Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Alloh mo‘minlarga rahmli zot

24.07.2016   19415   16 min.
Alloh mo‘minlarga rahmli zot

 

عن ابن عمر رضى الله عنهما قال: قال سمعتُ رسولَ الله صلى الله عليه وسلم يقولُ: " إنَّ الله يدنى المؤمن فيضعُ عليهِ كنفَهُ ويستُرهُ فيقولُ: أتعرِفُ ذَنبَ كذا أتعرِفُ ذنبَ كذا؟ فيقولُ: نعم أى ربِّ، حتى إذا قرَّرهُ بذنوبهِ، ورأى فى نفسه أنه قد هلك قال سترتُها عليك فى الدنيا، وأنا أغفُرها لك اليومَ، فيعطى كتابَ حسناتهِ، وأما الكافرُ والمنافقُ فيقولُ الأشهادُ : هولاء الذينَ كذَبوا على ربهمْ ألا لعنة الله على الظالمينَ".

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh (Qiyomat kuni) mo‘minni o‘ziga yaqinlashtirib, bir tomonini qo‘yib to‘sadi-da, falon gunohingni va piston gunohingni bilasanmi?- deydi. U mo‘min: “Ha, ey Rabbim! deb gunohlariga iqror bo‘ladi. U halok bo‘ldim, deb o‘ylaydi. Shunda Alloh taolo unga qarata: “Dunyodagi hayotingda o‘sha gunohingni yashirganim kabi bu kunda ham o‘sha gunohlaringni kechiraman”,- deb yaxshiliklar kitobini beriladi. Ammo kofir yoki munofiq kimsaga “Guvohlar”: “Unday kimsalar (qiyomat kunida) Parvardigorlariga ro‘baro‘ qilinurlar va barcha guvoh: “Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar” deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur”, deydi. (Hud-18)

Sharh: Ibn Umar (roziyallohu anhu) ketayotsalar bir kishi yo‘lda unga yo‘liqib: “Qiyomat kuni banda bilan Rabb o‘rtasida bo‘ladigan so‘zlashuv haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan biror narsa eshitganmisiz?” degan edi, Ibn Umar (roziyallohu anhu): Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan mana shu hadisni eshitganman, deb yuqoridagi hadisni zikr qildilar.

Bu hadisda Ibn Umar (roziyallohu anhu) Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan eshitgan ikki qo‘rqinchli mavqe’ni aytmoqdalar.

Birinchi mavqe’: Alloh mo‘min bandaga yaqinlashib, uni to‘siq bilan ihota va berkitib sir qilgan holda: “Sen falon kuni, falon joyda sodir etgan gunohingni eslaysanmi?”- desa, mo‘min kishi titrab, hijolat chekkan holda: “Ha ey Rabbim, eslayman”, deydi. Yana Alloh taolo: “Ana bu gunohingni eslaysanmi?" -desa mo‘minni xavfi kuchayib, qalbi ag‘darilgan holda: “Ha, ey Rabbim eslayman”, deydi. Mana shu kabi Alloh mo‘min bandasiga gunohlarini sanayverganidan banda iztirobda gunohlariga iqror bo‘laveradi. Bu qo‘rqinchli holat davom etavergach, u mo‘min gunohiga yarasha azoblanishga aniq ishonib qoladi. U sodir etgan gunohi sababli aniq halok bo‘lguvchiman, deb fikr qilib turganida, gunohlarni kechiruvchi mehribon bo‘lgan Rahim Zot Alloh nido qilib: “Ey bandam! Men seni dunyodalik paytingda gunohingni berkitgan edim. Bugun esa gunohingni kechiraman. Ey farishtalarim, unga yaxshiliklar kitobini beringlar va jannatga eltinglar”, deydi.

Ikkinchi mavqe’: kofir va munofiqlarning mavqe’si bo‘lib, ularni peshonalaridan tutib, saf ichiga kiritib, xuddi hayvonni bo‘g‘izlash o‘rniga olib borilgani kabi olib boriladi. U yerdagilar u kimsaga qarab turishadi. Shu holda uni adolat mahkamasiga olib boriladi, u Alloh huzurida noumid bo‘lib turadi. Rabbisi: “Senga ne’mat bermaganmidim? Senga elchi jo‘natmaganmidim? Unday va bunday narsalarni bermaganmidim? Mendan hayo qilmasdan yomonlik qilish bilan kurashding-a? Yaxshiliklarni ato qilsam ham Mendan boshqaga ibodat qilding-a? Falon kuni falon narsa qilganding-a?” deydi. Kofir yoki munofiq kimsa o‘ng tomoniga qaraydi. Do‘zaxdan boshqa narsa ko‘rmaydi. Atrofini azob beruvchi, qo‘pol farishtalar o‘rab oladi. U “Ey Rabbim nafsimga ijozat bermasam ham guvohlik bermoqdaku? deydi. Alloh taolo: “Bugun o‘z nafsing o‘zingga qarshi yetarli hisob-kitob qilguvchidir”- deb, og‘ziga muhr urib qo‘yiladi. A’zolariga so‘zla! deyiladi. U gunoh va xatolarini so‘zlaydi. Keyin u bilan so‘zi o‘rtasini holi qilib qo‘yiladi. A’zosi: “Senga or bo‘lsin, men bilan doim kurashar eding. Mana endi adolatli podshoh tomonidan hukm farishtalarga berilmoqda. “Uni ushlab kishanlanglar. So‘ngra do‘zaxga tashlanglar. So‘ngra uzunligi yetmish gaz bo‘lgan zanjirga solib bog‘langlar.(Al-haqqo surasi,30-32- oyatlar), deyiladi. U yerda guvoh bo‘lganlar “Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar” deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur” (Hud surasi, 18- oyat), deb aytishadi.

Yaratgan Rabbimizning mehribonchiligi naqadar ulug‘! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Allohning ulug‘ sifatlari bilan xulqlaninglar!”-deb marhamat qilganlar. Ha azizlar, kelinglar o‘zaro kechirimli, bag‘rikeng va oliyjanob bo‘lib yashaylik.

Jaloliddin Hamroqulov

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   20969   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari