir kishi o‘zi yodlagan Qur’onini o‘qidi, navbat yoshi ulug‘laridan bo‘lgan bir kishiga keldi. «Qancha Qur’on yodlagansan, ey Falonchi?» dedilar. U: «Falon, falon va «Baqara» surasini yodlaganman», dedi. «Baqara surasini yodlaganmisan?» dedilar.U:«Ha», dedi. «Bor, sen ularning amirisan», dedilar.Ulug‘laridan bo‘lgan bir kishi: «Allohga qasamki,«Baqara» surasini (tahajjud namozida) u bilan qoim bo‘la olmay qolishimdan qo‘rqqanim uchungina o‘rganmadim, ey Allohning Rasuli», dedi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Qur’onni o‘rganinglar, uni o‘qinglar va o‘qitinglar.Chunki uni o‘rgangan, o‘qigan va u bilan qoim bo‘lganuchun Qur’on misoli mushk to‘ldirilgan qopdir.Hidini hamma joyga taratadi(yani qorining ko‘ksi qop kabi, undagi Qur’on mushk kabidir.Agar Qur’onni o‘qisa, uning barokati undan uyiga va eshituvchilarga yetadi). Va Qur’onni o‘rganib, u qalbida bo‘lgan holatda yotgan odamning misoli mushk solinib, og‘zi yopib qo‘yilgan qopga o‘xshaydi». (Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan)
8. «Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «Kecha Sobit ibn Qays ibn Shumosning uyi chiroqlar bilan yarqirab turganini ko‘rmadingizmi?» deyilgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Balki u «Baqara» surasini o‘qigandir», dedilar. Sobitdan so‘ralgan edi, ««Baqara» surasini o‘qidim», dedi». (Ibn Kasir va boshqalarning «Tafsir»larida kelganidek, Abu Dovud mursal yo‘l bilan rivoyat qilganlar.)
9. Abu Munibdan, u amakisidan rivoyat qiladi: «Bir kishi «Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qidi. Namozini tugatganidan keyin Ka’b unga: ««Baqara» va «Oli Imron»ni o‘qidingmi?» dedi. U: «Ha», dedi. Ka’b: «Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, u ikkalasida agar u bilan duo qilinsa, ijobat bo‘ladigan Allohning ismi bor», dedi. U kishi: «Menga uning xabarini bering», dedi. Ka’b: «Yo‘q, Allohga qasamki, senga uning xabarini bermayman. Agar xabarini bersam, u bilan men ham, sen ham halok bo‘ladigan bir duoni qilishing mumkin», dedi. (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 126-bet)
10. Sulaym ibn Omirdan rivoyat qilinadi: «U Abu Umomaning «Birodaringizga tushida tog‘dagi uzun, notekis yoriq oralig‘ida insonlarning ketayotgani, tog‘ning tepasida ikkita yashil daraxt: «Orangizda «Baqara» surasini o‘qigan bormi? Orangizda «Oli Imron» surasini o‘qigan bormi?» deb nido qilayotgani, agar bir kishi «Ha», desa, to osilgunicha unga yashil shoxlari bilan yaqinlashib, uni tog‘dan o‘tkazib qo‘yayotgani ko‘rindi», deyayotganini eshitdi. (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 126-bet)
11. Abu Imrondan rivoyat qilinadi. U Ummu Dardoning shunday deyayotganini eshitdi: «Qur’on yodlaganlardan bo‘lgan bir kishi qo‘shnisinikiga bostirib kirib, uni o‘ldirdi. Qasos olinib, o‘zi ham o‘ldirildi. Qur’on undan surama-sura chiqib keta boshladi, «Baqara» va «Oli Imron» suralari to‘laligicha qoldi. So‘ngra «Oli Imron» undan chiqib ketdi va «Baqara» surasining o‘zi to‘laligicha qoldi. Unga:
مَا يُبَدَّلُ الْقَوْلُ لَدَيَّ وَمَا أَنَا بِظَلَّامٍ لِلْعَبِيدِ
«Mening huzurimda so‘z o‘zgarmas va Men bandalarga zulm qiluvchi emasman» (Qof surasi 29-oyat) deyildi. U («Baqara» surasi) go‘yo ulkan bulutdek bo‘lib chiqib ketdi».
Abu Ubayd aytadi: «O‘ylaymanki, «Baqara» va «Oli Imron» suralari uni muhofaza qilib va unga ulfat bo‘lib, qabrida birga bo‘ldi. Va ikkalasi u bilan qolgan Qur’on suralaridan oxirgisi bo‘ldi». (Abu Ubayd, «Fazoilul Qur’on», 127-bet)
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.