“Biz Seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik ..” degan hamda O‘zining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Allohga cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin, “Avvalgi payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar payg‘ambar qilib yuborilganman” deb marhamat qilgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga batamom salovotu salomlar bo‘lsin, U zot (sollallohu alayhi vasallam)ning sahobalaridan Alloh rozi bo‘lsin.
«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir ustun oldida xutba o‘qir edilar. Keyin sahobalar u Zot (sollallohu alayhi vasallam)ga minbar qurib berishdi. Shunda haligi ustun Allohning rasuli uning oldidan ketganlari uchun o‘kirgan ovozda yig‘ladi. So‘ng Rasuli akram (sollallohu alayhi vasallam) kelib, haligi ustunni silab yupatdilar. Shundan keyin ustun tinchlandi».
Hasan Basriy (r.h.) ushbu rivoyatni so‘zlar ekanlar, qavmga qarata: «Shu yog‘ochchalik bo‘lmasangiz-a, Rasululloh (alayhissalom)ni shu yog‘ochchalik yaxshi ko‘rmasangiz-a», degan edilar.
Darhaqiqat, sevikli payg‘ambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga ergashish, u Zotni chin dildan sevish, ta’limotlariga amal qilib, dunyo va oxirat saodatini topish yo‘lida harakat qilishimiz, qiyomat kunida shafoatlaridan umidvor bo‘lishimiz lozim. Bu haqda Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni Karimda: “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir..”, - deb ta’kidlaydi.
Demak, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni chin dildan sevish, u zotga haqiqiy ummat bo‘lishga harakat qilish Alloh taolo muhabbatiga, gunohlarni mag‘firat qilinishiga olib kelar ekan. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini insonlarga ta’lim berib, ularning yoyilishiga xizmat qilish, u Zotga bo‘lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U Zotning o‘zlari sunnatlarini aniqlik bilan yetkazganlarning haqqiga:
«Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so‘ngra ado etgan odamni Alloh ne’matlantirsin», deb duo qilganlar. (Termiziy rivoyati)
MUHAMMAD RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASSALAM – BUYUK NAMUNA
Rasululloh alayhissalomning tarjimayi hollarining o‘zi biz uchun buyuk namuna. Avvalo, U zot alayhissalom biz kabi oddiy inson bo‘lganlar va buni hammaga e’lon qilganlar: “Sen: “Men ham sizlarga o‘xshagan basharman. Menga, shubxasiz, ilohingiz bitta “iloh” ekani vahiy qilindi. Bas, kim Robbiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga sherik qilmasin”, degin..”.
Ya’ni, Rasululloh alayhissalom biz kabi sifatlarga ega insondir, lekin bu ulug‘likda ham biz bilan barobar degani emas. Alloh taolo Muhammad ibn Abdulloh alayhissalom kabi go‘zal xulqli boshqa inson yaratmagan!
Muhammad alayhissalom hamma yaxshi xislat va sifatlarni o‘zlarida jamlagan yagona shaxsdir. Tarixda o‘tgan har qanday mashhur shaxsning odamlardan yashiradigan, o‘zi yoki oilasi sha’niga dog‘ tushiradigan gunohlari va yomonliklari bo‘lgan. Muhammad alayhissalom esa o‘z hayotlarini sir saqlamasdan barcha odamlarga namuna sifatida oshkora bayon qilib qoldirgan yagona Zotdir.
Muhammad alayhissalom o‘zlarining sahobalariga sodir bo‘ladigan ish va so‘zlarni oqizmay-tomizmay boshqalarga yetkazishni buyurganlar, tinchlik, urush, g‘azab, rag‘bat va kasallik chog‘laridagi holatlarni ham berkitmasdan hammaga yetkazishni amr qilgan yagona shaxsdir.
Onamiz Oisha (r.a.) oiladagi holat va hodisalarni Muhammad alayhissalomning iznlari ila boshqa sahobiylarga ibrat va o‘rgatish maqsadida oshkor aytar edilar. Chunki, u zot alayhissalomning har bir qilgan ishlari, aytgan so‘zlari shariat va din edi.
Buyuk namuna shaxsiy xulqlarning go‘zalligi, ulug‘ ishlar yoki kelajak avlod uchun qoldirgan ulkan unutilmas meroslar bilan o‘lchanadi. Tarixda o‘tgan ulug‘larda shulardan biri mavjud bo‘lishi mumkin. Lekin, Rasululloh alayhissalomda bu fazilatlarning hammasi mavjud. O‘tmishdagi ulug‘lar faqat birgina o‘z qavmi va xalqi uchun foyda keltirishgan bo‘lishsa, Rasululloh alayhissalom butun olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Zotdir. Tarixdan mashhur rahnamolar, yo‘lboshi va sarkardalar irod etgan ma’ruza va bergan tavsiyalarining hammasiga ham o‘zlari amal qilgan deb bo‘lmaydi. Qalbida o‘ylagan niyatlari so‘zlariga to‘lig‘icha kelmagan. Ular odamlarni yomonliklardan tiyilishga chorlagan, lekin xilvatda, rag‘bati kuchayganda, g‘azabi kelganda yoki ehtiyoj sezganda o‘zlari aytganiga amal qilishmagan. Shu bois xalq huzurida qilgan ma’ruzalari ta’siri uzoqqa bormagan. Ammo Rasululloh alayhissalom maktablar tashkil etib, soatlab ma’ruza qilmagan bo‘lsalar-da, qalblarni zabt eta olganlar.
Rasululloh alayhissalom zarur bo‘lganda uyda, masjidda, yo‘lda ham yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganlar. U zot nafaqat so‘zlari, balki amallari bilan ham o‘zgalarga buyuk namuna bo‘lganlar. Rasululloh alayhissalomning xulqlari Qur’on bo‘lgan. Biz bu gapni ko‘p eshitamiz-u, lekin ma’nosini chuqur o‘ylab ko‘rmaymiz. Buning ma’nosi shuki, Rasululloh alayhissalomning qilgan har bir ishlari, aytgan har bir so‘zlari va xulqlari O‘zlari tilovat qilayotgan oyatlar, insonlarga yetkazayotgan ma’ruzalar, majlislardagi va’z-nasihatlarga mos demakdir.
Rasululloh alayhissalomning oldingi-yu keyingi gunohlari mag‘firat qilingan bo‘lsa ham, tunlarni namoz bilan bedor o‘tkazar edilar, hatto tovonlari shishib ketar edi. Rasululloh alayhissalomning oyoqlari shishib ketganini ko‘rgan sahobalar: "Alloh sizning hamma gunohlaringizni mag‘firat qilgan bo‘lsa, shunchalik azob chekib o‘zingizni qiynaysizmi?" deyishganda, u Zoti muborak: "Men shukr qilguvchi bandalardan bo‘lmaymanmi?" deya javob berganlar.
Tarixda taniqli va aslzoda shaxslar jinoyat sodir etishsa, kam hollarda ularga nisbatan jazo qo‘llanilgan. Rasululloh alayhissalom davrlarida ham huddi shunday voqea sodir bo‘ldi. Qurayshning eng obro‘li Banu Maxzum qabilasidan bir qiz o‘g‘rilik qildi. O‘g‘rilik sodir etilgach, ko‘pchilik “Rasululloh alayhissalom kechirimli Zot, uni avf etadilar, qolaversa, bu qiz obro‘li oiladan, hech bo‘lmaganda boshqa yengilroq jazo qo‘llansa kerak”, deb o‘ylashdi. Lekin Rasululloh alayhissalom buni eshitib, “Ey odamlar, albatta, sizdan oldin o‘tganlarning halok bo‘lishlari ichlaridan shariflar o‘g‘rilik qilishsa qo‘yib yuborib, zaiflar o‘g‘rilik qilsa jazoni qoim qilishlari sababidan bo‘lgan”, deb ta’kidladilar. So‘ng tarix mislini ko‘rmagan va faqat Islom diniga xos bir hadisni aytdilar: “Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa ham albatta qo‘lini kesaman!”. Ha, Rasululloh alayhissalomning xohish-istaglari va hayot-mamotlari Allohdan tushayotgan vahiy bilan bog‘liq edi. Bu vahiyga qarama-qarshi bo‘lgan yo‘l U zot uchun begona yo‘l hisoblanar edi.
Qurayshliklar Rasululloh alayhissalomga katta boylik va podshohlik va’da qilishib, evaziga Islomni yoyishdan voz kechishni so‘rashganida, Rasululloh alayhissalom: “Allohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, agar o‘ng qo‘limga quyoshni, chap qo‘limga oyni tutqazishsa ham Allohning o‘zi boshlagan ishimga ravnaq bermaguncha yoki shu yo‘lda halok bo‘lmagunimcha tanlagan yo‘limdan voz kechmayman”, dedilar.
Tasavvur qiling, bir odam sizga eng yaqin kishining joniga qasd qildi. So‘ng yoningizga kelib, afv tiladi. Siz uning aybidan ko‘z yuma olasizmi?! Chekkan azoblaringizni unutib, uni kechira olasizmi?! Rasululloh alayhissalom esa amakilari Hamza (r.a.)ning qotili Vahshiy (r.a.) Islomni qabul qilgach, uni afv etganlar.
Makka ahli Rasululloh alayhissalomni sahobalaridan judo etib, yurgan yo‘llariga tikonlar sochishar, sajda qilib turgan holatlarida tuyaning ichaklarini tashlab ketishar va doimo mazah qilishar edi. Bu hol bir yoki ikki yil davom etgani yo‘q, balki o‘n uch yil muttasil davom etdi. Lekin Rasululloh alayhissalom bu musibatlarga sabr qilib, ularning haqqiga duolar qildilar. Allohning nusrati ila Makka fath etilganida makkalik mushriklar qo‘llaridan hech narsa kelmagan hollarida Rasululloh alayhissalom tomonlaridan berilajak hukmni kutib turishardi. Chunki ular qilmishlari kechirilmasligini, o‘limga mahkum ekanliklarini va shunga loyiq qanchalik jirkanch ish qilganlarini bilishar edi. Shunday bo‘lsa-da, bu mushriklar Rasululloh alayhissalomning husni xulqlari haqida bir-biriga so‘zlab, kechirilishlariga umid bog‘lashardi. Rasululloh alayhissalom esa hech kim hayoliga ham keltirmagan boshqa yo‘lni tanladilar, bu hukmni hech kim kutmaganligi ham rost edi. Rasululloh alayhissalom ularga qarab: “Ketaveringlar, sizlar ozodsizlar”, deb marhamat qildilar.
Rasululloh alayhissalomning to‘g‘ri so‘zliklari va omonatdorliklari ham buyuk namuna. Bu Zot alayhissalomning omonatdorliklarini eslang! Hatto kofirning omonatiga ham xiyonat qilmadilar! Qurayshliklar Rasululloh alayhissalomlan boshqa ishonchli omonatdor inson topa olishmagan. Tasavvur qilayapsiz-mi?, bir-biriga qarama-qarshi ikki taraf, o‘rtada jang ketayotganiga qaramay, mushriklar Rasululloh alayhissalomga o‘z mollari va pullarini ishonib topshirganlar.
Rasuli Akram alayhissalom sarvari koinot bo‘lishlariga qaramay, sahobalari bilan birga ishlar, yashash tarzlari ularnikidan farq qilmas edi, majlisga borganlarida qayerda bo‘sh joy bo‘lsa, shu yerga o‘tirar edilar, hatto kelgan odam: “Qaysi biringiz Muhammad alayhissalomsiz?”, deb so‘rardi.
Rasululloh alayhissalom faqirona hayot kechirdilar, faqirliklari ojizliklaridan emas, balki boylikka ruju qo‘ymaganliklaridan edi. Rasululloh alayhissalomning muborak hujralarining uzunligi yigirma besh qulochdan oshmagan. Oisha (r.a.) onamiz bilan istiqomat qilgan hujralari bir xonali bo‘lib, guvaladan tiklangan edi. Hujraning torligidan Rasululloh alayhissalom namoz o‘qiganlarida Oisha (r.a.) onamiz uxlay olmas edilar. Rasululloh alayhissalom sajda qilganlarida Oisha (r.a.) onamiz oyoqlarini yig‘ishtirib olardilar. Uyda oylab qozon osilmas, ko‘pincha oila taomi hurmo va suvdan iborat edi.
Rasululloh alayhissalom ichiga xurmo daraxtining po‘stlog‘i solingan charm to‘shakda yotardilar. Hafsa (r.a.) onamiz shunday hikoya qiladilar: Rasululloh alayhissalomning to‘shaklari bittagina palos edi, uni ikki buklab solib berardik. Bir kuni palosni to‘r buklab solib bergan edik, ertasiga u Zot palosni necha qavat qilib to‘shaganimizni so‘radilar, biz to‘rt buklab solganimizni aytganimizda, bundan keyin ikki qavat qilib solinglar, bugun o‘rinning yumshoqligi meni namozdan qo‘ydi, deganlar.
Sizning xizmatlaringizni, fazilatlaringizni yozib, vasf etib tugatishning imkoni yo‘q. Bugungacha dunyodagi biror mashhur shaxsning hasbi holi Siznikichalik ko‘p va keng o‘rganilmagan, bu Siz keltirgan ilohiy risolat haqligiga, Siz keltirgan din Alloh nazdida maqbul, butun insoniyatga taklif etilgan oxirgi ta’limot ekaniga yorqin dalildir.
Ogoh bo‘ling! Albatta, men sizdan avval borguvchiman, sizlar ham menga yetib olasiz.
Ogoh bo‘ling! Va’dalashgan joyimiz – havzi Kavsardir.....
Ogoh bo‘ling! Kimki ertaga bu manzilda bo‘lishni istasa, tilini va qo‘lini yomonlikdan tiysin». (Alloh taolo barchalarimizni Rasululloh alayhissalom bilan birga qilsin)
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu.
Davron Nurmuhammad
Toshkent Islom universiteti talabasi
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.