Misr va islom olamining eng buyuk qorilaridan biri Ahmad Naina televideniye dasturida bolaligidanoq Qur’oni karim hayoti haqida gapirib, o‘zining Qur’on iste’dodini hayotidagi eng buyuk ilohiy ne’mat, deb ta’rifladi. Bu haqda “IQNA” sayti “Al-Ahram” ga tayanib xabar berdi.
– Otam paxta savdosi bilan shug‘ullangan. Qur’on ilmidan ham olim bo‘lgan. Mening Qur’on o‘rganishimga ham juda qiziqardi. Madrasada Kalomullohni o‘qishni o‘rgandim. Iskandariyada Shayx Saiddan ruxsat olib, ko‘zi ojiz Shayx Amin Xeloliydan tahsil oldim, – deydi u.
Misr va islom olamining bu buyuk qorisining so‘ziga ko‘ra, Misrning sobiq prezidenti Anvar Sadat uning mutolaasiga yuqori baho berib, o‘zi yaqin do‘st bo‘lgan Shayx Mustafo Ismoil bilan qiyoslagan.
Naina, shuningdek, Misrning buyuk tarjimon olimi va voizi Shayx Muhammad Mutavalli ash-Sharoviyning muxlisi va uning shogirdi ekanligini aytdi. Ash-Sharoviy uning qiroatini juda qadrlagan va har doim Naina bizni tanani emas, balki qalb va ruhni davolashga yo‘naltiradi, - deydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi