frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Yoshlarni radikal toifalardan asrash zarur

12.08.2024   3633   4 min.
Yoshlarni radikal toifalardan asrash zarur

Biz  jamiyatimizda  har  qanday radikallashuvga,  yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz.

Shavkat MIRZIYOЕV

Bugungi kunda “ekstremizm”, “terrorizm”, “mutaassiblik”, “oqimlar” kabi tushunchalar keng qo‘llanilyapti. “Radikalizm” kishi so‘z va amallarida mo‘tadillikdan og‘ib, haqiqatdan uzoq bo‘lgan “nodir” fikrlar ortidan ergashish bo‘lib, dinda g‘uluvga ketishning bir ko‘rinishi hisoblanadi.

Din niqobi ostida yoshlarni zo‘ravonlikka va oilaviy qadriyatlarni yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda radikal qarashlarni tarqatish avj olmoqda, ushbu tahdidlarning oldini olish va unga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozimdir.

Bu illat din, millat yoki irq tanlamaydi, balki u Yer yuzining istalgan nuqtasida, istalgan millatda topiladi. Radikalizm jamiyatning o‘ziga ham, uning a’zolariga ham juda katta xavf tug‘diradi, bu maslak kishini jamiyatga qo‘shila olmaydigan shaxsga aylantiradi, odamlar u bilan ziddiyatga bormaslik uchun doimo o‘zlarini olib qochadilar. Radikalizm ijtimoiy hayotni izdan chiqaradi, sivilizatsiyalarni xarob qiladi, qon to‘kilishiga sabab bo‘ladi.

Islom dini va uning ahkomlari  beshta oliy maqsadni himoya qilish uchun nozil bo‘lgan: “insonning dinini; jonini; aqlini; naslini va mol-mulkini muhofaza qilish.

Bu qoidani har bir mo‘min-musulmon bilishi, unga amal qilishi, oilasi, farzandlari, qarindoshlari, yaqinlari, qo‘shnilarini, mahallasini, butun jamiyatni bundan boxabar qilishi lozimdir. 

Kezi kelganda aytib o‘tish lozim, bugungi kunda dinimiz nomidan qilinayotgan ba’zi nomaqbul xatti-harakatlar, dinni niqob qilib, musulmonlarning sha’nini bulg‘ayotgan adashgan firqalar, buzg‘unchi oqimlar, radikal yoki terroristik guruhlar paydo bo‘lishining asosiy sababi dinning asl maqsadi,mazmun-mohiyatini bilmaslikdir. Bularning bari shariatimizning mazkur beshta maqsadini bilmaslik oqibatida dinning asliga, musulmonning nasliga bolta urishdir. 

Dunyoviy jamiyatdagi ma’naviy-axlokiy qoidalar, urf-odatlar, an’analar, milliy qadriyatlar, madaniyatni, shuningdek, davlat tashkilotlarida ishlashni rad etish, yoshlarni o‘z Vatani, milliy kadriyatlarni sevish xislatlaridan mahrum qiladi, manaviy, ilmiy, estetik rivojlanishi, dunyoqarashining kengayishi to‘xtab qoladi, davlat va jamoat tashkilotlaridagi istiqbolli ishlarda o‘z kelajagini muvaffaqiyatli qurishdan mahrum bo‘lib qoladi, dinga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib dushman toifasiga hatto ota-ona, farzandlar, oilasi, qarindoshlari va yaqin insonlaridan mahrum bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Yoshlar radikal toifalarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun quyidagi omillarga e’tibor qilishlari zarur:

–  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra dunyoviy davlat ekani, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekani, shuningdek, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida qatiy tassavvurga ega bo‘lish;

– mustaqil fikrga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur o‘rganish va ularga amal kilish;

– ijtimoiy tarmoqlarda diniy mazmundagi materiallarni ko‘rishdan avval ularning manba va mualliflariga e’tibor qaratish, tanqidiy tafakkur qilishga o‘rganish, Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilishni, milliy urf-odat va an’analarga amal qilishni, Vataniga sadoqatli bo‘lishni guyo “shirk” va “bid’at” sifatida baholaydigan shaxslarning buzg‘unchi targ‘ibotidan saqlanish;

  • ijtimoiy tarmoqlardagi sof islom ta’limotlarini buzib talqin etuvchi, din asosida adovat uyg‘otuvchi materiallarni “ulashish” yoki ularga “layk” bosish orqali ularning tarqalishiga sababchi bo‘lib, o‘zi va ushbu ma’lumotlarni yetkazgan shaxslar uchun huquqiy javobgarlik yoki e’tiqodiy buzilish kabi noxush holatlarni keltirib chiqarmaslik;
  • radikal toifalar tomonidan jamiyatdagi diniy muhit va yurt ulamolari haqida tuhmat  va uydirmalar qasddan va fitna chiqarish uchun tarqatilayotgani, xorijga yashirinib Vatanimizga ig‘vo qilayotgan shaxslar aslida chetdagi g‘arazli siyosiy kuchlarning manfaatlariga xizmat qilayotganlarini teran anglash.

Ko‘rinib turibdiki, “radikal toifa”ning maqsadi musulmon yoshlarga Islom ma’rifatini yetkazish emas, balki amaldagi konstitutsion tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan xatti-harakatlar uchun o‘z maslakdoshlarini safini kengaytirish, o‘smirlarni qonunbuzarlikka asoslangan faoliyatga jalb kilishga qaratilgan.

Kelajak avlod tarbiyasi bugunning ustuvor vazifasi ekanligini hamda farzandlarimizni ajdodlarga xos va mos farzandlar qilib tarbiyalashni Yaratganning O‘zi barchamizga nasib etsin.

Odiljon NARZULLAYEV,

Yangiyo‘l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   1585   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.