O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi davom etyapti. Navbatdagi manzil esa madaniy meros obyektlari soni ko‘pligi bilan alohida ajralib turuvchi Jidda shahridir. Delegatsiya a’zolari Abdurauf Hasan Xalil muzeyida bo‘lishdi.
Aytish joizki, haqiqiy san’atning ildizi mahorat va donishmandlikka borib taqaladi. Shu bois hoh u o‘tmishda, hoh zamonaviy hayotda bo‘lsin insonga estetik zavq bag‘ishlaydi. Uning tasavvurini kengaytiradi va borliqni mohiyatan anglashiga rag‘bat beradi. Mazkur muzeyga tashrif buyurganlar ham ana shunday inson qo‘li bilan yaratilgan san’at asarlarining shaydosiga aylanishi shubhasizdir.
Abdurauf Hasan Xalil ko‘p yillar Saudiya Arabistonida tashqi ishlar vaziri yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va mamlakatning boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shgan. Faoliyati davomida to‘plagan kolleksiyasini yaxlit bir markazda ko‘rishni istagan va xususiy muzey sifatida shakllantirgan.
Abdurauf Xalil muzeyi Xalqaro Taybat ilm-fan va bilimlar shahrining bir qismi bo‘lib, Jiddada bo‘lishi shart bo‘lgan muzeydir. Muzey haqiqatan ham o‘ziga xos shahar. U 12 ta binodagi 300 ta xonada islomdan oldingi va islom tarixini jonlantiradi. Muzey Saudiya Arabistoni merosi uyi, Islom merosi uyi, xalqaro meros uyi va jamoat merosini o‘z ichiga oladi.
Mazkur muzeyda Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘lik ko‘plab eksponatlar ham bor. Masalan, mis idishga XIX asrda Toshkentda ishlangan miniatyura, XIV asr Temurilar davriga oid Qur’on oyatlari bilan zeb berilgan choynak, milodiy X asrda, Somoniylar davrida yasalgan keramik kosa shular jumlasidan.
Delegatsiya a’zolari va muzey xodimlari o‘rtasida kechgan muloqot jarayonida muzeyning tashkil etilishi, eksponatlarni namoyish qilish va jarayonda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mavzulari muhokama qilindi. Eng muhimi, eksponatda yoritilgan mavzulardagi ochiqlik, erkinlik va islomdan boshqa madaniyatlarga nisbatan hurmat ruhidir.
— O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu – Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy-gumanitar sohada amalga oshirilayotgan juda katta mega loyiha. Shu bois, uning ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitish masalasida izlanishlar olib borilyapti, - deydi delagatsiya a’zosi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. — Davlat rahbari topshirig‘iga asosan, nafaqat milliy va xalqaro olimlar, tarixchilar, mutaxassis, ekspertlar fikri, balki xalqaro tajriba ham o‘rganilyapti. Saudiya Arabistoniga qilgan safarimiz ayrim hollarda duch kelinadigan noto‘g‘ri talqinlarga barham bera olgani bilan ham ahamiyatlidir. Chunki, Podshohlikdagi muzeylarda birinchidan islomdan avvalgi davr ham yoritilgan. Qolaversa, insonlarning, hususan ayollarning siymolari aks etgan hunarmandchilik va musavvirlik ishlari ham namoyishga qo‘yilgan.
Darhaqiqat, muzey ekspozitsiyasi chin ma’noda madaniyatlararo chorraha vazifasini o‘tayapti va dini, e’tiqodi, millatidan qat’i nazar tashrif buyuruvchilarga hayrat ulashyapti. Eng muhimi, mazkur muzey islomning bag‘rikenglik tamoyillarini o‘zida to‘la aks ettirgan. Namoyishga qo‘yilgan turli eksponatlar misolida buni yanada yorqinroq ko‘rish mumkin. Abdurauf Hasan Xalil muzeyida turli sivilizatsiyalarga oid badiiy va arxeologik asarlar, jumladan, Xitoy, Yevropa va boshqa islom olamiga oid asarlar ham mavjud. Muzeyda hayvonlar va odamlarning haqiqiy o‘lchamdagi ko‘plab maketlari, portretlar va ma’lum bir voqelikni aks ettirgan suratlar mavjud.
— Garchi mamlakatlarimiz o‘rtasida juda uzoq masofa bor. Ammo muzey ekspozitsiyasida, bu u qadar ko‘zga tashlanmaydi. Bugun muzeyda Temuriylar davriga oid Qur’on oyatlari bilan zeblangan idishlar va boshqa ko‘plab eksponatlarni ko‘rib, yurtimiz tarixiga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yana bir karra his qildik, - deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Saudiya Arabistoniga bo‘lgan safar aytish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy-ma’rifiy sohalarda olib borayotgan siyosati, sa’y-harkatlari namunasidir. Bu ilm ahliga ilhom berib, shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilyapti.
Mazkur muzeyga qilingan tashrif davomida kelgusida qilinadigan hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Delegatsiya o‘z ishini davom ettiryapti.
cisc.uz
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati