Ruh tanani tark etgach, Barzax hayoti boshlanadi. Bu hayot to qiyomatgacha davom etadi. Barzax hayoti qabrda bo‘lib, u yo jannat bog‘laridan bir bog‘cha yoki do‘zax o‘ralaridan bir o‘radir. Unda odamlar uch holatdan birida bo‘ladi:
Birinchisi: taqvodor mo‘minning holati. Uning oldiga ikkita farishta (Munkar va Nakir) kelib, uni o‘tkazadi va savol bera boshlaydilar: Rabbing kim, dining nima va mana bu sizlarga yuborilgan kishi kim? Mo‘min javob beradi: Rabbim Alloh, dinim Islom, u kishi payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdir.
Shundan so‘ng unga do‘zax tomonga bir eshik ochiladi va: agar kofir bo‘lganingda mana bu joy sening do‘zaxdagi o‘rning bo‘lar edi, deyiladi. So‘ngra u eshik yopiladi va abadul abad ochilmaydi. So‘ngra unga jannat tomondan bir eshik ochiladi, undan jannatning xidi kelib turadi. E jannatdagi o‘rnini ko‘rishi bilan: Ey Rabbim, qiyomat qoimni tezlat, qiyomat qoimni tezlat! -deydi. Shu tarzda to qiyomatgacha ne’mat ichida qoladi va oxir-oqibat jannatga doxil bo‘ladi.
Ikkinchisi: kofir yoki munofiqning holati. Qabrida o‘tkaziladi va: Rabbing kim, dining nima, muna bu sizlarga yuborilgan kishi kim? -deb so‘raladi. U esa: aa, aaa, bilmayman, deydi. Shunda unga: bilmaysan ham, o‘qimagansan ham, deyiladi va: boshiga gurzi bilan bir uriladi, og‘rig‘idan qattiq qichqiradi, uning qichqirig‘ini saqalayn (insonlar va jinlar)dan boshqa hamma mavjudot eshitadi.
Shundan keyin unga jannatdan bir eshik ochiladi va: agar mo‘min bo‘lganingda mana bu yer sen uchun edi, deyiladi. So‘ngra u eshik abadul abad ochilmaydigan qilib berkitiladi. Undan keyin do‘zaxdan bir eshik ochiladi va undan do‘zaxning sassiq xidi va qaynoq nafasi kelib turadi. U esa: ey Rabbim, qiyomatni qoim qilma, qiyomatni qoim qilma, deb yolvoradi.
Uchinchisi: osiy va kabira gunohlar qilgan mo‘minning holati. Ularning holatlari turlicha bo‘ladi. Qaysilaridir og‘ir gunohlarga botgan va qaysilaridir unchalik og‘ir gunohlar qilmagan. Shunga qarab ular Allohning mashiati (xohishida) bo‘ladilar. Xohlasa azoblaydi, xohlasa mag‘firat qiladi. Ba’zilari qabrda gunohlariga yarasha ma’lum vaqt azoblangach, so‘ngra to qiyomatgacha qabrda rohatda bo‘ladilar. Ba’zilari esa qabr azobidan tashqari qiyomatdan keyin ham do‘zaxda azoblanadilar. Gunohlariga yarasha azoblanib bo‘lgach, so‘ngra jannatga kiritiladilar.
Allohim sendan jannatingni so‘raymiz, do‘zaxingdan panoh tilamiz.
https://t.me/tuhur
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan asrning saksoninchi yillarida o‘smir edim. O‘smirlik shunday davrki, inson o‘zini katta bo‘lib qolgan, hech kim unga teng kelolmaydigandek his qiladi.
Bir kuni onam bilan oramizda kelishmovchilik chiqdi. Aniq nima sabab bo‘lganini eslolmayman, lekin bir narsani yaxshi eslayman: men onamga ovozimni balandlatgan edim.
Otam ishdan uyga qaytgach, onam unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. U meni darhol chaqirdi:
– Gaplashaylik, – dedi.
Biz mehmonxonada yolg‘iz qoldik. Otam, Alloh rahmat qilsin, ko‘p gapiradigan inson emas edi. Ammo u gapirsa, so‘zlari oltindek qadrli bo‘lardi.
U avval mening gaplarimni, vaziyatga mening ko‘zim bilan qarab tingladi. So‘ng biroz sukut saqlab:
– O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. Onangga ovozingni ko‘tarishingdan boshqa hamma narsani tushunish mumkin. Ammo bunga yo‘l qo‘ymayman. Agar o‘zingni tarbiyalay olmasang, seni tartib-intizom o‘rgatiladigan joyga yuboraman. U yerda senga odob va hurmatni o‘rgatishadi. Tushundingmi? – dedi.
Shu bilan suhbat tugadi.
Shundan so‘ng onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q.
Otam urishmadi, menga baqirmadi ham. Ammo bir necha soniyalik qat’iy so‘zi bilan hayotim davomida o‘tib bo‘lmaydigan chegarani belgilab qo‘ydi.
Bugun, oradan yillar o‘tib, o‘sha lahzani eslar ekanman, o‘smirlik davrida otaning qanday katta qalqon ekanini tushunaman.
Ona – oiladagi mehr va hurmatni saqlovchi zot. U jonini xavfga qo‘yib farzandni dunyoga keltiradi, tunlarini bedor o‘tkazadi, charchoqlarini yashiradi...
Ammo ayrim farzandlar ulg‘aygach bu qiyinchiliklarning barchasini unutib, onasiga beparvo munosabatda bo‘ladi. Ana shunday paytda otaning haqiqiy vazifasi namoyon bo‘ladi.
Haqiqiy ota qo‘pol bo‘lishi bilan emas, balki kerakli paytda qat’iyatligi bilan oilasini himoya qiladi.
Ota – oilaning umurtqa pog‘onasidir. Agar u zaiflashsa, butun oila zarar ko‘radi.
Bugun anglayapmanki, otamning o‘sha kuni aytgan so‘zlari tahdid emas, balki onamni himoya qilish edi. Bu – meni kelajakda hurmatli inson bo‘lib ulg‘ayishim uchun qilingan himoya edi.
Otam haqida qancha she’r yozmaylik, qancha so‘z aytmaylik, uning qadrini to‘liq ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun otangiz borida uning qadriga yeting. Uning ketishini kutmang. Chunki ayriliqdan keyingi ko‘z yoshlar tiriklikdagi mehrning o‘rnini bosa olmaydi.
Davron NURMUHAMMAD