Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447
Maqolalar

“Al-aqoid an-Nasafiya” asari va unga yozilgan mashhur sharhlarning bugungi kundagi ahamiyati

19.08.2024   5533   4 min.
“Al-aqoid an-Nasafiya” asari va unga yozilgan mashhur sharhlarning bugungi kundagi ahamiyati

Bugun buzg‘unchi oqimlar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgan iymon, tavhid, fiqh, kalom va shu kabi mavzulardagi tushunchalarni vatandoshimiz Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari orqali yoritib berish o‘ziga xos ahamiyatga ega. Hanafiy-moturidiylik ta’limotining asosiy manbasi hisoblangan ushbu asar, sof islom aqidasi amallari va ma’rifiy islomni o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘lib kelmoqda.

“Aqoid an-Nasafiy” asari 18 asr boshlaridan boshlab yevropalik islomshunos olimlarning tadqiqot obyektiga aylangan.

Masalan, ularning ta’kidlashicha, “Mazkur asar musulmon dunyosining qisqa va lo‘nda, ayni vaqtda eng ishonarli manbalardan biridir” deb e’tirof etadi.

Turk tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari Taftazoniyning “Sharh al-aqoid” kitobi bilan islom olamida shuhrat qozongan.

Yana bir nasaflik mutafakkir Abul Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asari mazkur asar yozilishiga asosiy manba vazifasini bajargan.

Shu jihatdan olganda, islomshunos tadqiqotchilarning fikricha  Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid an-Nasafiy” asari: “Moturidiya ta’limotiga, shaklan esa, Abul Muin Nasafiyning  “Tabsirat ul-adilla” asariga asoslangan”, – deya ta’kidlaganlar.

Tatar islomshunoslarning ta’kidlashicha, tatar-musulmon madrasalarida eng ommabop asar Taftazoniyning sharhi bilan keltirilgan “Sharh al-aqoid an-Nasafiy” asaridir.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Abu Xafs Nasafiyning “Aqoid” asariga yozilgan sharhlardan eng mashhuri va ommabopi Taftazoniyning “Sharh al-Aqoid” asaridir.

Hoji Halifaning “Kashf az-zunnun” asarida aytilishicha, “Aqoid an-Nasafiy” asariga Taftazoniy bilan bir vaqtda 50ga yaqin muallif tomonidan sharhlar hoshiyalar, nazmlar, taxrijlar va tadqiqlar yozilgan.

Yozilgan taxrijlar orasida Jaloluddin Suyutiyning “Taxriji” va Mullo Ali Qori Hanafiyning “Faroid al-qolaid ala ahadis al-aqoid” asari ham mashhur asarlardan biri sifatida bugungi kungacha e’tirof etib kelinadi.

Ular qatori Sa’duddin Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-Aqoid” asari har tomonlama eng mukammal sharh sifatida e’tirof etiladi.

Biror-bir islom diyoridagi bilim dargohlarini misol qilib olmaylik, ularning barchasida aqoid ilmini o‘rganish borasida Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharh al-Aqoid”ga murojaat qilganliklarini guvohi bo‘lamiz.

Usmoniylar davlatida ham “Sharh al-Aqoid” asari madrasalarda rasman dastur asosida o‘qitilgan va bir necha marta usmoniylar davlati tiliga tarjima qilingan. Bularning barchasi, mazkur asarga nisbatan diniy-ijtimoiy tus berilganligidan dalolat beradi. Shundan aytish mumkinki, ko‘pchilik usmoniylar davlatidagi kalom ilmi vakillari o‘zlarining ilmiy ishlari va tadqiqotlarida “Sharh al-Aqoid”ga yaqindan yondoshganligi ma’lum bo‘ladi.

Hozirda ham Taftazoniyning mazkur asari ilmiy jamoatchilikni asrlar davomida e’tirofini qozonib kelmoqda.

Zamonaviy istilohda qo‘llanilayotgan “bestseller” darajadagi asar sifatida eng ko‘p chop etilgan kitoblar qatoridan o‘rin olgan. Bu kitob qo‘lyozma nusxalari ko‘pgina Yevropa kutubxonalarida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda. Ushbu asar asosan, Istanbul, Qohira va Hindistonda nashr etilgan. Qozon tatar musulmonlari jamoasida ham ushbu asarga qiziqish yuqori bo‘lgan va taxminan 15 marotaba nashr etilgan.

Asarning yozilishi tarixi va sabablari  to‘g‘risida aytish mumkinki, Taftazoniy “Sharh al-aqoid”ning avval boshida aqida ilmi tarixi va unga bo‘lgan jamiyatdagi ijtimoiy zarurat to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadi. Islom dini paydo bo‘lgan davrda kishilik jamiyatidagi muhit musaffo va shaffof bo‘lganligi, ixtilofli va bahs-munozarali voqea-hodisalarning kamligi, aqidaviy masalalarga payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bevosita o‘zlari tomonidan yechim topilganligi ta’kidlab o‘tiladi.

Asar davomida mutafakkir islomdan ajralib chiqqan mu’taziliylar, jabariylar, qadariylar va karromiylar kabi botil firqalarning fikrlaridan iqtibos keltirib ularni tahlil qiladi. Ularga nisbatan sunniylik (ahli sunna va val jamoa e’tiqodida) raddiyalarini berib borgan. 

Sa’duddin Taftazoniyning kalom ilmiga oid asarlari nafaqat tarixda, balki bugungi kunda uchrab turgan adashgan toifalarning noto‘g‘ri aqidalariga raddiya berishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi

“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda

uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Bandalarga nolima, Allohdan so‘ra!

01.08.2025   4730   3 min.
Bandalarga nolima, Allohdan so‘ra!

Qay birimiz bu hayotda bir marotaba bo‘lsa ham sinov, imtihonga duch kelmaymiz?!

Qay birimiz kasallik, qiyinchilik kabi holatlarni boshimizdan o‘tkazmaymiz?!

Endi ayting-chi, qattiq betob bo‘lib qolsangiz nima qilasiz?!

“Robbim nima uchun meni bu kasalga yo‘liqtirdi? Qaysi gunohim uchun bu kunlar boshimga keldi?” – deya noliysizmi?!

Yo‘q! Alloh taolo aytadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering!..»[1].

Hayot – imtihonlar, sinov va mashaqqatlar diyoridir!

Salafi solihlardan biri kasalligi va kambag‘al ekanidan shikoyat qilib o‘tirgan bir kishiga qarata: “Hoy, senga rahm qiladigan Zotning ustidan senga rahmi kelmaydiganlarga shikoyat qilish orqali bir narsaga erishmaysan!” degan ekan.

Rivoyat qilinishicha, bir odam ko‘zi ojiz, qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan yoshi katta keksa odamning oldidan o‘ta turib, uning: “Kasalliklardan meni omonda saqlagan va bandalari orasida meni fazilatli qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!” deyayotganini eshitib: “Alloh sizni nimalardan omondan saqlaganini bilsam bo‘ladimi? Axir qo‘l-oyog‘ingiz ishlamaydigan shol ekansiz, sizga tegmagan kasallik qolmabdi”, debdi. Bu gaplarni eshitgan shol, ko‘zlari ojiz qariya: “Seni ham Alloh taolo solihlar safiga qo‘shsin! Ko‘rmayapsanmi? Axir Alloh taolo mening tilimni omonda qilib qo‘yibdi, mana shu tilim orqali men har onimda Alloh taologa shukr qilaman va yana qalbimni omonda saqlab qo‘yibdi, u orqali Alloh taoloni doimo zikr qilaman”, degan ekan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam betob yotgan sahroyi arabning holidan xabar olgani  kelib: “Hechqisi yo‘q! Yaxshisiz, inshoalloh tuzalib ketasiz”, dedilar. A’robiy esa: “Yaxshi deysizmi? Bezgak qiynab yubordi. Bu kasal meni xarob qildi, endi shu bilan qabrga ketsam kerak”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Mayli, unday bo‘lsa, shunday bo‘lgani ma’qul” [2], dedilar.

Solihlardan biri betob bo‘lib, ko‘zdan qolibdi. U og‘riqning zo‘ridan kechalari uxlamay juda qiynalib chiqar ekan.  Shogirdlaridan biri hol so‘rab uning oldiga kirsa, ustozi yig‘lab o‘tirgan ekan. Shogird ustoziga tasalli berib: “Ozor chekmang, ozgina sabr qilsangiz, hammasi o‘tib ketadi”, debdi. Ustozi esa: “Yo‘q, men betobligim sabab yig‘lamayapman. Uning boisi, Alloh taolo meni imtihon qilishga loyiq bandalardan qilib, dard berganiga xursandligimdan yig‘layapman”, debdi.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 155-oyat.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.