Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2026   |   7 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
22 Iyun, 2026, 7 Muharram, 1448

Tilovat sajdasi

23.07.2016   31766   27 min.
Tilovat sajdasi

Qur’oni karim tilovati haqlaridan biri sajda oyatlarini o‘qiganda sajda qilishlik. Bu alohida ibodat hisoblanadi.

 

عن ابي هريرة رضي الله عنه قال قال رسول الله صلي الله عليه وسلم:إذَا قَرَأَ ابْنُ آدَمَ السَّجْدَةَ وَسَجَدَ اعْتَزَلَ الشَّيْطَانُ يَبْكِي ، فَيَقُولُ : يَا وَيْلَهُ أُمِرَ ابْنُ آدَمَ بِالسُّجُودِ فَسَجَدَ فَلَهُ الْجَنَّةُ ، وَأُمِرْت بِالسُّجُودِ فَأَبَيْت فَلِيَ النَّارُ. رواه مسلم

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar Odam farzandi sajda oyatini o‘qib sajda qilsa, Shayton yig‘lab shunday deydi: “Azob bo‘lsin! Odam farzandi sajdaga buyurilgandi, sajda qildi, unga jannat bo‘ladi. Men sajdaga buyurilgandim, bosh torttim, menga do‘zax bo‘ladi”. (Imom Muslim rivoyati.)

 

Ulamolar tilovat sajdasiga amr qilinganligiga ijmo’ qilganlar. Bizning hanafiy mazhabimizda ushbu amr vujub uchundir. Ya’ni tilovat sajdasini qilish vojibdir. Bunga hanafiy ulamolar o‘z kitoblarida yetarlicha dalillar keltirganlar.

 

Lekin Ahmad, Molik, Avzo’iy, Lays va Shofe’iy rohimahullohlar uni mustahab deb aytadilar. Ular Umar ibn Xattob roziyallohu anhuni juma kuni minbarda Nahl surasini qiroat qilib, sajda oyatiga kelganlarida minbardan tushib insonlar bilan sajda qilganliklarini, kelasi juma esa o‘sha surani qiroat qilib, sajda oyatiga kelganlarida: “Ey insonlar! Sajdalardan o‘tamiz. Kim sajda qilsa to‘g‘ri topibdi. Kim sajda qilmasa unga gunoh yo‘qdir”, deb, sajda qilmaganliklarini dalil qiladilar. (Buxoriy rivoyati.)

 

Umar roziyallohu anhuning “Kim sajda qilsa” degan so‘zlarining ma’nosi “tilovatni eshitgandan keyinoq tezda sajda qilsa” degan ma’noda. Chunki bir rivoyatda: “Alloh taolo bizga sajda qilishni faqatgina o‘zimiz xohlagan vaqtda qilishimizni farz qildi” deb kelgan. Demak ushbu hadis hanafiylarning foydasiga dalil bo‘ladi.

 

 Tilovat sajdalarining adadi va ularning o‘rinlari

 

Uning adadi jumhur ixtiyor etgan so‘zga ko‘ra o‘n to‘rtadir. Ular quyidagilar:

 

1.                        A’rof surasining oxirgi oyati

 

2.                        Ra’d surasining 15-oyati

 

3.                        Nahl surasining 50-oyati

 

4.                        Isro surasining 109-oyati

 

5.                        Maryam surasining 58-oyati

 

6.                        Haj surasining 18-oyati

 

7.                        Furqon surasining 60-oyati

 

8.                        Naml surasining 26-oyati

 

9.                        Sajda surasining 15-oyati

 

10.                    Sod surasining 24-oyati

 

11.                    Fussilat surasining 38-oyati

 

12.                    Najm surasining oxirgi oyati

 

13.                    Inshiqoq surasining 21-oyati

 

14.                    Alaq surasining oxirgi oyati

 

Shofe’iy mazhabida esa Sod surasining sajdasi mustahab, ta’kidlangan sajdalardan hisoblanmaydi. Haj surasining 77-oyatida esa sajda oyati deydilar.

 

ثبت في صحيح البخاري عن ابن عباس رضي الله عنهما قال صلَيست مِنْ عَزَائِمِ السُّجُودِ ، وَقَدْ رَأَيْتُ النَّبِي صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم َ سَجَدَ فِيهَا

 

Sahihul Buxoriyda Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan quyidagi rivoyatni dalil qiladilar. U kishi shunday dedilar: “Sod (ning sajdasi) ta’kidlangan sajdalardan emas. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallamni unda sajda qilganlarini ko‘rdim”.

 

Ahmad rohimahullohdan ikki rivoyat bor: birinchisi, Shofe’iy rohimahulloh aytganlaridek, ikkinchisi esa ularni o‘n beshta deydilar va Sod surasini sajdasini unga qo‘shadilar. Bu shofe’iylardan Abul Abbos ibn Surayj[1] va Abu Is'hoq Marvaziylarning[2] so‘zidir. Imom Molikdan ham ikki rivoyat mavjud: birinchisi, Imom Shofe’iy aytganlaridek. Ikki rivoyatning mashhurrog‘i o‘n bittadir. Najm, Inshiqoq va Alaq suralari sajdalarini chiqarib yuboradilar.

 

Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, Sod surasining 24-oyati ta’kidlangan sajda oyati hisoblanadi. Haj surasining 77-oyati esa sajda oyati hisoblanmaydi, balki undan namozdagi sajda iroda qilingan. Buyuk alloma bobokalonimiz Abul Barakot Nasafiy ushbu oyat tafsirida bu sajda oyatini namozdagi sajda deb aytganlar.

 

Ushbu oyatlar sajdalarining o‘rni borasida Fussilat surasidagi sajda oyatining o‘rnidan boshqa aytarli ixtilof mavjud emas. Chunki ulamolar ushbu sajda borasida ixtilof qilganlar. Bir qancha ulamolar sajdani وَهُمْ لَا يَسْأَمُونَoyatio‘qilgandan keyin qiladi deydilar. Bu Abu Hanifa, Shofe’iy, Sa’id ibn Musayyab[3], Muhammad ibn Sirin, Abu Voil, Sufyoni Savriy, Ahmad va Is'hoq ibn Rohavayhlarning[4] tutgan yo‘llari. Boshqalar esa ushbu sajda إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَoyatidan keyin deganlar. Buni Ibn Munzir Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Hasani Basriy, Abdulloh ibn Mas’udning as'hoblari, Ibrohim Naxa’iy, Abu Solih, Talha ibn Musarrif, Zubayd ibn Horis[5], Molik ibn Anas va Lays ibn Sa’dlardan[6] rivoyat qilgan.  Bag‘aviy buni “Tahzib”da zikr qilgan.

 

Naml surasining sajdasi رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِdan keyin qilinadi.

 

Tilovat sajdasini tahoratli holda va najosatdan pok bo‘lib, qiblaga yuzlanib, avratni to‘sib ado qilinadi. Badanida yoki kiyimida afv miqdoridan ko‘proq najosat bo‘lgan va tahoratsiz bo‘lgan insonga sajda qilish joiz emas.

 

Jaloliddin Hamroqulov

 "Novza" jome’ masjidi imom-xatibi

 Toshkent islom instituti kafedra mudiri

 

 

 

 

 


 


 

[1] Ahmad ibn Amr ibn Surayj Abul Abbos Bog‘dodiy. She’rozda qozilik vazifasini bajargan. Va ko‘p asarlar yozgan. Ulardan: “Al-aqsom fi furu’il fiqhish-Shofe’iy”, “Al-vadoe’ linususish sharoe’”, Hijriy 306-yilda ellik yetti yilda vafot etgan.

 

[2]Ibrohim ibn Ahmad. Abu Zayd Marvaziyning ustozi. Muxtasarul Muzaniyni sharh qilgan. Usul qoidalari va kitoblar ta’lif qilgan. Misrga ko‘chib borib u yerda vafot etgan. 340 h. yil 9-rajabda vafot etganlar va Imom Shofe’iy maqbaralari oldiga dafn qilingan.

 

[3]Imom Said ibn Musayyab ibn Hazn ibn Abu Vahb Qurashiy Maxzumiy Madaniy, kunyasi Abu Muhammad. Shubhasiz Madina ahlini olimi edi. Hazrati Umar xalifalik davrida tavallud topgan. Ibn Madiniy bu kishi haqida shunday deydilar: “Men tobe’inlar orasida bu kishidan olimroq insonni ko‘rmadim. U kishi meni nazdimda tobe’inlarning eng ulug‘ kishisi”. Hijriy 94-yilda 80 yoshida vafot etgan.

 

[4]Is'hoq ibn Ibrohim ibn Muxallad Marvaziy. Hijriy 161-yilda tug‘ilgan. Ahmad ibn Hanbalning yaqini, mujtahid, siqa(ishonchli) hofizlardan. Nishopurda yashab, u yerda hijriy 238-yilda vafot etgan.

 

[5]Abu Abdurahmon Zubayd ibn Horis ibn Amr ibn Ka’b Yomiy Ko‘fiy. Ibodatgo‘y, siqa(ishonchli) sobit insonlardan. Hijriy 122-yilda vafot etgan.

 

[6]Abul Horis Lays ibn Sa’d  ibn Abdurrahmon Misriy. Hijriy 94-yilda tug‘ilgan. Misr diyorining ulug‘ olimi, siqa(ishonchli) muhaddis va mashhur faqihlardan. Amir noibi va qozilar ubilan mashvarat qilardi. Hijriy 175-yilda vafot etgan.

 

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi – Navoiy viloyatidagi Deggaron masjidi

22.06.2026   1306   1 min.
Islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi – Navoiy viloyatidagi Deggaron masjidi

Navoiy viloyati hududida joylashgan qadimgi Hazora qishlog‘idagi me’moriy yodgorlik – Deggaron masjidi VII–IX asrlarda qurilgan bino o‘rniga XI asrda bunyod etilgan.

 

Bu Navoiy viloyatida topilgan masjidlardan eng qadimgisi. Keyinchalik, masjid, sopol qozon yasovchilar mahallasi guzarida joylashgani uchun «Deggaron masjidi» deb nomlangan. O‘rta asrlarda Hazora o‘rtacha shahar sifatida mashhur edi. Yonida esa bir kanal qazilgani eski arab manbalarida zikr etilgan. Shahar Buxoro vohasining «Ulkan cho‘l» bilan chegarasida qo‘riqlash funksiyalarini bajargan va «Kampir duvol» deb atalmish eski fortifikatsiya tizimiga kirgan. 

 

Masjidning tashqi ko‘rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g‘ishtdan to‘rt g‘o‘la (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g‘ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g‘isht bilan qoplangan. To‘rt rukn – ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz to‘qqiz qismga ajratgan. Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan. Boshqa qismlarga – bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib, yana sakkizta kichik gumbaz ishlangan. XX asrda masjidning janubiy va sharqiy devorlariga taqab sinchkor ayvon qurilgan. Ayvon ustunida binoning 1910 yili qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo‘lgan.

 

Deggaron masjidi – islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi sifatida me’moriy o‘ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor. 

Oyina.uz

Islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi – Navoiy viloyatidagi Deggaron masjidi
Maqolalar