Shu yil 29-30 iyul kunlari Qohirada "Tezkorlik bilan rivojlanib borayotgan dunyoda fatvo va yuksak axloqni shakllantirish" mavzucidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli tadbirda Misr muftiysi Shavqi Ibrohim Allam taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Shavkat Hamdamov ishtirok etmoqda.
Misr Fatvo uyi tashkil etgan anjumanda fatvo, ya’ni din ulamolari tomonidan chiqarilgan shariat hukmi, shaxslar va jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish va yuksak axloqni shakllantirishda muhim o‘rin tutishi, tezkor rivojlanuvchi dunyoda texnologiyalar va jamiyat qiymatlari o‘zgarib borayotganda fatvolar yangi chaqiriqlarga moslashishi va dinning asosiy tamoyillariga asoslangan bo‘lishi zarurligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro anjumanda dunyodagi olim va soha mutaxassislari mavzu yuzasidan fikr-mulohaza almashish barobarida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati