Agar turmush o‘rtoqni tanlashda ixtiyor ayol niyatining sofligi va qalbining pokligi asosida bo‘lganda edi, Osiyo onamiz Fir’avnga turmushga chiqmagan bo‘lar edi.
Agar yaxshi ayol tanlash erkakning donoligi bilan bo‘lganda edi, Nuh va Lut alayhimassalom ikki xoin ayolga uylanmagan bo‘lardi.
Agar farzandning salohiyati yoki fasodi otaning sababidan bo‘lganda edi, Ozardan Allohning xalili Ibrohim alayhissalomdek zot dunyoga kelmagan va ulug‘ payg‘ambarlardan biri bo‘lgan zot (Nuh alayhissalom)ning farzandi kofirlar bilan birga g‘arq qilinmagan bo‘lar edi.
Lekin bularning bari ba’zilar ba’zilar ila sinash va kim yaxshiroq sabr qilishini bilish uchun joriy bo‘lgandir...
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «The Muslim 500 – The World’s 500 Most Influential Muslims» xalqaro nashrining 2027-yilgi reytingida dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni qatoridan joy oldi.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti Amman shahrida joylashgan Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi (RISSC) tomonidan har yili e’lon qilinadigan mazkur nufuzli reytingda davlatimiz rahbarining faoliyati davlat boshqaruvi va siyosat yo‘nalishida ham alohida e’tirof etildi.
2009 yildan buyon nashr etib kelinayotgan ushbu reyting musulmon dunyosida siyosiy, iqtisodiy, diniy, ilmiy, madaniy va ijtimoiy sohalarda sezilarli ta’sirga ega bo‘lgan shaxslarni qamrab oladi.
Nashrning 2027 yilgi sonida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan tashabbuslarga yuqori baho berilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining yana bir ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati