عن ابن عمر رضى الله عنهما قال: قال سمعتُ رسولَ الله صلى الله عليه وسلم يقولُ: " إنَّ الله يدنى المؤمن فيضعُ عليهِ كنفَهُ ويستُرهُ فيقولُ: أتعرِفُ ذَنبَ كذا أتعرِفُ ذنبَ كذا؟ فيقولُ: نعم أى ربِّ، حتى إذا قرَّرهُ بذنوبهِ، ورأى فى نفسه أنه قد هلك قال سترتُها عليك فى الدنيا، وأنا أغفُرها لك اليومَ، فيعطى كتابَ حسناتهِ، وأما الكافرُ والمنافقُ فيقولُ الأشهادُ : هولاء الذينَ كذَبوا على ربهمْ ألا لعنة الله على الظالمينَ".
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh (Qiyomat kuni) mo‘minni o‘ziga yaqinlashtirib, bir tomonini qo‘yib to‘sadi-da, falon gunohingni va piston gunohingni bilasanmi?- deydi. U mo‘min: “Ha, ey Rabbim! deb gunohlariga iqror bo‘ladi. U halok bo‘ldim, deb o‘ylaydi. Shunda Alloh taolo unga qarata: “Dunyodagi hayotingda o‘sha gunohingni yashirganim kabi bu kunda ham o‘sha gunohlaringni kechiraman”,- deb yaxshiliklar kitobini beriladi. Ammo kofir yoki munofiq kimsaga “Guvohlar”: “Unday kimsalar (qiyomat kunida) Parvardigorlariga ro‘baro‘ qilinurlar va barcha guvoh: “Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar” deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur”, deydi. (Hud-18)
Sharh: Ibn Umar (roziyallohu anhu) ketayotsalar bir kishi yo‘lda unga yo‘liqib: “Qiyomat kuni banda bilan Rabb o‘rtasida bo‘ladigan so‘zlashuv haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan biror narsa eshitganmisiz?” degan edi, Ibn Umar (roziyallohu anhu): Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan mana shu hadisni eshitganman, deb yuqoridagi hadisni zikr qildilar.
Bu hadisda Ibn Umar (roziyallohu anhu) Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan eshitgan ikki qo‘rqinchli mavqe’ni aytmoqdalar.
Birinchi mavqe’: Alloh mo‘min bandaga yaqinlashib, uni to‘siq bilan ihota va berkitib sir qilgan holda: “Sen falon kuni, falon joyda sodir etgan gunohingni eslaysanmi?”- desa, mo‘min kishi titrab, hijolat chekkan holda: “Ha ey Rabbim, eslayman”, deydi. Yana Alloh taolo: “Ana bu gunohingni eslaysanmi?" -desa mo‘minni xavfi kuchayib, qalbi ag‘darilgan holda: “Ha, ey Rabbim eslayman”, deydi. Mana shu kabi Alloh mo‘min bandasiga gunohlarini sanayverganidan banda iztirobda gunohlariga iqror bo‘laveradi. Bu qo‘rqinchli holat davom etavergach, u mo‘min gunohiga yarasha azoblanishga aniq ishonib qoladi. U sodir etgan gunohi sababli aniq halok bo‘lguvchiman, deb fikr qilib turganida, gunohlarni kechiruvchi mehribon bo‘lgan Rahim Zot Alloh nido qilib: “Ey bandam! Men seni dunyodalik paytingda gunohingni berkitgan edim. Bugun esa gunohingni kechiraman. Ey farishtalarim, unga yaxshiliklar kitobini beringlar va jannatga eltinglar”, deydi.
Ikkinchi mavqe’: kofir va munofiqlarning mavqe’si bo‘lib, ularni peshonalaridan tutib, saf ichiga kiritib, xuddi hayvonni bo‘g‘izlash o‘rniga olib borilgani kabi olib boriladi. U yerdagilar u kimsaga qarab turishadi. Shu holda uni adolat mahkamasiga olib boriladi, u Alloh huzurida noumid bo‘lib turadi. Rabbisi: “Senga ne’mat bermaganmidim? Senga elchi jo‘natmaganmidim? Unday va bunday narsalarni bermaganmidim? Mendan hayo qilmasdan yomonlik qilish bilan kurashding-a? Yaxshiliklarni ato qilsam ham Mendan boshqaga ibodat qilding-a? Falon kuni falon narsa qilganding-a?” deydi. Kofir yoki munofiq kimsa o‘ng tomoniga qaraydi. Do‘zaxdan boshqa narsa ko‘rmaydi. Atrofini azob beruvchi, qo‘pol farishtalar o‘rab oladi. U “Ey Rabbim nafsimga ijozat bermasam ham guvohlik bermoqdaku? deydi. Alloh taolo: “Bugun o‘z nafsing o‘zingga qarshi yetarli hisob-kitob qilguvchidir”- deb, og‘ziga muhr urib qo‘yiladi. A’zolariga so‘zla! deyiladi. U gunoh va xatolarini so‘zlaydi. Keyin u bilan so‘zi o‘rtasini holi qilib qo‘yiladi. A’zosi: “Senga or bo‘lsin, men bilan doim kurashar eding. Mana endi adolatli podshoh tomonidan hukm farishtalarga berilmoqda. “Uni ushlab kishanlanglar. So‘ngra do‘zaxga tashlanglar. So‘ngra uzunligi yetmish gaz bo‘lgan zanjirga solib bog‘langlar.” (Al-haqqo surasi,30-32- oyatlar), deyiladi. U yerda guvoh bo‘lganlar “Mana shular Parvardigor sha’niga yolg‘on so‘zlarini so‘zlaganlar” deydilar. Ogoh bo‘lingizkim, bunday zolimlarga Allohning la’nati bo‘lur” (Hud surasi, 18- oyat), deb aytishadi.
Yaratgan Rabbimizning mehribonchiligi naqadar ulug‘! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Allohning ulug‘ sifatlari bilan xulqlaninglar!”-deb marhamat qilganlar. Ha azizlar, kelinglar o‘zaro kechirimli, bag‘rikeng va oliyjanob bo‘lib yashaylik.
Jaloliddin Hamroqulov
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV