Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Joniyev Muzaffarxon Surxondaryo viloyati delegatsiyasi bilan birga Malayziyadagi Qirolicha Raja Zarit Sofiya nomidagi Islom tadqiqotlari markazi rahbari doktor Mohd Hilmi Bin Ramli bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy faoliyat natijalari, allomalar merosini o‘rganish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Qirolicha Raja Zarit Sofiya nomidagi Islom tadqiqotlari markazi rahbari tomonidan markaz faoliyati, kutubxonasi, talaba va tadqiqotchilarga yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzolash, seminar va konferensiyalar tashkil etish, hamda hamkorlikda Hakim Termiziyning ilmiy merosi va qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga kelishib olindi.
Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.
Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati