Bugun, 22 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Shovotdagi "Arab bobo" jome masjidining yangidan qurib bitkazilgan binosining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, "Imom Faxriddin ar-Roziy" bilim yurti mudiri Davronbek domla Abduqodirov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Marosimda Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, Haq taolodan yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini so‘rab, bu ezgu ishga hissa qo‘shgan barchaning haqqiga duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida mazkur masjid qurilishi 2022 yil boshlangan bo‘lib, homiylar va mahalla ahli ko‘magida bunyod etildi. Masjidda namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan. 1500–1600 nafar nomozxon bemalol ibodatlarini ado etishi mumkin.
Majmuaning umumiy maydoni yarim gektar. Xonaqoh ikki qavatli bo‘lib, gumbazning balandligi 23 metr va aylanasi 33 metrni tashkil etadi. Tahoratxona bir vaqtda 20 dan oshiq namozxonga xizmat ko‘rsatadi. Majmuada imom-xatib, qabulxona va boshqa zaruriy xonalar va ma’muriy binolari mavjud.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan