Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448
Maqolalar

Ayolning birlamchi vazifasi

20.08.2024   11732   2 min.
Ayolning birlamchi vazifasi

Otinoyi minbari

Ayol kishi – erkaklarga Allohning omonati. Uni har bir ota, er, farzand qadrlashi lozim. Dinimiz ahkomlarida shunday qilishi buyurilgan.

Erkaklarga fitratiga mos vazifalarni yuklagan Alloh taolo ayollar uchun ham o‘ziga xos mas’uliyatlarni belgilab qo‘ygan.

Mazkur mas’uliyatlarni o‘z o‘rnida ado etgan ayol chinakam mo‘mina, soliha, orifa maqomlariga ega bo‘ladi. Har bir muslima, avvalo, soliha ayol bo‘lishni maqsad qilib, shunga ko‘ra harakatlarini belgilashi lozim.

Solihalik – hayotni go‘zallashtiradigan sifat. Yaqinda bir ayol bilan suhbatlashib qoldim. U hayot tashvishlari bilan o‘ralashib, “soliha ayol bo‘lish” yo‘lini tark etibdi. Ko‘pincha ayollar amal qilishi lozim bo‘lgan nizom bilan emas, birinchi o‘ringa chiqib qolgan tuyg‘ulari bilan harakat qiladi.

Ammo bizning ayollarimizda takrorlanadigan xatolardan biri shuki, kelin bo‘lganlaridan so‘ng soliha xotin, soliha ona bo‘lishni go‘yoki unutib qo‘yishadi. Ayollarga Alloh amr etgan buyruqlar bir chetda qolib ketadi...

Daqiqroq tushuntiradigan bo‘lsak, ayol agar soliha bo‘la olsa, har bir amalining mukofotini Allohdan kutadi va savobli amallarida bardavom bo‘ladi. Biroq kimningdir “yaxshi” degan so‘zini eshitish uchun bu ishni qilsa, bir kun kelib, bu harakatlaridan zerikadi.

Ayol nega barcha fazilatlarni chetlab, o‘z oldiga qo‘yilgan yuksak uxroviy maqsadlarga erishishda xotinlik, onalik sharafidan foydalana olmayapti?

Chunki u baxtni faqat yaxshi yeb-ichish, kiyinish, to‘y-hasham kabi orzu-havaslarda ko‘rmoqda. Bir qanotli qush ucha olmaganidek, saodatni faqat moddiyatda ko‘radiganlar soliha ayollikni kamoliga yetkaza olmaydi. Lekin ibodatlarini o‘z vaqtida ado etuvchi ayol, oila, odob-axloq, farzandlar tarbiyasiga ham dinimiz buyurganidek yondashib, uddalay olsa, oliy maqsadiga erishadi, albatta. Zero, dunyo matohining hammasi bir sinov, bizni asl maqsadimizdan chalg‘itadi. Qur’oni karimda ham barcha mo‘minlar ogohlantiriladi: “Bilib qo‘yingizki, albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz fitna (gunoh, azob va mashaqqat manbai)dir. Allohning huzurida (esa) ulkan mukofot (bordir)” (Anfol surasi, 28-oyat).

Ayol har qanday vaziyatda ham ana shu ogohlantirishni unutmasligi lozim. Zero, Alloh taolo kalomida: “Men jin va insni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot surasi, 56-oyat), degan.

Dilnoza SHODMONOVA,

Samarqand viloyati
Narpay tumani

“Navro‘z” mahallasi
otinoyisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   16162   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari