Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Diniy idora mutasaddilari hamda yetuk ulamolarimiz ishtirokida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida turli davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday diniy-ma’rifiy suhbat poytaxtimizning Olmazor tumani “Joziba” to‘yxonasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tuman aholisi vakillari, yoshlar va xotin-qizlarga bugungi kunimiz uchun dolzarb bo‘lib turgan bir qator mavzularda mav’iza qilib berdi.
Uchrashuvda Zayniddin domla yig‘ilganlarga ibodatda ko‘r-ko‘rona taqlidning salbiy jihatlari, yoshlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni ilm olishga qiziqtirish muhimligi haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, farzandlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ularni qadriyatlarimizga mos ravishda sog‘lom e’tiqodda tarbiyalashda ota-onalarning o‘rni xususida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Cafarga chiquvchilarning haqqiga duo qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan sanaladi. U zot alayhissalom:
أَسْتَوْدِعُ اللهَ دِيْنَكَ وَأَمَانَتَكَ وَخَوَاتِيمَ عَمَلِكَ
“Astavdi’ulloha diynaka va amaanataka va xavotiyma amalika”, deb sahobalarni safarga kuzatar edilar.
Ma’nosi: “Diningizni, omonatingizni va amallaringiz xotimasini Allohga topshiraman”.
Hojilarni kuzatishda quyidagi duolarni qilish tavsiya etiladi:
1. Allohim, hojilarning safarlarini oson qilgin. Ularni Senga topshirdik.
2. Allohim, hojilarni safarlari davomida har qanday balo va yomonliklardan asragin hamda oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytargin.
3. Allohim, hojilarning duo, ibodatlarini va qalblaridagi barcha shar’iy niyat hamda maqsadlarini ijobat etgin. Gunohlarini mag‘firat, tavbalarini qabul qilgin.
4. Allohim, hojilarning ibodatlarini O‘zing uchun xolis qilingan amallar qatorida qabul aylagin.
Allohning farz ibodatini ado etishga otlangan muhtaram yurtdoshim Alloh taolo yurtimiz, xalqimiz haqqiga qiladigan barcha duolaringizni qabul etsin. Duolaringizda bizni ham unutmang!
Hajingiz mabrur, sa’yingiz mashkur va gunohlaringiz mag‘fur bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD