Namangan viloyatida Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan shu yil muborak haj safariga borgan hojilar ishtirokida "Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz!" shiori ostida targ‘ibot usullari bo‘yicha o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov, imom-xatiblar, mahalla faollari hamda hoji ota va onalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar so‘ngi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib, hojilarimiz soni yil sayin ortib borayotgani e’tirof etildi. Bu yil Davlatimiz rahbari hojilar holidan xabar olib, ular yurtga qaytganlaridan so‘ng ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lib, barchaga ibrat bo‘lishlariga umid bildirgani alohida qayd etildi.
Seminarda mazkur ezgu tashabbus doirasida bugungi kunda “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida imom-xatiblar va hojilar tomonidan tashkil etilayotgan ma’naviyat targ‘ibot tadirlari haqida so‘z yuritildi. Viloyatda shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Shuningdek, seminar davomida hojilarga keyingi faoliyati uchun zarur bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston fidoyisi” qo‘llanmasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur qo‘llanmada hojilarimiz uchun muhim tavsiyalar, maslahatlar, oila va mahallalarda kechayotgan jarayonlar tahlili va diniy-ma’rifiy jabhada kechayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar keng o‘rin olgan. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi, ajrimlar, jinoyatchilik, yot g‘oyalardan farzandlarni asrash kabi dolzarb mavzudagi maqolalar ham taqdim etilgan.
Seminarda mazkur qo‘llanma hojilarimizning yaqin ko‘makchisi bo‘lishi va undagi ko‘rsatmalarga amal qilish jamiyatimiz uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida mutasaddilar yig‘ilgan hoji ota va onalarni qiziqtirgan barcha savollariga javob berishdi va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Andijon viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Shoiraxon hoji onaning umr yo‘ldoshlari Odiljon otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Shoiraxon hoji onaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz