Bir kuni hazrat Ali (karramallohu vajhahu) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) huzurlaridan chiqib, uylariga keldilar. Qarasalar, Rasulullohning qizlari – Fotimai Zahro yung va tivitni charxda yigirib, ip qilib o‘tirgan ekanlar. Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) esa, uni to‘qish bilan mashg‘ul edilar. Shunda Fotimai Zahroga qarab: “Ey ayollarning oliyjanobi, eringizni taomlantiradigan biror narsangiz bormi? – deb so‘radilar.
Fotimai Zahro: “Allohga qasamki, uyimizda yegulikdan hech vaqo yo‘q. Faqat mana bu olti tanga bor, xolos. Salmon Forsiyga yung va tivit yigirgandim, evaziga shuni berdilar. Ammo bularga Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo)ga taom xarid qilmoqchi edim”, – dedilar. Shunda Ali (karramallohu vajhahu) u tangalarni olib, yegulik sotib olmoq uchun bozor tomon yo‘l oldilar. Ketayotib, bir odamga duch keldilar. U bunday deyayotgan edi: “Allohga biror narsa qarz beradigan kishi bormi?” U zot bu holatni ko‘rgach, Alloh roziligi uchun qo‘llaridagi o‘sha olti tangani unga hadya qildilar. Shu bois, bozordan hech narsa ololmasdan qaytishga majbur bo‘ldilar. Fotimai Zahro u zotning quruq qo‘l bilan uyga kelganlarini ko‘rgach, beixtiyor yig‘lab yubordilar.
Hazrat Ali so‘radilar: “Ey ayollarning oliyjanobi, sizni nima yig‘latdi?”
Fotimai Zahro: “Ey Abul Hasan, bo‘sh keldingiz, qo‘lingizda hech qanday yegulik ko‘rmadim, shunga farzandlarimizning och qolayotganiga toqat qilolmay yig‘layapman”, – dedilar.
Hazrat Ali: “Ey Fotima, men o‘sha tangalarni Allohga qarz berib keldim. Inshoalloh, tez orada qaytarib beradi”, – dedilar.
Hazrat Fotima: “Men ham shunday bo‘lishini bilgandim, shunga sabr qilyapman”, – dedilar.
Shunda Ali (karramallohu vajhahu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bormoqchi bo‘lib yo‘lga chiqdilar. Uzoqdan bir a’robiyni ko‘rib qoldilar. U bir tuyani yetaklab kelayotgandi. Yaqinlashgach, hazrat Aliga ko‘zi tushib: “Ey Abul Hasan, bu tuyani sotmoqchiman, shuni siz oling”, – dedi.
U zot: “Yonimda pul yo‘q”, – dedilar.
A’robiy: “Nasiyaga bo‘lsa ham sotaman, olavering”, – dedi.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu) so‘radilar: “O‘zi qanchaga sotmoqchisan?”
A’robiy: “Yuz tangaga”, – dedi.
Shunda hazrat Ali uni sotib oldilar. U a’robiy tuyani u zotga topshirganicha ketdi. Shundan so‘ng, yana bir a’robiy paydo bo‘ldi va tuyaga xaridor ekanini aytib, bahosini so‘radi.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu): “Uch yuz tanga”, – dedilar
A’robiy rozi bo‘lib, uch yuz tangani sanab bergach, tuyaning no‘xtasidan ushlab olib ketdi.
Hazrat Ali (karramallohu vajhahu) Fotimai Zahro (roziyallohu anho)ning yonlariga o‘sha uch yuz tangani ko‘tarib keldilar. Rasulullohning qizlari buni ko‘rgach, tabassum-la: “Ey Abul Hasan, qo‘lingizdagi nima?” – dedilar.
Hazrat Ali bir tuyani nasiyaga, yuz tangaga olib, naqdga, uch yuz tangaga sotganlarini aytgandilar, Fotimai Zahro: «Ha, to‘g‘ri topibman”, – dedilar.
So‘ng, Ali (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga borgan edilar, u zoti bobarakot ham tabassum qilib: “Ey Ali, bo‘lib o‘tgan voqeaning tafsilotini men sizga aytaymi yoki o‘zingiz menga so‘zlab berasizmi?” – dedilar.
Hazrat Ali hurmat bilan: “Yo Rasululloh, o‘zingiz menga aytib bering”, – dedilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Ali, sizga tuyani keltirib, nasiyaga, yuz tangaga sotgan birinchi a’robiy kim ekani-yu, naqdga, uch yuz tangaga sotib olgan ikkinchi a’robiy kimligini bildingizmi?” – deb so‘radilar.
Hazrat Ali: “Yo‘q, Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, – dedilar.
Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Ali, sizga jannat bo‘lsin, Alloh taologa olti tangani qarzga berdingiz, Alloh taolo esa, sizga uch yuz tanga ato etdi, har bir tangangiz evaziga ellik tanga berdi. Birinchi a’robiy Jabroil (alayhissalom), ikkinchisi esa, Mikoil (alayhissalom) edilar”, – deb javob berdilar.
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV