Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Hamdavayh ibn Muhammad ibn Na’iym az-Zobiy an-Nisoburiy hijratning 321 yilida, Robiul-avval oyining uchinchi kuni tavallud topdilar. Yoshlik paytlarida ilm olishni boshlab, avval otalaridan, so‘ng amakilaridan dars oladilar. Yoshlari ulg‘aygach, hijratning 356 yili Iroq va Hijozga safar qilib, haj ibodatini ado etdilar. Keyin Xuroson, Movarounnahrni aylanib, 2000ga yaqin ustoz ko‘radilar. Hijratning 360 yili yana Hijoz va Iroqqa safar qilib, u yerdagi kishilardan hadis to‘playdilar. Keyin o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Nisoburga qaytib keladilar va qozilik amaliga o‘tiradilar. So‘ngra Jurjonga qozi bo‘lib tayinlanadilar. Shuning uchun ham u kishini Hokim deb atashgan.
Ibn Xallikon aytadilar: «Bu zot o‘z vaqtining imomi, ko‘p kitoblar muallifi va fiqh olimlaridan edilar. Fiqh ilmini Abu Sahl Muhammad ibn Sulaymon as-Sa’lukiydan oladilar».
Abu Hozim aytadilar: «Nisoburda Muslim ibn Hajjojdan keyin hadis ilmida mashhur bo‘lgan odam Imom Hokim edilar». Yana u kishi: «Hokim o‘z asrlarida hadis ilmining ulug‘ olimlari Dora Qutniy, Ibn Adiy, Ibn Muzaffarlarga teng keladilar. Hozirgacha na Hijozda, na Shomda, na Iroqda, na Tobaristonda, na Xurosonda bu shaxsga teng keladigan kishi topiladi».
Qozi Abu Samh Abdulloh al-Asmiy agar hukm ishida biror bir ishkallik bo‘lib qolsa, Imom Hokimga maktub yozib, shu ishning hukmini so‘rardilar. Keyin javobga qarab hukm qilardilar.
Imom Hokimning ta’lif etgan kitoblari: «Ilal», «Amoliy», «Favoidul shuyux», «Ma’rifatul hadis», «Tarixu ulamoi Nisobur», «Madxalu ila ilmi as-sahih», «Mustadrak ala sahihayni», «Muzakkiy al-axbor», «Fazoilu Imomi ash-Shofe’iy», «Fazoilu Fotima», «Tarojimush-shuyux» va boshqalar.
Ibn Subkiy aytadilar: «Tarixu ulamoi Nisobur» kitobi mening huzurimda kitoblar sayyididir».
Abu Sahl as-Sa’lukiy, Abu Bakr Ahmad ibn Sulaymon, Abulabbos, Da’laja ibn Ahmad, Ibn Ahzom, Abu Ali Nisoburiy, Dora Qutniy va boshqalar Imom Hokimning ustozlari bo‘lishgan, Imom Bayhaqiy, Abulfattoh ibn Abulfavoris, Abu Zarr al-Hiraviy, Abu Solih al-Hiraviy va boshqalar esa Imom Hokimga shogird bo‘lishgan.
Imom Hokim hijratning 405 yili vafot etdilar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilm tahsil qilishda va ilmdan haqiqiy nasibador bo‘lishda olimlar bir qancha vositalarni sanab o‘tganlar. Xususan, Shayx Muhammad Avvoma hazratlari o‘zlarining “Ma’alim irshadiyya fi sina’ati tolibi ilm” (Haqiqiy talaba yetishtirishdagi yo‘l-yo‘riqlar) asarida ilm tahsil qilish jarayonida – “tafarrug‘” ya’ni, butkul ilm uchun ajrab chiqish, ilm olishdan to‘sadigan har qanday ishlardan forig‘ bo‘lishni alohida bob sifatida keltiradilar. Bu borada olimlarning aqlbovar qilmas hikoyalari bor-ki, ilm o‘rganayotgan har bir talabani jiddiy o‘ylantiradi.
Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadi: “Ilm olishdan va ilmda yuksak cho‘qqilarni zabt etishdan to‘sadigan omillar shu qadar ko‘p-ki, ularni sanab chiqish mushkil ish. Shu bois, tolibi ilm o‘z-o‘zini hamda qimmatli vaqtini nazorat qilib borishi, zimmasidagi majburiyatlarini ado qilishdan ma’n qiladigan, chalg‘itadigan ishlardan uzoq turishi shartdir! Har qanday ilmdan chalg‘itadigan narsalarni najoti yo‘lidagi to‘siq va to‘g‘anoq deb bilishi kerak. Ilmga mutlaq ajrab chiqish va bor-budini sarf qilishning naqadar zaruriy ekanligini Imom Abu Yusuf rahimahullohning so‘zlaridan anglab olsak bo‘ladi: “Ilm shunday (buyuk) ishki, unga to bor-yo‘g‘ingni bag‘shida qilmaguningcha, senga bir qismini ham bermaydi. Agar sen unga boringni bersang – bir qismini senga berishi ham nasiya (xohlasa beradi, xohlasa yo‘q)” (Xatib Bag‘dodiy, “Tarix”)
Ushbu jumlalar ortidan Xatib Bag‘dodiy faqih Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyoziyning gapini keltiradi: “Ushbu ilm (shariat ilmlari)ga do‘konlarini tark qilgan, bog‘u rog‘larini qarovsiz qoldirgan, do‘stlaridan uzoqda bo‘lgan hamda yaqinlari vafot etib, janozalariga qatnasha olmagan insongina yeta oladi”. Ibn Ahmad Iyoziy o‘z gaplarining amaliy isboti o‘laroq Qozi Abu Yusuf rahimahullohdan hech ham ajramagan, uzoq muddat yonlarida yurib ilm tahsil qilib, hanafiy fiqhida mashhur faqih rutbasiga yetgan.
Ilmga butkul ajrab chiqqanlar orasida Imom, Hofiz Munziriy rohimahullohning ham hikoyasi bor:
“U kishi Qohiradagi “Komiliyya” Hadis maktabida ilm berar edi. Bir kuni 30 yoshlar orasidagi Muhammad ismli farzandi vafot etdi. U ilmda ancha ko‘zga ko‘rinib qolgan yosh olimlardan edi. Munziriy farzandining janozasini madrasa binosining hovlisida o‘qidi va tobutini madrasa eshigigacha kuzatib bordi. Ko‘zlaridan shashqator yoshlari oqqan holda: “Ey, jigarporam! Seni Alloh taologa omonat topshiraman”, dedi-da, madrasa hovlisiga qaytib kirdi” (Tojiddin Subkiy, “Tobaqot”).
Yana shunga yaqin hikoyalardan birini rahmatli Hazrat otam aytib bergan edi: “Shayx, alloma Muhammad Rog‘ib Tobbax rohimahullohning katta o‘g‘illari Muhammad vafot etganidan bir kun o‘tib o‘zining nashr ishlariga – “Matba’ati ilmiyya”ga qaytgan edi. U kishi janozaning ertasiga “Xusraviyya” madrasasi (Halabdagi dunyoviy institut)ga darsga keladi. Talabalar ustozning darrov darsga kelganidan hayratga tushishadi va orada visir-visirlar tarqaldi. Gap-so‘zlar shayxning ham qulog‘iga yetadi: “Katta o‘g‘lini yaqinda ko‘mib kelgandi-ya…” Ularga qarata shayx aytdi: “Bolamdan-ku, ayrilib, xasrat o‘tida yonmoqdaman. Endi ilmning barakasidan ham mosuvo bo‘lib yana xasrat chekaymi?!”
Imom Sulaym ibn Ayyub Roziy rahimahulloh haqida Subkiy “Tobaqoti Vusto”da quyidagicha bayon qiladilar: “Sulaym Ray shahridan ilm olish uchun Bag‘dod sari yo‘l oldi. Aytilishicha, ilm olib yurgan kezlarida unga oilasidan ora-sira xat kelib turar edi. U birorta xatni ochib ham ko‘rmasdi. Faqat yig‘ib, to‘plab borardi. O‘zi ko‘zlagan ma’lum bir yillar o‘tganidan keyin xatlarni ochib ko‘rdi. Ularda kimningdir vafot etgani va yana ko‘plab ilm olishdan to‘siq bo‘ladigan yaqinlarining xabarlari yozilgan edi”.
Muhammad Avvoma aytadi: “Ilm olib yurgan kezlarimning boshlarida shunga o‘xshash xabar qulog‘imga chalingan edi. Shayx Ahmad ibn Abdulkarim Turmoniniy Halabiy hazrat Azhari Sharifda 13 yil ilm tahsil qilibdilar. Bu muddat oralig‘ida uylaridan xatlar kelib turar, birortasini ham ochmas, ularni xonaning tokchasiga qo‘yib borar ekan. Ta’lim muddati tugab, uyga qaytishdan oldin xatlarni o‘qiy boshlabdilar. Ularning ba’zisida kimdir vafot etgani, yaqin qarindoshi turmush qurgani va yana qandaydir sodir bo‘lgan o‘zgarishlar yozilgan ekan. U kishi mazkur xabarlar ilm olishdan to‘siq bo‘lishini, yurakka yaqin xabarlar esa butkul ilm dargoxini tashlab ketishiga sabab bo‘lib qolishini juda yaxshi bilar edilar!” (Iqtibos tugadi).
Endi ta’lim olayotgan har bir talaba (o‘zimizga ham) haqli savol tug‘iladi – bizning hayotimizda ilm nechanchi o‘rinda? Unga qancha kuch va vaqt sarflayapmiz? Qozi Abu Yusuf aytganlaridek ilmdan bir nima olish uchun borlig‘imizni bermayotganimiz aniq! Ba’zi soatimiz yoxud ba’zi daqiqalarimizni ajratar ekanmiz, ana shu vaqtda birorta chalg‘ituvchi ish, xabar va o‘y-xayollardan forig‘mizmi? Aytaylik, bir kunda dars uchun 2 soat ajratsak, shuning necha daqiqasi sof ilm tahsili uchun sarf bo‘lmoqda?!
13 yil xatlarni o‘qimaslik u yoqda tursin, qo‘l telefonimiz 24/7 tartibida ishlaydi. Internet ham muntazam yoniq. Namoz, dars, taom, uyqu safar yoki uchrashuvlar bilan bandligimizda ham “jiring” etgan xabarnomani albatta ochib o‘qiymiz. Hattoki, svetaforda turganda ham telefon titamiz. Soatlab reels tomosha qilamiz. Zehnimizni band qiladigan ma’lumotlarni yaxshi ko‘ramiz. Qaysi futbolchi qaysi jamoaga qabul qilingan, qaysi san’atkor kim bilan debat qilgan, qaysi fudbloger yangi taomni reklama qilgan, yana qaysi oshpaz erkak xotiniga yashil somsa qilib berganini maroq bilan tomosha qilamiz.
Aksar mavzulari befoyda bo‘lgan “gap” va “choyxona”lar, keti tugamaydigan o‘tirishlar, bemaza telefondagi o‘yinlar, aksiyaga tushgan mahsulotlar, qimmatbaho mashinalar, ularning bir-biridan farqlari, kunlik retseptlar, yangidan-yangi brendlar va hakazo! Sanasa, shayh Avvoma aytganlaridek, ado qilib bo‘lmaydi.
Na ilmga qiziqamiz? Na ilm yo‘liga kirganimiz ta’lim uchun o‘zimizni butkul bag‘shida qila olmaymiz. To‘liq ajrab chiqish qiyin bo‘lsada, ma’lum bir soatlarimizda ham bitta sms, bitta sharh o‘qiymiz. Qiziq! Ayni paytda katta “olim”, bilimdon siyosatchi, uddaburon tijoratchi, shaxsiy qarashlariga ega motivator-bloger, o‘tirishlarda qo‘li shirin oshpaz, sport zallarida eng kuchli shtangsit, tog‘, dala hovlilarga tashna sayohatchimiz! Aslida biz hech kimmiz. Ilm mashaqqatiga toqati yo‘q, ammo maqsadi ulkan “ajoyib xayolparast”miz.
Ilm tahsil qilinayotgan vaqtda tolibi ilm imkon qadar o‘yin-kulgu, o‘tirish va turli chalg‘ituvchi ishlardan o‘zini saqlashi, butun diqqat-e’tiborini matn yodlash, ma’lumotlarni jamlash, yangidan-yangi bilimlarni o‘rganish, ularni o‘zlashtirishga, talaba do‘stlari bilan har kuni ustoz bergan vazifalarni birgalikda takror qilishga sarflamog‘i lozim. “Sement zavodiga men, g‘isht zavodiga men” kabi yashayotgan talaba bilsin-ki, undan katta olim chiqmaydi. Imom Shofe’iy ta’kidlaganidek, “Agar bir dona piyoz sotib olish uchun bozorlarda yurganimda, menda katta olim chiqmas edi!”
Alloh barchamizni foydali ilm tahsil qilishda va uni haqqini ado qilishda ko‘mak bersin!
Faxriddin Muhammadnosir,
«Hadis va Islom tarixi fanlari» kafedrasi katta o‘qituvchisi