Imom Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy an-Nisoburiy hijriy 206 yili Nisoburda dunyoga keldilar. Nisbatlari Qushayriy bo‘lib, u Nisoburga qarashli qishloqdir.
U zot hadis ilmida kitobi «Sahih» deb tan olingan 6 ta imomlarning biridirlar. Kitoblari «Sahih Muslim» Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadigan kitoblardan biridir. Imomning hadis ilmidagi tutgan o‘rinlari va oliy martabalarga yetishlariga sabab sahih kitoblarida birorta ziyodalik ham, noqislik ham bo‘lmaganligi, bundan oldin ham, bundan keyin ham buning singari tartibdagi kitobni topilmasligidir. Imom Muslim hadis jamlash davrida uning nozik joylariga juda ham e’tibor bilan qaradilar. Hatto bir harf bo‘lsa ham o‘zgartirishdan saqlandilar. Bu zot hadislarni avvalidan oxirigacha uzilish va illatdan salomat, isnodlari ishonchli bo‘lsagina sahih kitoblariga kiritdilar. Imom Muslimning «Sahih»lari Imom Buxoriyning kitoblariga qaraganda ba’zi tomonlari afzalligini ulamolar qayd qilganlar.
Imom Navaviy aytadilar: «Yerning ustida, osmonning ostida Muslimning kitoblaridan ko‘ra sahihroq kitob topilmaydi».
Imom Muslim aytadilar: «Agar hadis ahllari 200 yil hadis yozsalar ham kuchlari mana shu «sahih»ni yozishlikka yetadi, xolos». Va yana aytadi: «Har bir yozgan kitobimni Abu Zar’ata ar-Roziyga ko‘rsatdim, agar u zot, mana bu hadis illatli, desalar tark qildim, agar, sahih, desalar kitobimga kiritdim».
Imom Muslim ko‘plab kitoblarning muallifidirlar. Shulardan eng mashhurlari «Sahih Muslim» bo‘lib, mana shu kitob sababli ulug‘ martabaga va chiroyli maqtovlarga sazovor bo‘ldilar. Bundan tashqari, u zotning «Jomi’ al-Kabir alal abvob», «Kitobu musnadi al-Kabir ala asmoi rijol», «Kitobu Asmoi va kuna», «Kitobu ilal», «Kitobu tamyiz», «Kitobu hadis Amr ibn Shu’ayb», «Kitobu mashoyixi Molik», «Kitobu avhomul muhaddisiyn», «Kitobu man laysa lahu illa rovin vohid», «Kitobu tabaqati at-Tobe’iyn», «Kitobu muhozramiyn», «Kitobu mashoyixi as-Savriy» kitoblari ma’lum va mashhur.
Bundan tashqari «Sahihi Muslim»ga bir necha muxtasar va sharhlar yozilgan.
Imom Muslimning «Asmo ar rijol» nomli kitoblariga Abu Bakr Ahmad ibn Ali Isfahoniy sharh yozgan.
Imom Muslimdan ana shu davrning katta imomlari, jamoatlar hadis rivoyat qilishdi. Ular Abu Hotim ar-Roziy, Muso ibn Horun, Ahmad ibn Saloma, Abu Iso at-Termiziy, Abu Bakr Huzaymiy, Yahyo ibn Sa’id, Abu Avona va boshqalardir.
Imom Muslim (Alloh u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) 261 hijriy sana, yakshanba kuni, 55 yoshlarida bu olamdan ko‘z yumdilar. Dushanba kuni Nisoburda dafn etildilar.
Insonning o‘z nafsiga qarshi kurashida foyda va yaxshiliklar ko‘pdir. Aksincha, nafsning istaklarini bajarish va ularga ergashish barcha halokatlarning manbai hisoblanadi. Zero, ko‘pgina olimu mutafakkirlar shu xulosaga kelishganlarki nafsga qarshi turish, barcha saodatlar kaliti, nafsning xohishlariga ergashish esa butun yomonliklarning asosidir. Bundan tashqari, ilohiyot olimlari nafsga qarshi turishni Allohga itoatning asosi va unga qarshilikni esa tariqatning muhim vazifalaridan deb hisoblaydilar. Ular yana marhamat qiladilar:
“Kim bizning yo‘lga kirmoqchi bo‘lsa, uning nafsi o‘limning to‘rtta: qizil, qora, oq va yashil turlarini tatib ko‘rmog‘i lozimdir”.
“Qizil o‘lim” deganda nafs va uning xohishlariga qarama-qarshi turish, ya’ni dunyo hayotining hoyu havaslariga, shuningdek, shayton va uning yordamchilariga qarshi kurashish tushuniladi. Bu o‘limning rangi hoyu havaslarning ezilib yo‘q bo‘lishini, ya’ni halokatini ko‘rsatadi.
“Qora o‘lim” odamlardan yetadigan ozor va qiyinchiliklarni sabr bilan ko‘tarishdir. Bu xildagi o‘limning qora rangda ifodalanishi uning nafs uchun qanchalik og‘ir va qiyin ekanligini anglatish uchundir.
“Oq o‘lim” ochlikni ifodalaydi, uning rangi bu xildagi riyozat tufayli inson vujudida zohir bo‘ladigan yorug‘likka ishoradir.
“Yashil o‘lim”da esa yamoqli, eskirgan kiyimlarni kiyish va nafsga xush yoqadigan chiroyli liboslarni rad etish, dunyoning oz moliga qanoat qilish tufayli go‘yo hayot yam-yashil (rangga kirgandek) bo‘ladi.
Haqiqatda Alloh taolo o‘z nafsining hoyu havasiga, xohishlariga qarshi turgan har bir bandasiga, hatto musulmon bo‘lmasa ham, ana shu kurashlar tufayli barokatlar kelishini oldindan belgilab qo‘ygan.
Naql etishlaricha, Misrda bir rohib inson ko‘ngildagi sirlarni bilish ilmi bilan mashhur bo‘ldi. Shunda bir musulmon olimi “Musulmonlarni yanglish yo‘lga giriftor qilmasidan oldinroq uni o‘ldirish lozim”, degan andishada pichog‘iga zahar surtib, niyatini amalga oshirish uchun yo‘lga chiqdi. Yetib borib rohibning eshigini taqillatganda:
– Hoy musulmon olimi, pichoqni tashla! – dedi rohib.
Olim pichoqni tashladi va kirib so‘radi:
– Bunga qanday erishding?
– O‘z nafsimga qarama-qarshi turmoqlik bilan, – deb javob berdi rohib.
Shundan so‘ng olim taklif etdi:
– Islomni qabul qilmaysanmi?
Rohib buni eshitib javob berdi:
– Ha... Guvohlik beraman, Allohdan boshqa ibodatga loyiq hech kim, hech narsa yo‘q, Muhammad – Allohning Elchisidir.
Shunda olim ajablanib so‘radi:
– Islomni qabul qilishingga nima majbur qildi?
Rohib bu savolga shunday javob berdi:
– Nafsimga Islomni qabul qilishni taklif etdim, lekin u bo‘yin tovladi, ko‘nmadi. Shunda men aksincha yo‘l tutdim.
Shunday qilib bu odam aynan nafsga qarshi kurashish bilan ulug‘ ne’matga ega bo‘ldi.
Nafsga qarshi harakatning mevasi qulfi dilning ochilishi, Allohga bo‘lgan maqbullik darajasi bo‘lsa, nafs bilan kelishuv va uning hoyu havaslarini qondirishlikning samarasi pushaymonlik va sargardonlikdan o‘zga narsa emas. Allohning O‘zi hammamizni bundan saqlasin!
Naql qiladilarki, Ibrohim ibn Shaybon quddisa sirrihu marhamat etadilar:
“Ko‘p vaqt yasmiqdan tayyorlanadigan taomga to‘yishni rosa istadim. Lekin buning imkoni bo‘lmadi. Shom shahrida bo‘lganimda menga bir kosa yasmiq taomi keltirishdi. To‘yguncha yedim. So‘ng ko‘chaga chiqib aylanib yurganimda, ichiga qandaydir suyuqlik to‘ldirib, ilib qo‘yilgan ko‘zalarga ko‘zim tushdi. O‘zimcha bu sirka bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Mendan so‘rashdi:
– Nega qarab qolding? Bular sharobning namunalari, mana bulari esa sharob xumlari.
Shunda men yerto‘laga kirib may ko‘zalarni sindirib, ichida bor narsalarni to‘kib tashladim. Do‘kon egasi esa sulton buyrug‘iga binoan to‘kyapti, deb o‘ylabdi. Ishning haqiqati ma’lum bo‘lgach, u meni Ibn Tulun[1] huzuriga olib bordi. U esa meni ikki yuz darra urib, qamoqxonaga tashlashni buyurdi. Men pirim Abu Abdulloh al-Mag‘ribiy quddisa sirruhu to bu shaharga kelib, meni himoyalariga olgunlaricha shu yerda o‘tirdim. Keyinroq pirim so‘radilar:
– O‘zi nima qilding?
– Nafsim to‘yguncha yasmiq taom yemoq istadi, yedim, so‘ng ikki yuz darra bilan “siylashdi”, – dedim.
Shunda shayx hazratlari:
– Juda oson qutulibsan, – dedilar.
Yana bir rivoyatda shunday hikoya qilinadi. Bir kuni havoda tayanchsiz, muallaq o‘tirgan zotdan bunga qanday erishganligini so‘rashganlarida u shunday javob beribdi:
– Havoyi nafsimdan kechgan edim ko‘kdagi havo menga itoatli bo‘ldi.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] O‘sha vaqtdagi Misr hukmdori.