Shu yil 30 iyul kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov Buloqboshi tumani “Qaqir” jome masjidi uchun qurilayotgan yangi xonaqoh binosiga ilk g‘isht qo‘yish marosimida qatnashdi. Unda, shuningdek, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatibi nuroniy oqsoqollar, muhandis, quruvchiva mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Mirzamaqsud domla Alimov qurilish hashariga yig‘ilganlarga bugungi kunda diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar, masjid va madrasalar obod bo‘layotgani haqida so‘z yuritib, bunday masjidlar elimizga ma’rifat tarqatish maskani bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Qur’on tilovat qilinib, masjid bunyodkorlariga ezgu niyatlar bildirildi, xalqimiz farovonligi va masjid qurilishiga hissa qo‘shayotganlar haqqiga duolar qilinib, Mirzamaqsud domla masjid poydevori uchun ilk g‘ishtni qo‘yib berdi.
Vakillik matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati