بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Jannatmonad aziz yurtimiz chindan ham go‘zal, uning takrori bu dunyoda mavjud emas. Mustaqil diyorimiz biz uchun muqaddas zamin sanalib, barchamiz uning ravnaqi uchun harakat qilishimiz darkor bo‘ladi. Ona diyorimiz O‘zbekistonimiz mana shunday ulug‘ va muborakdir.
Bugungi Juma mav’izamizda Islomning buyuk odobi bo‘lgan hayo haqida so‘z yuritamiz.
Inson tabiatidagi eng yaxshi fazilatlardan biri hayodir. Hayo kishining imon-e’tiqodi, odob-axloqining darajasiga qarab, ko‘p yoki kam bo‘ladi. Bir odam bema’ni ishlardan o‘zini tortayotganini yoki biror noloyiq ishni qilib qo‘yib, xijolatdan yuzi qizarganini ko‘rsangiz, bilingki, u – hayoli insondir.
Hayo ikki xil: tug‘ma va ta’lim orqali bo‘ladi. Ta’lim va o‘rganish yo‘li bilan hosil bo‘lgan hayoni shariatda imonning sho‘balaridan biri deb hisoblangan. Chunki, shariatda o‘sha hayo talab qilingan, tug‘ma hayo emas. Chunki tug‘ma hayo o‘z-o‘zidan bor narsa. Gohida shaxs bunday hayoni o‘ziga yaxshi singdirsa xuddi tug‘ma hayo darajasiga yetishi ham mumkin. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamda hayoning ikki turi ham jam bo‘lgan edi. Nabiy sallollohu alayhi vasallam tug‘ma hayoda ulug‘ maqomda edilar. O‘rganib hosil qilingan hayoda esa, eng baland cho‘qqida edilar.
Hayo barcha yaxshiliklarning asosidir. Uning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Gunohlar asta – sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo‘la yo‘q qilib yuborishi ham mumkin. Agar bordiyu qilayotgan ishlariga beparvo bo‘lsa, yaxshi-yomonligiga e’tibor bermay qilaversa, xalqimiz unday odamdan yaxshilik chiqmaydi, uning hayosi yo‘q deydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining qalbida barcha yaxshi fazilatlarni o‘z ichiga olgan hayo bo‘lishini xohladilar. Avvalo, o‘zlari bu xulq bilan eng mukammal darajada sifatlangan edilar. Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) shunday deganlar:
كَانَ رَسُول ُاللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَمْ أشَدَّ حَيَاءً مِن َالْعَذرَاءِ فِي خِدْرِهَا وَ كَانَ إذا رَأى شَيْئاً يَكْرَهُهُ عَرَفْنَاهُ فِي وَجْهِهِ (رواه مسلم)
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayo bobida chimildiqdagi kelindan ham o‘tar edilar. Qachon o‘zlari yoqtirmaydigan biror narsani ko‘rsalar, darhol yuzlaridan (norozilik alomatini) bilib olar edik”.
(Imom Muslim rivoyati)
Hayo ikki xil bo‘lib, birinchisi insonning tabiatida mavjud bo‘lgan his-tuyg‘ular, ikkinchisi Parvardigor va xalq huzurida odobli bo‘lishdir.
Hayo to‘g‘risida so‘z ketganda avvalo, bu sifat ayollarimizda mujassam bo‘lishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ayolning hayoli, iboli va iffatli bo‘lishi ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Chunki o‘tmishga nazar tashlasak, bizlarning bobolarimiz va buvilarimiz iffatli va hayoli bo‘lganlarini ko‘ramiz.
لَوُ كَانَ الْحَيَاءُ رَجُلاً لَكَانَ رَجُلاً صَالِحاً لَوْ كَانَ الْفَحْشُ رَجُلاً لَكَانَ رَجُلاً سُوْءًا (رواه الطبرانى
ya’ni: “Agar hayo inson bo‘lganda edi, solih kishi bo‘lar edi va agar fahsh inson bo‘lganida, yomon kishi bo‘lar edi”. (Imom Tabaroniy rivoyati)
Insonning ma’naviy ziynati bo‘lmish imon Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’matdir. Imonni salomat saqlash va ayniqsa uni doim ziyoda bo‘lishi uchun harakat qilish, har bir insonning burchidir. Imon kuchli va baquvvat bo‘lishi uchun unga bog‘liq bo‘lgan barcha xayrli amallarni ado etishni odat qilish kerak. Imonni ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omillar ustida to‘xtalib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib shunday deganlar:
عَنْ اَبيِ هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَمْ قال : " اَلْاِيمَانُ بِضْعٌ وَسِتُّونَ شُعْبَةً فَاَفْضَلُهَا قَوْلُ لاَ اِلهَ اِلاَّ الله، وادناها اماطةُ الاذى عن الطريقِ. والحياءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْاِ يمَانِ "
( متفق عليه)
ya’ni: “Imon oltmishdan ziyod bo‘lakdan iboratdir. Uning eng afzali “La ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, eng pastki darajasi yo‘ldagi insonga aziyat yetkazadigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir bo‘lakdir”.
Demak, hayo imondan bir bo‘lak bo‘lib, u imonni sayqal topishida muhim o‘rin tutadi. Qaysi bir kishining hayosi kuchli bo‘lsa, demak, uning imoni ham baquvvatdir. Yoki aksincha, qaysi bir kishining imoni kuchli bo‘lsa, hayosi ham kuchli bo‘ladi. Xalqimizda imonsizda hayo, hayosizda imon bo‘lmaydi, deb bejiz aytilmagan.
Hayoning ma’nodoshlari oriyat, ibo, uyat va or-nomus bo‘lib barchasi komil inson uchun zaruriy narsalardir. Hayo bu tortinchoqlik, siniqlik, betga chopar bo‘lmaslik degani. Biror kimsadan tanbeh yoki dakki eshitsa uyalib, terlab, qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, noqulay vaziyatga tushib qolishga aytiladi. Dakki eshitganda undan to‘g‘ri xulosa qilmay, aksincha tanbeh beruvchiga hamla qilish yoki unga chora ko‘rish uyatsizlik balki xudbinlikdir. Inson Yaratganning oldida hayoli bo‘lsa, bandasi oldida ham hayoli bo‘ladi. Yana insonga lozim narsa shuki, avvalo Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilsin. Buning uchun fikrini to‘g‘rilashi va halqumini pok tutib, parhezkor bo‘lmog‘i lozim. Rasululloh (sav) marhamat qilib shunday deydilar:
قاَلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَمْ لِأصْحَابِهِ َ: " اِسْتَحْيُوا مِنَ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ . قَالُوا : " اِنَّا نَسْتَحِْی مِنَ اللهِ وَ الْحَمْدُ لِلَّهِ. فَقَالَ : " لَيْسَ ذلِكَ وَلَکِنَّ الْاِسْتِحْيَاءَ مِنَ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ أَنْ تَحْفَظَ الرَّأْسَ وَمَا وَعَي و البطنَ وَمَا حَوَى وتَذْكُرُ الْمَوْتَ وَالْبَلَى فَمَنْ فَعَلَ ذلِكَ فَقَدْ اسْتَحْيَى مِنَ اللهِ حَقَّ الْحَيَاءِ " (رواه ﻣﺴﻠﻢ
ya’ni: “Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar”. Shunda sahobalar dedilar: “Alhamdu lilloh biz Allohdan hayo qilamiz”. Rasululloh bunga javoban marhamat qildilar: “Hayo bunday bo‘lmaydi, balki haqiqiy hayo miyadagi fikrni yaxshilash, oshqozonni poklash ya’ni parhezkor bo‘lish va o‘lim va chirib ketishlikni doim yodda tutish bilan bo‘ladi. Kimiki shularga e’tibor qilsa Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilibdi”.
Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
"أَرْبَعٌ مِنْ سُنَنِ الْمُرْسَلِينَ: الحياءُ والتعطرُ وَالسِّواكُ وَالنٍّكَاحُ" (رواه الترمذي
ya’ni: «To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridandir; hayo, xushbo‘y sepmoqlik, sivok va nikoh», - dedilar». (Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.)
Hayo insonni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan sifatlardan biridir. Hayo insonga ziynat hisoblangan ulug‘ bir sifatdir. Hayo Payg‘ambarlarning hammalariga mushtarak sifat bo‘lgan fazilatdir. Shuning uchun ham, har-bir mo‘min-musulmon hayoli bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
"إنَّ مِمَّا أَدْرَكَ النَّاسُ مِنْ كَلاَمِ النُّبُوَّةِ الأُولَى: اِذَا لَمْ تَسْتَحِ فَاصْنَعْ مَا شِئتَ"
(رواه البخاري وأحمد وأبو داود)
ya’ni: «Odamlar nubuvvatning birinchi kalomidan idrok qilgan narsalardan biri «agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver»dir», dedilar». (Buxoriy, Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilgan). Ha, hayosiz kishi barcha yomonliklarni tap tortmay qilaveradi. Odam bolasini yomonlikdan qaytaradigan narsa uning hayosidir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
"لِكُلِّ دِينٍ خُلُقٌ وَخُلُقُ الاسلامِ الحَيَاءُ" (رواه ابن ماجه
ya’ni: «Har bir dinning o‘z xulqi bordir. Islomning xulqi hayodir», dedilar». (Ibn Moja rivoyat qilgan). Ibn Umar roziyallohu anhudanrivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Hayo va imon ikkisi birga yaqinlishtirilgan. Qachon ulardan biri ko‘tarilsa, boshqasi ham ko‘tariladi», dedilar» ( Hokim rivoyat qilgan).
Muhtaram jamoat! Keyingi vaqtlarda ayrim xotin-qizlar tomonidan kiyinish madaniyatiga, urf-odatlarimiz tamoyillariga amal qilmay ko‘cha-kuylarda ochiq-sochiq holda, hayo, ibo kabi odob-axloq doirasidan chetga chiqishlari uchramoqda.
Ularga din-diyonatli, imon-e’tiqodli buvilarimiz va momolarimizning namunali va hayoli hayot tarzlari o‘rnak bo‘lishi lozim. Shunda oilamiz mustahkam bo‘ladi, farzandlar barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Yana ahamiyat berishimiz zarur bo‘lgan ishlardan biri internetdan foydalanganda rioya qilishimiz zarur bo‘lgan odoblar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Internetdagi, smartfon va uyali telefonlarda bo‘ladigan muomala va muloqotlarda ko‘ngilsiz holatlar yuz bermasligi uchun bu boradagi odoblarga qat’iy rioya qilish lozim. Avvalo, niyat to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar:
"إنَّمَا الأَعْماَلُ باِلنِّيَاتِ" (رواه البخاري حديث مشهور
ya’ni: “Albatta, amallar niyatlarga ko‘ra e’tiborlidir...”
Kishilarga xat-xabar yozishda ham odob-axloqqa rioya qilish shart. Uyatsiz, behuda, hayosiz jumlalarni yozib, gunoh orttirmaslik lozim yoki odamlar hayoti va obro‘-e’tiboriga zarar beradigan turli asossiz xabar va fitnaga soluvchi ma’lumotlar tarqatish aslo durust emasligini barchalarimiz yaxshi bilishimiz kerak. Zero, og‘zaki nutq bilan yozma nutqning gunohi barobardir.
Ba’zi kishilar internetdagi muomalalariga e’tiborsiz bo‘lishadi. To‘g‘ri va noto‘g‘ri xabarlarga, halol va haromga rioya etishmaydi. Bu esa mutlaqo noto‘g‘ridir. Alloh taolo aytadi:
ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ حُرُمَاتِ اللَّهِ فَهُوَ خَيْرٌ لَهُ عِنْدَ رَبِّهِ...
ya’ni: “(Gap) shudir. Kimki Alloh harom etgan narsalarni katta gunoh deb bilsa, bas, bu Parvardigori nazdida o‘zi uchun yaxshidir...” (Haj, 30).
Internet orqali o‘zgalar bilan aloqa qilishda yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilish hamda yomonlik va dushmanlikda hamkorlik qilmaslik shior qilib olinishi kerak. Alloh taolo amr qiladi:
...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ ... (سورة ﺍلمائدة/2
ya’ni: “...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!..” (Moida, 2).
Islomda hamkorlikning bosh sharti yaxshilik va taqvodir. Agar mana shu shart topilsa, hamma bilan hamkorlik qilinaveradi.
Musulmon odam o‘ziga berilgan umr ne’mati aziz ekanini, undan unumli foydalanish o‘zining muqaddas burchi ekanini, oxiratda uning har bir lahzasidan so‘ralish borligini bir zum ham unutmasligi kerak. Shu e’tibordan ham, internetga kirib olib, behuda narsalarga soatlab, kunlab vaqt sarflash qattiq qoralanadi.
Alloh taolo aytadi:
لَا خَيْرَ فِي كَثِيرٍ مِنْ نَجْوَاهُمْ إِلَّا مَنْ أَمَرَ بِصَدَقَةٍ أَوْ مَعْرُوفٍ أَوْ إِصْلَاحٍ بَيْنَ النَّاسِ وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ ابْتِغَاءَ مَرْضَاةِ اللَّهِ فَسَوْفَ نُؤْتِيهِ أَجْرًا عَظِيمًا
ya’ni: “Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz” (Niso, 114).
Internet imkoniyatlarini ba’zilar suiiste’mol qilib, faqat o‘z xohishi bilan yolg‘on xabarlar, suratlar va videolavhalar hamda razillik va qotillikka chorlovchi fitnalarni tarqatishadi. Ularning maqsadi biror natijaga erishish, maqtanish ham, odamlar orasida mashhurlik ham, shunchaki ermak ham bo‘lishi mumkin. Ammo bunday ishlar butkul nojoizdir. Shar’an va qonunan ham to‘g‘ri emas.
Kishiga internetdan to‘g‘ri foydalanishda, uning yomonliklaridan saqlanishda eng katta yordamchi – Alloh taoloning bandasini doim ko‘rib turganini, U zot hamma narsadan voqif ekanini hamisha his qilib yashashdir.
Oqil odam shu xitobni aslo xayolidan qochirmasligi, Allohning huzurida g‘ayb – yashirin narsaning o‘zi bo‘lmasligini doim yodda tutishi lozim. Shuni ham esdan chiqarmaslik kerakki, kim yashirincha qilgan ishini ko‘zdan maxfiy qolib ketaveradi deb o‘ylasa, adashadi. Xoh yaxshi, xoh yomon ish bo‘lsin, Alloh uni baribir oshkor qilib qo‘yadi.
Yosh farzandlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishlariga ruxsat berishda shoshilmaslik lozim. Darhaqiqat, juda zarur ehtiyoj bo‘lsagina, uning ushbu qo‘llanmada zikr qilingan odoblarga qat’iy rioya etishiga ko‘z yetsagina, ijozat berish mumkin.
Yuqorida zikr qilingan oyati karima va hadisi shariflarda inson uchun hayoning naqadar ulug‘ fazilat ekanini bayon qilindi. Alloh taolo barchalarimizning imonimizni basalomat saqlab, o‘zlarimizni ham va shu jumladan ahlu ayollarimiz, sevimli o‘g‘il-qizlarimizni ham go‘zal odob-axloqli, hayo va iboli solih bandalardan bo‘lishimizga muvaffaq aylasin! Omin.
#Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.
Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).
Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.
Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.
Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.
Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.
Isomiddin AHROROV