Shu yilning 20-25 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyatining taklifiga binoan ushbu mamlakatda bo‘ldilar.
Safar davomida Finlandiya milliy dinlararo hamkorlik forumi rahbari, Finlandiyaning O‘zbekistondagi elchisi (qarorgohi Xelsinki shahrida), Tatar musulmonlari jamiyati rahbari hamda Finlandiya musulmonlari jamiyati bosh imomi Ramil Hazrat Belyayev singari din va davlat arboblari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Muloqotlarda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ijtimoiy-madaniy, ilmiy-tadqiqot va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda hamkorlik qilish muhokama qilindi.
E’tiborli jihati shuki, Finlandiya musulmonlar jamiyatiga 1960 yillarda rahbarlik qilgan, yirik ulamo Habibur-Rohman Shokir rahimahulloh 1957 — 1982 yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘lgan Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari bilan 1920 yillarda Toshkent shahridagi Ko‘kaldosh madrasasida birga tahsil olgan.
Shuningdek, Habibur-Rohman Shokir Toshkent shahriga bir necha bor kelgan, o‘z navbatida Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari ham Xelsinki shahriga safarlar uyushtirgan. Shu bois ham, ikki mamlakat din peshvolarining hamkorliklari uzoq tarixga borib taqalishini alohida qayd etish barobarida bugungi aloqalar o‘tmishda bog‘langan hamkorlikning uzviy davomi ekanini ta’kidlash mumkin.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Diniy idora faoliyati, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Finlandiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi barobarida musulmon ummati uchun foydali bo‘ladigani ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish, anjumanlar o‘tkazish va o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Muftiy hazratlari ishtirokida Finlandiya va Latviya davlatlarida o‘qish va ishlash maqsadida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan suhbat va savol-javoblar ham o‘tkazildi. Uchrashuvlarda davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan inson qadr-qimmatini ulug‘lash borasidagi islohotlar, masjid-madrasalar ochilayotgani, Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyat yuritayotgani, haj-umra safarlariga keng imkoniyat berilayotgani haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, halol mehnatning foydalari, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish, silai rahmni uzmaslik borasida manfaatli suhbat qilindi.
Xelsinki shahridagi jome masjidda Muftiy hazratlari juma mav’izasini o‘qib, jamoatga imomlik qildilar. Islom dini mo‘min-musulmonlarni bir-birlari bilan do‘st va birodar bo‘lib tinch-totuv, ahl-inoq, o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirishga chaqirishi kabilarga ma’ruzada urg‘u qaratildi.
Safar mazmunli, muloqot va uchrashuvlar esa samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi