Shu yil 28 avgust kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov 2024–2025 o‘quv yilida diniy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagog-o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb qilish xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining rahbar-kadrlar va pedagog-o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazishni yuqori saviyada tashkil etish, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari o‘quv rejasiga yangi kiritilgan fanlar tug‘risida gapirdi.
Seminar davomida 2024-2025 o‘quv yilining ikkinchi semestr yakunlari, talaba va pedagog-o‘qituvchilarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida 2024-2025 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash, talabalar stipendiyasi, pedagog-o‘qituvchi va xodimlarning oylik maoshlarini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘ngida ta’lim muassasalar rahbarlari tomonidan 2023-2024 o‘quv yili yakunlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari to‘g‘risida hisobot berdi.
Seminarda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aytib o‘tildi. Yangi 2024-2025-o‘quv yilida amalga oshiriladigan ishlar va rejalar muhokama qilindi.
Tashrif asnosida ta’lim muassasalari rahbarlari bilim yurti binosi, oshxona va pedagog-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati