Imom Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy an-Nisoburiy hijriy 206 yili Nisoburda dunyoga keldilar. Nisbatlari Qushayriy bo‘lib, u Nisoburga qarashli qishloqdir.
U zot hadis ilmida kitobi «Sahih» deb tan olingan 6 ta imomlarning biridirlar. Kitoblari «Sahih Muslim» Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadigan kitoblardan biridir. Imomning hadis ilmidagi tutgan o‘rinlari va oliy martabalarga yetishlariga sabab sahih kitoblarida birorta ziyodalik ham, noqislik ham bo‘lmaganligi, bundan oldin ham, bundan keyin ham buning singari tartibdagi kitobni topilmasligidir. Imom Muslim hadis jamlash davrida uning nozik joylariga juda ham e’tibor bilan qaradilar. Hatto bir harf bo‘lsa ham o‘zgartirishdan saqlandilar. Bu zot hadislarni avvalidan oxirigacha uzilish va illatdan salomat, isnodlari ishonchli bo‘lsagina sahih kitoblariga kiritdilar. Imom Muslimning «Sahih»lari Imom Buxoriyning kitoblariga qaraganda ba’zi tomonlari afzalligini ulamolar qayd qilganlar.
Imom Navaviy aytadilar: «Yerning ustida, osmonning ostida Muslimning kitoblaridan ko‘ra sahihroq kitob topilmaydi».
Imom Muslim aytadilar: «Agar hadis ahllari 200 yil hadis yozsalar ham kuchlari mana shu «sahih»ni yozishlikka yetadi, xolos». Va yana aytadi: «Har bir yozgan kitobimni Abu Zar’ata ar-Roziyga ko‘rsatdim, agar u zot, mana bu hadis illatli, desalar tark qildim, agar, sahih, desalar kitobimga kiritdim».
Imom Muslim ko‘plab kitoblarning muallifidirlar. Shulardan eng mashhurlari «Sahih Muslim» bo‘lib, mana shu kitob sababli ulug‘ martabaga va chiroyli maqtovlarga sazovor bo‘ldilar. Bundan tashqari, u zotning «Jomi’ al-Kabir alal abvob», «Kitobu musnadi al-Kabir ala asmoi rijol», «Kitobu Asmoi va kuna», «Kitobu ilal», «Kitobu tamyiz», «Kitobu hadis Amr ibn Shu’ayb», «Kitobu mashoyixi Molik», «Kitobu avhomul muhaddisiyn», «Kitobu man laysa lahu illa rovin vohid», «Kitobu tabaqati at-Tobe’iyn», «Kitobu muhozramiyn», «Kitobu mashoyixi as-Savriy» kitoblari ma’lum va mashhur.
Bundan tashqari «Sahihi Muslim»ga bir necha muxtasar va sharhlar yozilgan.
Imom Muslimning «Asmo ar rijol» nomli kitoblariga Abu Bakr Ahmad ibn Ali Isfahoniy sharh yozgan.
Imom Muslimdan ana shu davrning katta imomlari, jamoatlar hadis rivoyat qilishdi. Ular Abu Hotim ar-Roziy, Muso ibn Horun, Ahmad ibn Saloma, Abu Iso at-Termiziy, Abu Bakr Huzaymiy, Yahyo ibn Sa’id, Abu Avona va boshqalardir.
Imom Muslim (Alloh u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) 261 hijriy sana, yakshanba kuni, 55 yoshlarida bu olamdan ko‘z yumdilar. Dushanba kuni Nisoburda dafn etildilar.
1. “Allohumma ajirniy minan nar” duosini o‘qish.
Muslim ibn Horis Tamimiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Shom namozini o‘qib bo‘lganingdan keyin yetti marta “Allohumma ajirniy minan nar” “Allohim, meni do‘zaxdan saklagin”, deb aytgin. Agar sen o‘shani aytsangu mazkur kechada o‘lsang, senga undan saqlanish yoziladi. Bomdodni o‘qib bo‘lganingda ham o‘shani aytgin. Agar shu kunda o‘lsang, senga undan saqlanish yoziladi», dedilar.
2. “Laa ilaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku, va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva ’ala kulli shayin qodiyr” deb aytish.
Umora ibn Shabiyb Saba’iy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim shomdan keyin o‘n marta “Laa ilaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku, va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”
“Yakka Allohdan boshqa iloh yo‘q. Uning sherigi ham yo‘q. Barcha mulk Allohnikidir va hamd Uning uchundir. U (Zot) tiriltiradi va o‘ldiradi. U har bir narsaga qodirdir” desa, Alloh uni tong otguncha shaytondan muhofaza qiladigan farishtani yuboradi. Alloh unga bu ila vojib bo‘lgan o‘n hasanot yozadi, uning o‘nta halok qiluvchi xatosini o‘chiradi va bu uning uchun o‘nta ozod qilingan qul kabi bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Voqea surasini tilovat qilish.
Ibn Ma’sud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki har kechada Voqea surasini o‘qisa, zinhor kambag‘allikka duchor bo‘lmaydi”, dedilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Voqea surasi boylik (keltiruvchi) suradir. U (sura)ni o‘qinglar va farzandlaringizga o‘rgatinglar” (Ibn Mardavayh rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ayollaringizga Voqea surasini o‘rgatinglar. Zero, u boylik (keltiruvchi) suradir”, deganlar (Imom Daylamiy rivoyati).
4. Ushbu duoni o‘qish.
Ummu Salama roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shom namozidan forig‘ bo‘lsalar, uylariga kirib, ikki rakat namoz o‘qib: “Yaa muqollibal qulubiy val absor, sabbit qulubana ’ala diynik”
“Ey qalb va ko‘zlarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimizni diningda sobit qil”, deb duo qilardilar (Imom Ibn Sunniy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD