Shu yil 19 avgust kuni poytaxtimizning “Hazrati Imom” majmuasidagi “Tilla Shayx” masjidida diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonining yakuniy bosqichi boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, shuningdek, Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, mudir o‘rinbosari Akbar Do‘smatov, “Ko‘kaldosh” madrasasi mudiri Ma’murjon Erkayev, "Xadichai kubro" madrasasi mudiri Maryam Abdullayeva hamda abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlangan marosimda so‘zga chiqqan notiqlar yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar qatorida diniy ta’limga bo‘lgan e’tibor katta ahamiyat kasb etayotgani, bunga yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, mavjudlarining faoliyati doimiy ravishda takomillashib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, abituriyentlarga imtihon topshirish tartib-qoidalari tushuntirildi.
Shundan so‘ng abituriyentlar test sinoviga tartib bilan kiritilib, imtihonlar boshlandi. Mazkur jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Ma’lumot o‘rnida mazkur oxirgi 6-hududda Toshkent shahrida imtihon topshirishni tanlagan jami 2 524 nafar abituriyent bir necha kun davomida test sinovlarida qatnashadi. Ularning ota-onasi va yaqinlariga imtihon jarayonini kuzatish va kutib turish uchun maxsus sharoitlar, ya’ni soya joylarda katta manitor, stol-stul, suv va shirinliklar hozirlangan.
Alloh taolo imtihonlarning barcha abituriyentlarga manfaatli bo‘lishini nasib aylasin!
Bahriddin Xushboqov,
Davron Tursunov (surat)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #haj2025 #statistika
Saudiya Arabistoni Podshohligi statistika Bosh boshqarmasi haj amallarini bajarish uchun kelgan ziyoratchilar sonini e’lon qildi. Unga ko‘ra:
Bu yil 1 million 673 ming 230 nafar kishi haj amalini ado etgan. Shundan mahalliy ziyoratchilar soni 166 ming 654 nafar.
Hojilarning 877 841 nafari erkak, 795 389 nafari esa ayollardir.
Ziyoratchilarning kelishi yo‘llari:
Havo yo‘llari orqali: 1 435 017 kishi.
Quruqlik chegara orqali: 66 465 kishi.
Dengiz yo‘li orqali: 5 094 kishi.
Eslatib o‘tamiz bu yil yurtimizdan 15 ming nafar fuqaro haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘ldi. So‘nggi 8 yil mobaynida 75 ming nafar kishi haj ibodatini qilishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati