Shu yilning 25-26-iyul kunlari Qozon shahrida “Ma’naviy ipak yo‘li: Yevroosiyo makonida an’anaviy qadriyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston diniy soha mutasaddilari qatori O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ishtirok etdi.
Muhammadolim domla o‘z chiqishida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy soha amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar bilan ishlash, diniy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi. Bunday o‘zgarishlar anjuman qatnashchilari tomonidan yuqori baholanib, e’tirof etildi.
Anjuman davomida «Katta Yevroosiyo xalqlari: kundalik diniy hayotning zamonaviy etnografik tadqiqotlari», «Qur’onning zamonaviy islom madaniyati va ta’limda aks etish shakllari» kabi mavzular muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati