Bugun, 7 avgust kuni Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbosiddinov Mingbuloq tumanida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirida ishtirok etdi.
Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida hojilarimiz imom-xatib va mutasaddilar bilan birgalikda “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan ezgu shior ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.
Hoji ota va hoji onalar imom-xatib va faol bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati