Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

Davlatining dovrug‘i

27.08.2024   12920   5 min.
Davlatining dovrug‘i

“Uyunul axbor” kitobida keltirilishicha, bir kishi yosh Muoviya roziyallohu anhuni ko‘rib: “Bu bola o‘z qavmiga hukmdor bo‘ladi”, deydi.

Buni eshitgan onasi Hind: “Agar u faqat o‘z qavmini boshqarsa, onasidan ayrilsin”, dedi. “Sharhi Mishkotil masobih” kitobida Hind roziyallohu anhoning bu gapi Muoviyaga berilgan bahoga ajablangani va uning bundan-da yuqori martabaga ega bo‘lishidan umidvor ekani bilan izohlangan.

Onaning niyati amalga oshib, o‘g‘li musulmon ummatiga rahbar bo‘ldi. Umaviylar davlatining dovrug‘i doston bo‘ldi. Uning hududi 11 million km2dan ortiq edi. Bu hududdagi 62 million aholi o‘sha paytda dunyo aholisining taxminan 30 foizini tashkil etgan.

Muoviya roziyallohu anhu nubuvvatdan besh yil oldin Makkada tug‘ilgan. Uzun bo‘yli, ko‘rkam va haybatli inson edi.

Ibn Hazm “Roviy sahobalar ismlari” asarida aytishicha, Muoviya roziyallohu anhu Makka fathidan so‘ng Islomga kirgach, 18 yoshida Payg‘ambar alayhissalom bilan suhbatdosh bo‘lib, u zotdan 163 ta hadis rivoyat qilgan. Imom Buxoriy undan to‘rtta, Imom Muslim beshta hadis rivoyat qilgan.

Imom Ahmadning “Musnad”ida Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom: “Alloh biror bandaga yaxshilikni iroda qilsa, bas, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”, deganlar».

Muoviya roziyallohu anhu milodiy 661 yildan umaviylar sulolasining birinchi rahbari sifatida hokimiyatni 680 yilgacha idora qilib, keyin boshqaruvni o‘g‘li Yazidga beradi.

Ibn Asokir “Tarixi Dimashq”da sahoba Ka’b ibn Molik roziyallohu anhuning gapini keltiradi: “Bu ummatni Nabiy alayhissalom va to‘rt roshid xalifadan so‘ng Muoviya hukmronlik qilganidek hech kim boshqara olmadi”.

Fazlda, martabada mazkur to‘rtlikdan o‘tadigan sahoba yo‘q. Shunday ekan, bu yerda boshqalarga qiyoslash emas, Muoviya roziyallohu anhuning boshqaruvga salohiyati borligiga ishora qilingan. Umaviylar hukmronligi milodiy 750 yilgacha, qariyb 90 yil davom etib, Marvon II boshqaruvi bilan yakuniga yetadi.

Imom Zahabiy “al-Bidoya van-nihoya”da keltiradi. Bir kuni Vizantiya imperatori xalifa Muoviya roziyallohu anhu huzuriga o‘zlarining uzun bo‘yli odamini jo‘natdi. U musulmonlar orasida bu odamga o‘xshagan odam yo‘qligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi.

Muoviya arablarning eng nuktadonlaridan hisoblangan Qays ibn Uboda roziyallohu anhuni chaqirdi. Qaysning bo‘yi uzunligidan u ot minsa, oyoqlari yerga tegardi.

Muoviya unga: “Mana bu vizantiyalikning yonida tur-chi”, dedi.

Qays: “Yo‘q, Allohga qasam, men uning yonida turib bo‘yimni bo‘ylamayman, unga bunday martabani in’om qilmayman! U mening shimimni olib, kiyib ko‘rsin”, deb javob berdi.

Vizantiyalik shimni kiyganida, u bur­nigacha shim ichiga kirib ko‘milib qoldi. Buni ko‘rgan sahobalar va yig‘ilgan odamlar kulib yuborishdi.

Ibn Abu Hotim “Shari’a” asarida kel­tiradi: Payg‘ambarimiz alayhissalom Muoviyaning haqqiga: “Yo Alloh, Muoviyani yax­shilik ustida va insonlarni yaxshilikka dalolat etuvchi qil va hidoyatlantir”; Haysamiy “Mavoridu zam’on” kitobida: “Yo Alloh, unga kitobat va yozishni o‘rgat hamda do‘zax azobidan asra”, deb duo qilganlarini aytadi. Manbalardan ma’lumki, Muoviya roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning kotibi bo‘lgan.

Ibn Hajar Asqaloniy “Fathul Boriy”da Ummu Harom binti Mil­hon roziyallohu anho rivoyatini keltiradi: «Pay­g‘ambarimiz alay­hissalomning: “Um­matim ichida birinchilardan bo‘lib dengizda jang qiladiganlari bor. Ularga jannat vojib bo‘ladi”, deganlarini eshitib: “Men ham ular orasida bo‘lamanmi?” deb so‘radim. Shunda u zot: “Sen ham ular orasida bo‘lasan”, dedilar».

Imom Jarir Tabariy “Tarixi rusul val muluk” asarida Shom hokimi Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Islom tarixida ilk bor dengiz qo‘shinini tashkil etganini yozgan. Muoviya roziyallohu anhu Misr hokimi Abdulloh ibn Sa’d bilan birgalikda xalifa Usmon roziyallohu anhudan O‘rta Yer dengizida flot qurishga ruxsat oladi va milodiy 648 yili Misr va Suriya kemasozlarini to‘plab, 1700 ta kemadan iborat katta dengiz qo‘shinini tuzadi. Musulmonlar dengiz flotiga ega bo‘lgach, Vizantiya flotining Suriya, Falastin va Misr qirg‘oqlaridagi yakkahokimligi yakuniga yetadi.

Saudiya Arabistoni Toif shahri­da Muoviya roziyallohu anhuning buyrug‘i bilan hijriy 58 yili aholini sel xavfidan himoya qilish maqsadida qurilgan 20 ta to‘g‘ondan biri hozir­gacha saqlanib qolgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hijriy 60 yili Shomda vafot etadi. 

To‘lqin AZIMOV,

Toshkent islom instituti

katta o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   8385   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari