Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Imom Hokim

23.07.2016   12187   25 min.
Imom Hokim

Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Hamdavayh ibn Muhammad ibn Na’iym az-Zobiy an-Nisoburiy hijratning 321 yilida, Robiul-avval oyining uchinchi kuni tavallud topdilar. Yoshlik paytlarida ilm olishni boshlab, avval otalaridan, so‘ng amakilaridan dars oladilar. Yoshlari ulg‘aygach, hijratning 356 yili Iroq va Hijozga safar qilib, haj ibodatini ado etdilar. Keyin Xuroson, Movarounnahrni aylanib, 2000ga yaqin ustoz ko‘radilar. Hijratning 360 yili yana Hijoz va Iroqqa safar qilib, u yerdagi kishilardan hadis to‘playdilar. Keyin o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Nisoburga qaytib keladilar va qozilik amaliga o‘tiradilar. So‘ngra Jurjonga qozi bo‘lib tayinlanadilar. Shuning uchun ham u kishini Hokim deb atashgan.

Ibn Xallikon aytadilar: «Bu zot o‘z vaqtining imomi, ko‘p kitoblar muallifi va fiqh olimlaridan edilar. Fiqh ilmini Abu Sahl Muhammad ibn Sulaymon as-Sa’lukiydan oladilar».

Abu Hozim aytadilar: «Nisoburda Muslim ibn Hajjojdan keyin hadis ilmida mashhur bo‘lgan odam Imom Hokim edilar». Yana u kishi: «Hokim o‘z asrlarida hadis ilmining ulug‘ olimlari Dora Qutniy, Ibn Adiy, Ibn Muzaffarlarga teng keladilar. Hozirgacha na Hijozda, na Shomda, na Iroqda, na Tobaristonda, na Xurosonda bu shaxsga teng keladigan kishi topiladi».

Qozi Abu Samh Abdulloh al-Asmiy agar hukm ishida biror bir ishkallik bo‘lib qolsa, Imom Hokimga maktub yozib, shu ishning hukmini so‘rardilar. Keyin javobga qarab hukm qilardilar.

Imom Hokimning ta’lif etgan kitoblari: «Ilal», «Amoliy», «Favoidul shuyux», «Ma’rifatul hadis», «Tarixu ulamoi Nisobur», «Madxalu ila ilmi as-sahih», «Mustadrak ala sahihayni», «Muzakkiy al-axbor», «Fazoilu Imomi ash-Shofe’iy», «Fazoilu Fotima», «Tarojimush-shuyux» va boshqalar.

Ibn Subkiy aytadilar: «Tarixu ulamoi Nisobur» kitobi mening huzurimda kitoblar sayyididir».

Abu Sahl as-Sa’lukiy, Abu Bakr Ahmad ibn Sulaymon, Abulabbos, Da’laja ibn Ahmad, Ibn Ahzom, Abu Ali Nisoburiy, Dora Qutniy va boshqalar Imom Hokimning ustozlari bo‘lishgan, Imom Bayhaqiy, Abulfattoh ibn Abulfavoris, Abu Zarr al-Hiraviy, Abu Solih al-Hiraviy va boshqalar esa Imom Hokimga shogird bo‘lishgan.

Imom Hokim hijratning 405 yili vafot etdilar.

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar

Robbimizning va’dasi haq ekan

07.07.2025   532   4 min.
Robbimizning va’dasi haq ekan

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:

Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim  u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.

Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni  hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.

Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar. 

Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!

Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.

Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.

“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.

Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz,  qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.

Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.

Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi”  (Tarj.).