Qur’oni karim tilovati haqlaridan biri sajda oyatlarini o‘qiganda sajda qilishlik. Bu alohida ibodat hisoblanadi.
عن ابي هريرة رضي الله عنه قال قال رسول الله صلي الله عليه وسلم:إذَا قَرَأَ ابْنُ آدَمَ السَّجْدَةَ وَسَجَدَ اعْتَزَلَ الشَّيْطَانُ يَبْكِي ، فَيَقُولُ : يَا وَيْلَهُ أُمِرَ ابْنُ آدَمَ بِالسُّجُودِ فَسَجَدَ فَلَهُ الْجَنَّةُ ، وَأُمِرْت بِالسُّجُودِ فَأَبَيْت فَلِيَ النَّارُ. رواه مسلم
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar Odam farzandi sajda oyatini o‘qib sajda qilsa, Shayton yig‘lab shunday deydi: “Azob bo‘lsin! Odam farzandi sajdaga buyurilgandi, sajda qildi, unga jannat bo‘ladi. Men sajdaga buyurilgandim, bosh torttim, menga do‘zax bo‘ladi”. (Imom Muslim rivoyati.)
Ulamolar tilovat sajdasiga amr qilinganligiga ijmo’ qilganlar. Bizning hanafiy mazhabimizda ushbu amr vujub uchundir. Ya’ni tilovat sajdasini qilish vojibdir. Bunga hanafiy ulamolar o‘z kitoblarida yetarlicha dalillar keltirganlar.
Lekin Ahmad, Molik, Avzo’iy, Lays va Shofe’iy rohimahullohlar uni mustahab deb aytadilar. Ular Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni juma kuni minbarda Nahl surasini qiroat qilib, sajda oyatiga kelganlarida minbardan tushib insonlar bilan sajda qilganliklarini, kelasi juma esa o‘sha surani qiroat qilib, sajda oyatiga kelganlarida: “Ey insonlar! Sajdalardan o‘tamiz. Kim sajda qilsa to‘g‘ri topibdi. Kim sajda qilmasa unga gunoh yo‘qdir”, deb, sajda qilmaganliklarini dalil qiladilar. (Buxoriy rivoyati.)
Umar roziyallohu anhuning “Kim sajda qilsa” degan so‘zlarining ma’nosi “tilovatni eshitgandan keyinoq tezda sajda qilsa” degan ma’noda. Chunki bir rivoyatda: “Alloh taolo bizga sajda qilishni faqatgina o‘zimiz xohlagan vaqtda qilishimizni farz qildi” deb kelgan. Demak ushbu hadis hanafiylarning foydasiga dalil bo‘ladi.
Tilovat sajdalarining adadi va ularning o‘rinlari
Uning adadi jumhur ixtiyor etgan so‘zga ko‘ra o‘n to‘rtadir. Ular quyidagilar:
1. A’rof surasining oxirgi oyati
2. Ra’d surasining 15-oyati
3. Nahl surasining 50-oyati
4. Isro surasining 109-oyati
5. Maryam surasining 58-oyati
6. Haj surasining 18-oyati
7. Furqon surasining 60-oyati
8. Naml surasining 26-oyati
9. Sajda surasining 15-oyati
10. Sod surasining 24-oyati
11. Fussilat surasining 38-oyati
12. Najm surasining oxirgi oyati
13. Inshiqoq surasining 21-oyati
14. Alaq surasining oxirgi oyati
Shofe’iy mazhabida esa Sod surasining sajdasi mustahab, ta’kidlangan sajdalardan hisoblanmaydi. Haj surasining 77-oyatida esa sajda oyati deydilar.
ثبت في صحيح البخاري عن ابن عباس رضي الله عنهما قال صلَيست مِنْ عَزَائِمِ السُّجُودِ ، وَقَدْ رَأَيْتُ النَّبِي صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ سَجَدَ فِيهَا
Sahihul Buxoriyda Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan quyidagi rivoyatni dalil qiladilar. U kishi shunday dedilar: “Sod (ning sajdasi) ta’kidlangan sajdalardan emas. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallamni unda sajda qilganlarini ko‘rdim”.
Ahmad rohimahullohdan ikki rivoyat bor: birinchisi, Shofe’iy rohimahulloh aytganlaridek, ikkinchisi esa ularni o‘n beshta deydilar va Sod surasini sajdasini unga qo‘shadilar. Bu shofe’iylardan Abul Abbos ibn Surayj[1] va Abu Is'hoq Marvaziylarning[2] so‘zidir. Imom Molikdan ham ikki rivoyat mavjud: birinchisi, Imom Shofe’iy aytganlaridek. Ikki rivoyatning mashhurrog‘i o‘n bittadir. Najm, Inshiqoq va Alaq suralari sajdalarini chiqarib yuboradilar.
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, Sod surasining 24-oyati ta’kidlangan sajda oyati hisoblanadi. Haj surasining 77-oyati esa sajda oyati hisoblanmaydi, balki undan namozdagi sajda iroda qilingan. Buyuk alloma bobokalonimiz Abul Barakot Nasafiy ushbu oyat tafsirida bu sajda oyatini namozdagi sajda deb aytganlar.
Ushbu oyatlar sajdalarining o‘rni borasida Fussilat surasidagi sajda oyatining o‘rnidan boshqa aytarli ixtilof mavjud emas. Chunki ulamolar ushbu sajda borasida ixtilof qilganlar. Bir qancha ulamolar sajdani وَهُمْ لَا يَسْأَمُونَoyatio‘qilgandan keyin qiladi deydilar. Bu Abu Hanifa, Shofe’iy, Sa’id ibn Musayyab[3], Muhammad ibn Sirin, Abu Voil, Sufyoni Savriy, Ahmad va Is'hoq ibn Rohavayhlarning[4] tutgan yo‘llari. Boshqalar esa ushbu sajda إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَoyatidan keyin deganlar. Buni Ibn Munzir Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Hasani Basriy, Abdulloh ibn Mas’udning as'hoblari, Ibrohim Naxa’iy, Abu Solih, Talha ibn Musarrif, Zubayd ibn Horis[5], Molik ibn Anas va Lays ibn Sa’dlardan[6] rivoyat qilgan. Bag‘aviy buni “Tahzib”da zikr qilgan.
Naml surasining sajdasi رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِdan keyin qilinadi.
Tilovat sajdasini tahoratli holda va najosatdan pok bo‘lib, qiblaga yuzlanib, avratni to‘sib ado qilinadi. Badanida yoki kiyimida afv miqdoridan ko‘proq najosat bo‘lgan va tahoratsiz bo‘lgan insonga sajda qilish joiz emas.
"Novza" jome’ masjidi imom-xatibi
Toshkent islom instituti kafedra mudiri
[1] Ahmad ibn Amr ibn Surayj Abul Abbos Bog‘dodiy. She’rozda qozilik vazifasini bajargan. Va ko‘p asarlar yozgan. Ulardan: “Al-aqsom fi furu’il fiqhish-Shofe’iy”, “Al-vadoe’ linususish sharoe’”, Hijriy 306-yilda ellik yetti yilda vafot etgan.
[2]Ibrohim ibn Ahmad. Abu Zayd Marvaziyning ustozi. Muxtasarul Muzaniyni sharh qilgan. Usul qoidalari va kitoblar ta’lif qilgan. Misrga ko‘chib borib u yerda vafot etgan. 340 h. yil 9-rajabda vafot etganlar va Imom Shofe’iy maqbaralari oldiga dafn qilingan.
[3]Imom Said ibn Musayyab ibn Hazn ibn Abu Vahb Qurashiy Maxzumiy Madaniy, kunyasi Abu Muhammad. Shubhasiz Madina ahlini olimi edi. Hazrati Umar xalifalik davrida tavallud topgan. Ibn Madiniy bu kishi haqida shunday deydilar: “Men tobe’inlar orasida bu kishidan olimroq insonni ko‘rmadim. U kishi meni nazdimda tobe’inlarning eng ulug‘ kishisi”. Hijriy 94-yilda 80 yoshida vafot etgan.
[4]Is'hoq ibn Ibrohim ibn Muxallad Marvaziy. Hijriy 161-yilda tug‘ilgan. Ahmad ibn Hanbalning yaqini, mujtahid, siqa(ishonchli) hofizlardan. Nishopurda yashab, u yerda hijriy 238-yilda vafot etgan.
[5]Abu Abdurahmon Zubayd ibn Horis ibn Amr ibn Ka’b Yomiy Ko‘fiy. Ibodatgo‘y, siqa(ishonchli) sobit insonlardan. Hijriy 122-yilda vafot etgan.
[6]Abul Horis Lays ibn Sa’d ibn Abdurrahmon Misriy. Hijriy 94-yilda tug‘ilgan. Misr diyorining ulug‘ olimi, siqa(ishonchli) muhaddis va mashhur faqihlardan. Amir noibi va qozilar ubilan mashvarat qilardi. Hijriy 175-yilda vafot etgan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Shunga ko‘ra muhaddis ulamolar o‘z asarlariga “Tafsir kitobi” va “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Sahihi Buxoriy” asarida “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” degan alohida bo‘lim qilib, unda tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, u kishi bilan bir davrda yashagan Imom Muslim rahmatullohi alayhning “Sahihi Muslim” asarida ham “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” nomli sakkizta bobdan iborat kichik bo‘lim ajratilgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining “Jome’ at-Termiziy” asarida “Kitabu tafsir al-Qur’an” ya’ni, “Qur’on tafsiri kitobi” degan nom ostida Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri haqidagi hadislarni keltirgan.
Imom Nasoiy rahmatullohi alayh “Sunan al-Kubro” asarida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, hadis asarlarida “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan. Jumladan, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Sahihul Buxriy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini va Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining Jome’ at-Termiziy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini keltirishib, unda Qur’oni karim suralarining fazilatiga oid hadislarni bayon qilishgan. Jumladan, Falaq va Nas suralari haqida ham ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lib, ularni qisqacha bayon qilamiz.
Suralarning nomlanish sababi
Nas surasining birinchi oyati “Qul a’uzu birobbin naas” (Odamlar Robbisidan panoh so‘rayman) oyati bilan boshlangan. “Nas” so‘zi bu oyatda besh marta zikr qilingan. Shu e’tibordan bu sura “Nas” deb nomlangan. “Nas” so‘zi “odamlar”, degan ma’noni anglatadi.
Falaq surasiga o‘zining birinchi oyatidagi “falaq” so‘zi nom bo‘lib qolgan. “Falaq” so‘zi lug‘atda “yorish ma’nosini bildiradi. Bu surada “Falaq” so‘zi subh-tong ma’nosida kelgan. Tong kechani yorib boshlagani uchun shu nom bilan ham ataladi.[1]
Bu ikki sura birgalikda “Mu’avvizatayn”, “Ikki panoh so‘rovchi” deb nomlanadi. Chunki, ikki sura ham “a’uzu” (panoh so‘rayman) so‘zi bilan boshlanadi.
Suralarning fazilati
Hadisi shariflarda ushbu suralarning fazilati bayon qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolsalar, o‘zlariga mu’avvizotni o‘qib, dam solar edilar. (Vafotlaridan oldingi) og‘riqlari kuchayganda esa men o‘zim u zotga o‘qib, barakotidan umid qilib, o‘z qo‘llari bilan silar edim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotganlarida ikki kaftlarini jamlab, ularga “Qul huvallohu ahad”, Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnas” larni o‘qib, dam solib, badanlarining (qo‘llari) yetgan joyigacha silar edilar. Avval boshlari va yuzlaridan boshlardilar. Keyin badanlarining old tarafiga (o‘tardilar). Buni uch marta qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashdim, vaholanki u zot ulovda edilar. Ikki qo‘limni u zotning ikki oyoqlariga qo‘yib: “Menga Yusuf surasini o‘qiting”, dedim. Shunda u zot: “Sen Allohning huzurida “Qul a’uzu birobbil falaq” dan ko‘ra yetukroq biror narsani hargiz o‘qiy olmaysan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Abdulloh ibn Xubayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechga kirishingda ham, tongga kirishingda ham “Qul huvallohu ahad” va “mu’avvizatayn” ni uch marta o‘qi, (shunda) u senga har bir narsadan kifoya qiladi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Juhfa va Abvo orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurib borardim. Bizni yomg‘ir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, bilan panoh so‘ray boshladilarda: “Ey Uqba, ikkovi bilan panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkovichalik narsa bilan panoh tilamagan”, dedilar.So‘ngra u zotdan bizga imom bo‘lib, namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech ko‘rilmagan. “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur’onning ma’nolarini mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafolatini Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 17-19-oyatlar).
Sahobai kiromlar Qur’oni karimni tafsir qilishda biror muammoga duch kelsalar, darhol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyatlarning maxfiy, nozik joylarini tushuntirib berardilar. Chunki u Zotning asosiy vazifalari shu edi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan:
“Va sizga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).
Shunga ko‘ra u zot Qur’oni karim ma’nolarini o‘z hadislarida bayon qilib berganlar.
Shokirjon MADAMINOV
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Oltinchi juz. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2008. – B.565.