Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida hojilarimiz imom-xatib va mutasaddilar bilan birgalikda “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan ezgu shior ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.
Hoji ota va hoji onalar imom-xatib va mahalla faollari bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak zarur bo‘lgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar yurtimizda 6 mingdan ziyod ana shunday ma’rifiy va xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ularda 22 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari qamrab olindi. Natijada oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi mingdan ziyod masala ijobiy hal etildi. Ishsiz fuqarolar ishga joylandi. Uyi ta’mirtalab bo‘lganlarning xonadonlari obod qilindi. Ehtiyojmand oilalarga qariyb 550 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Mazkur ezgu tashabbuslardan aholimiz vakillari minnatdor bo‘lib, o‘z tashakkurlarini izhor etishmoqda.
Shu kabi tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati