Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Shavkat MIRZIYOЕV
Bugungi kunda “ekstremizm”, “terrorizm”, “mutaassiblik”, “oqimlar” kabi tushunchalar keng qo‘llanilyapti. “Radikalizm” kishi so‘z va amallarida mo‘tadillikdan og‘ib, haqiqatdan uzoq bo‘lgan “nodir” fikrlar ortidan ergashish bo‘lib, dinda g‘uluvga ketishning bir ko‘rinishi hisoblanadi.
Din niqobi ostida yoshlarni zo‘ravonlikka va oilaviy qadriyatlarni yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda radikal qarashlarni tarqatish avj olmoqda, ushbu tahdidlarning oldini olish va unga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozimdir.
Bu illat din, millat yoki irq tanlamaydi, balki u Yer yuzining istalgan nuqtasida, istalgan millatda topiladi. Radikalizm jamiyatning o‘ziga ham, uning a’zolariga ham juda katta xavf tug‘diradi, bu maslak kishini jamiyatga qo‘shila olmaydigan shaxsga aylantiradi, odamlar u bilan ziddiyatga bormaslik uchun doimo o‘zlarini olib qochadilar. Radikalizm ijtimoiy hayotni izdan chiqaradi, sivilizatsiyalarni xarob qiladi, qon to‘kilishiga sabab bo‘ladi.
Islom dini va uning ahkomlari beshta oliy maqsadni himoya qilish uchun nozil bo‘lgan: “insonning dinini; jonini; aqlini; naslini va mol-mulkini muhofaza qilish.
Bu qoidani har bir mo‘min-musulmon bilishi, unga amal qilishi, oilasi, farzandlari, qarindoshlari, yaqinlari, qo‘shnilarini, mahallasini, butun jamiyatni bundan boxabar qilishi lozimdir.
Kezi kelganda aytib o‘tish lozim, bugungi kunda dinimiz nomidan qilinayotgan ba’zi nomaqbul xatti-harakatlar, dinni niqob qilib, musulmonlarning sha’nini bulg‘ayotgan adashgan firqalar, buzg‘unchi oqimlar, radikal yoki terroristik guruhlar paydo bo‘lishining asosiy sababi dinning asl maqsadi,mazmun-mohiyatini bilmaslikdir. Bularning bari shariatimizning mazkur beshta maqsadini bilmaslik oqibatida dinning asliga, musulmonning nasliga bolta urishdir.
Dunyoviy jamiyatdagi ma’naviy-axlokiy qoidalar, urf-odatlar, an’analar, milliy qadriyatlar, madaniyatni, shuningdek, davlat tashkilotlarida ishlashni rad etish, yoshlarni o‘z Vatani, milliy kadriyatlarni sevish xislatlaridan mahrum qiladi, manaviy, ilmiy, estetik rivojlanishi, dunyoqarashining kengayishi to‘xtab qoladi, davlat va jamoat tashkilotlaridagi istiqbolli ishlarda o‘z kelajagini muvaffaqiyatli qurishdan mahrum bo‘lib qoladi, dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib dushman toifasiga hatto ota-ona, farzandlar, oilasi, qarindoshlari va yaqin insonlaridan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Yoshlar radikal toifalarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun quyidagi omillarga e’tibor qilishlari zarur:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra dunyoviy davlat ekani, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekani, shuningdek, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida qatiy tassavvurga ega bo‘lish;
– mustaqil fikrga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur o‘rganish va ularga amal kilish;
– ijtimoiy tarmoqlarda diniy mazmundagi materiallarni ko‘rishdan avval ularning manba va mualliflariga e’tibor qaratish, tanqidiy tafakkur qilishga o‘rganish, Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilishni, milliy urf-odat va an’analarga amal qilishni, Vataniga sadoqatli bo‘lishni guyo “shirk” va “bid’at” sifatida baholaydigan shaxslarning buzg‘unchi targ‘ibotidan saqlanish;
Ko‘rinib turibdiki, “radikal toifa”ning maqsadi musulmon yoshlarga Islom ma’rifatini yetkazish emas, balki amaldagi konstitutsion tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun o‘z maslakdoshlarini safini kengaytirish, o‘smirlarni qonunbuzarlikka asoslangan faoliyatga jalb kilishga qaratilgan.
Kelajak avlod tarbiyasi bugunning ustuvor vazifasi ekanligini hamda farzandlarimizni ajdodlarga xos va mos farzandlar qilib tarbiyalashni Yaratganning O‘zi barchamizga nasib etsin.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom-xatibi