Shu yil 4 avgust kuni Saudiya Arabistonining Makka shahrida dunyoning 60 ta davlati vakillari ishtirokida Islom olami davlatlarining Islom ishlari va vaqflari vazirlarining “Mo‘tadillik tamoyillarini targ‘ib qilish va qadriyatlarni mustahkamlashda Islom ishlari va vaqflarining o‘rni” mavzusidagi IX xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Isoxon domla Abdullayev ishtirok etmoqda.
Islom ishlari va vaqflar vazirlarining joriy IX xalqaro konferensiyasi Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Anjumanning ko‘plab sessiyalari mavzulari umuminsoniy qadriyatlar va birgalikda yashash qadriyatlari, islom va musulmonlarga nisbatan nafratning namoyon bo‘lishi muammosi, ekstremizm, radikalizm va terrorizm ko‘rinishlariga qarshi kurashga oid fatvolar berish va musulmon ulamolari malakasini oshirishdan iborat.
Barcha munozaralarning markaziy mavzusi diniy nutqni zamon talablariga mos ravishda yangilash, jumladan, fatvo berish jarayonida zamonaviy axborot vositalari va madaniy globallashuv sharoitida islomiy o‘zlikni anglashdan iborat.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة نا عبيد الله بن موسى أنا إسرائيل، عن سماك أنه سمع موسى بن طلحة يحدث عن أبيه قال: مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل فقال: ما يصنع هؤلاء؟ قالوا: يجعلون الذكر في الأنثى قال: ما أظن ذلك يغني شيئا فبلغهم ذلك فتركوه فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: إنما هو ظن ظننته، إن كان يغني شيئا فاصنعوه، فإنما أنا بشر مثلكم وإن الظن يخطئ ولكن ما قلت لكم: قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل.
Muso ibn Talha otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga (Madina) xurmozorlari orasidan o‘tdim. U zot xurmolar ustiga chiqib olib, changlatayotgan odamlarni ko‘rib: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.
Odamlar: “(Xurmoning) erkagini urg‘ochisiga qo‘shmoqda”, dedi.
U zot: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.
Haligi odamlarga buning xabari yetib borganda, ular u(changlatish)ni tark qildi va xurmolardan tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “U mening bir gumonim, agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversin! Albatta, men ham sizlar kabi basharman. Albatta, gumon xato qiladi. Lekin sizlarga “Alloh taolo bunday dedi”, deb biror narsa aytsam, zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD