Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448
Maqolalar

Ulug‘ va aziz ne’mat!

27.08.2024   7478   4 min.
Ulug‘ va aziz ne’mat!

                                                                                          Mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi

       bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lmoqda

Shavkat Mirziyoyev

 O‘zbekiston Respublikasi o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan buyuk tarixiy kun – xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallagan, har yili eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida katta shodu xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug‘ ayyomdir.

 O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi  tadbirlari “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oya ostida tashkil etildi.

Istiqlol tufayli mamlakatimizda Islom dini ravnaqi yo‘lida keng imkoniyatlar ochilib, e’tiqod erkinligi qonuniy ravishda kafolatlab qo‘yildi. Milliy va diniy qadriyatlar tiklandi, masjid va madrasalarning binolari, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalar musulmonlarga qaytarib berildi.

Mo‘min musulmonlarning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy ta’lim olishlari, diniy adabiyotlarni nashr etishlari va ommaviy axborot vositalaridan bahramand bo‘lishlari uchun hamma sharoitlar yaratildi. E’tiqod erkinligi qonuniy ravishda kafolatlab qo‘yildi.

Ana shu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish va bu buyuk ne’matlarning shukronasini qilib, qadriga yetib yashash hamda mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Mustaqillik va ibodatlarni emin-erkin ado etish ne’matiga doimiy shukronalar aytishimiz lozim. Chunki Alloh taoloning bunday va’dasi bor:

“…agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada)ziyoda qilurman…” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Muborak hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim insonlarga ulardan ko‘rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmas ekan, demak Allohga ham shukr qilmabdi” (Imom Axmad va Termiziy rivoyati), – deya marhamat qilganlar.

Alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining quyidagi so‘zlari ona-Vatanni sevgan har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi: “Har bir kimsaga ma’lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib o‘sgan ona-Vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini”.

Hakimlar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishi, yurt taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda elning tinch va farovon hayot kechirishiga imkon darajada hissa qo‘shish bilan o‘lchanadi.

Barchamiz uchun tabarruk bo‘lgan uch so‘z bor: Iymon, Vatan va Istiqlol. Bu so‘zlarning mazmun mohiyatini bugun har birimiz yurakdan his etib turibmiz.

Imon – Buyuk Alloh va Rasuliga ishonish, Uning rahmat va mag‘firatidan umidvor bo‘lish va Uning amr-farmonlariga itoatda bo‘lish demakdir.

Vatan – bu muqaddas zamin, buyuk ajdodlarimiz yurti va kelajak avlodlarimiz iftixoridir. Uni avaylab-asrash, uning bag‘rida ertangi kunga umid bilan yashash, imon va muhabbat tayanchidir.

Istiqlol – Allohning ulug‘ ne’matlaridan bo‘lib, u hayotimiz mazmuni, g‘urur va iftixorimiz timsoli va ifodasiga aylangan.     

Vatan ravnaqi, tinchligi, osoyishtaligi va uning har tomonlama rivojlanib, taraqqiy topishida o‘zaro hamjihatlik asosida sa’y-harakat qilishimiz zarurligini Alloh taolo Qur’oni karimda ta’kidlab, bunday marhamat qiladi:

“…Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).

Hurriyatparvar ajdodlarimizning asriy orzusini, xalqimizning tenglar ichra teng bo‘lish huquqini yuzaga chiqargan, milliy o‘zligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagan, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlayotgan, biz yoshlar kelajagiga mustahkam zamin yaratayotgan aziz va mukarram – Mustaqilligimiz bardavom bo‘lsin! 

Odiljon Narzullayev,
Yangiyul tumani “Qirsadaq”
 jome masjidi imom-xatibi

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   9064   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari