Mamlakatimiz istiqlol bayramining 33 yilligini munosib kutib olish, talaba yoshlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga asosan Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili joriy yilning 9 sentyabr, dushanba kunidan boshlanishi belgilab qo‘yildi.
Diniy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, auditoriyalar, talabalar turar joylari, oshxona va sport majmualari ta’mirlanib, talabalarni yangi o‘quv yilida ko‘tarinki ruhda qabul qilish uchun shay holatga keltirildi.
E’tiborlisi, bu yilgi qabul imtihonlari yuqori saviyada tashkil etilib, kuni kecha mandat natijalari e’lon qilindi. Yetti mingga yaqin abituriyentlar o‘zlariga qulay bo‘lgan 6 ta hududlardan birida test imtihonlarini topshirdilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ilk bor elektron shaklda o‘tkazilgan qabul imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar talabalik baxtiga muyassar bo‘ldilar.
Yangi o‘quv yilini boshlash arafasida turgan talabalarning ilmlariga baraka, ta’lim beradigan ustozlariga g‘ayrat ato qilishini Alloh taolo so‘rab qolamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: "Lekin Alloh ularning otlanishlarini yoqtirmay, tutib qoldi", (Tavba surasi, 46-oyat).
Alloh sizni din ishlariga xizmatchi qilib olgan bo‘lsa, demak, qalbingizga qarab, rozi bo‘libdi. Oddiy bir inson o‘z ishlarida uquvsiz kimsalarni ishlatgisi kelmaydi-ku, Alloh ishlatadi deysizmi?
Allohning yo‘lidan uzoq bo‘lgan odam borki, albatta, Alloh uning ichidan boxabarligi uchun rozi bo‘lmagan. Mashhur odamlarga havas qilmang. Ular arzimagan ishlar bilan mashg‘ullar. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, o‘ziga xodim qilib olgan bo‘lardi.
Zarracha savob ish qilmagan milliarderlarga havas bilan qaramang. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, ulardan yuz o‘girmagan bo‘lardi.
"Rasailu minal Qur’an" asaridan