frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Rasululloh (s.a.v) ning havoriylari

21.07.2016   9843   11 min.
Rasululloh (s.a.v) ning havoriylari

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Jobir ibn Abdulloh (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) aytdilar: “Har bir Nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir”. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.

Havoriy so‘zi “ixlosli”, “musaffo”, “eng yaqin do‘st” va “yordamchi” degan ma’nolarni anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Iyso alayhissalomga ixlos qilgan, u zotga nisbatan ko‘ngillari eng musaffo bo‘lgan hamda eng yaqin do‘st va yordamchi bo‘lgan fidokorlarni “Havoriy” deb atagan. Ularga o‘xshash saodatli kishilar har bir nabiyning ummati ichida bo‘lgan. Muhammad (s.a.v)ning ummatlari ichida ana shunday oliy unvonga sazovor bo‘lgan Zubayr ibn Avvom raziyallohu anhuning hayotlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Jannat bashorati berilgan o‘nta sahobadan biri, Rasululloh (s.a.v) mening havoriyim deb sifatlagan zot Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob raziyallohu anhudirlar. U kishi Payg‘ambarimizning ammalari Sofiyya binti Abdulmuttolibning o‘g‘li bo‘lganlar.

Zubayr ibn Avvom (r.a) islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan yettita sahobiydan biridirlar. O‘sha paytda 15 yoki 16 yoshda edilar. Dastlabki musulmonlarning Alloh taoloning yo‘lida tortgan barcha mashaqqat va qiyinchiliklariga barobar sherik bo‘ldilar. Zubayrning amakisi uni bo‘yraga o‘rab, osib qo‘yar va olov yoqib, unga tutunni kiritib, “Kufrga qayt”, - der edi. Zubayr bo‘lsa, “Zinhor kufr keltirmayman” – der edi.

Yoshliklaridan chavandozlik, shijoat va bahodirlik sifatlari bilan ko‘zga ko‘ringan Zubayr ibn Avvom (r.a) musulmon bo‘lganlaridan keyin anashu sifatlarini dinu diyonat yo‘lida ishga soldilar.

Sai’d ibn Musayyib aytadilar: Alloh yo‘lida birinchi bo‘lib qilich yalang‘ochlagan kishi Zubayr ibn Avvomdir. Bir kuni Nabiy (s.a.v) o‘ldirilibdi degan xabar tarqalganda, shiddat bilan qilich ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. Yo‘lda Nabiy (s.a.v)ga duch keldilar. “Senga nima bo‘ldi ey Zubayr?!” – dedilar. - Sizni qatl qilishdi deyishdi, Allohga qasamki, Makka ahlidan duch kelganini qilichdan o‘tkazmoqchi edim – dedilar. Rasululloh uning haqqiga duo qildilar”.

Zubayr (r.a) ikki bor Habashistonga, so‘ngra Nabiy (s.a.v) bilan birga Madinaga hijrat qilganlar. Rasululloh (s.a.v) u kishini Salama ibn Salama (r.a) bilan birodar qilib qo‘yganlar.

Abu Bakr Siddiq (r.a)ning katta qizlari Asmo (r.a)ga uylanib, Nabiy (s.a.v)ga boja bo‘lganlar. Madinaga hijrat qilib kelgan paytlarida Asmo (r.a) homilador edilar. U kishi o‘g‘il farzand dunyoga keltirdilar. Payg‘ambarimizning o‘zlari uni tanglayini ko‘tarib, Abdulloh deb ism qo‘ydilar. Bu musulmonlarni juda xursand qildi. Chunki musulmonlar Madinaga kelgach, bir muddat muhojirlar oilalarida farzand dunyoga kelmagan. Shunda yahudiylar: ”Biz ularni sehrlab qo‘ydik. Ular endi farzand ko‘rmaydilar” – deb da’vo qilishgan edi.

Zubayr ibn Avvom (r.a) Nabiy (s.a.v) bilan barcha janglarda ixlos bilan ishtirok etib, o‘zlarining fidokorliklari, jasoratlari, bahodirliklari bilan Islom tarixining zarrin sahifalariga nomlarini oltin harflar ila bitdilar.

Abdulloh ibn Zubayr (r.a)dan rivoyat qilinadi: Ahzob kuni men Umar ibn abu Salama bilan birga ayollarning ichiga qo‘yilgan edim. Qarab tursam, Zubayr otini minib 2-3 marta Bani Qurayzaga borib keldi. Keyinroq bu haqda otamdan so‘radim. – Meni ko‘rdingmi o‘g‘lim, Rasululloh (s.a.v): “Kim Bani Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi?” – dedilar. Men borib keldim. Shunda Rasululloh (s.a.v):  “Senga otam va onam fido bo‘lsin” – dedilar. Ikki Shayx va Termiziy rivoyati.

Zubayr (r.a) Ali (r.a)ning xalifalik davrlarida musulmonlar orasida ixtilof chiqib, Ali va Muoviya (r.anhum)lar o‘rtasida bo‘lgan Siffin jangida halok bo‘lganlar deyiladi. Zubayr (r.a) Muoviya tarafda turib jang qilgan edilar. Lekin aslida Siffin jangi bo‘lib turgan paytda Zubayr (r.a) bu urush noto‘g‘ri ekanini anglab, jang maydonidan chiqib ketadilar. Bir vodiyda Alloh taologa iltijo qilib, namoz o‘qiyotgan paytlarida Amr ibn Jurmuz ismli badbaxt tomonidan qatl etildilar.

Jangdan so‘ng Ali (r.a) odamlari bilan qarorgohlarida o‘tirgan edilar. Amr ibn Jurmuz mukofot ilinjida Zubayr (r.a)ni qilichlarini olib u kishining oldilariga keldi.

-   Qo‘lingdagi Zubayrning qilichimi?

Ha, uni o‘ldirganimdan keyin oldim. Ali (r.a) qilichni o‘ng qo‘llari bilan oldilar. So‘ng ikki qo‘llari bilan ushlab, og‘izlariga olib kelib, ham mehr, ham mahzunlik ila o‘pdilar. Ko‘zlaridan duv-duv yoshlar to‘kildi.  Va:

Bu qilichning egasi u bilan Rasulullohdan g‘amni ketkazgan edi. Sen esa, Ibn Sofiyyaning qotili! Do‘zaxning bashoratini olaver.

Bu voqeaning bayonini batafsil o‘qib chiqsangiz, ko‘zingizdan oqayotgan yoshlarni to‘xtata olmaysiz. Chunki u zot Ali karramollohu vajhahuni ham mahzun qilib yig‘latgan Rasululloh (s.a.v)ning havoriylari Zubayr ibn Avvom edilar. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.

 

 

Abdukarimov Ahrorjon 

Toshkent islom instituti talabasi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   21441   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari