Agar turmush o‘rtoqni tanlashda ixtiyor ayol niyatining sofligi va qalbining pokligi asosida bo‘lganda edi, Osiyo onamiz Fir’avnga turmushga chiqmagan bo‘lar edi.
Agar yaxshi ayol tanlash erkakning donoligi bilan bo‘lganda edi, Nuh va Lut alayhimassalom ikki xoin ayolga uylanmagan bo‘lardi.
Agar farzandning salohiyati yoki fasodi otaning sababidan bo‘lganda edi, Ozardan Allohning xalili Ibrohim alayhissalomdek zot dunyoga kelmagan va ulug‘ payg‘ambarlardan biri bo‘lgan zot (Nuh alayhissalom)ning farzandi kofirlar bilan birga g‘arq qilinmagan bo‘lar edi.
Lekin bularning bari ba’zilar ba’zilar ila sinash va kim yaxshiroq sabr qilishini bilish uchun joriy bo‘lgandir...
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy
Misrdagi Al-Azhar xalqaro akademiyasida 20 nafar o‘zbekistonlik imom-xatib uchun tashkil etilgan malaka oshirish dasturi yakunlanib, ishtirokchilarga maxsus shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursida diniy soha vakillari o‘zlarining ilmiy-diniy bilimlarini oshirish, Al-Azharning boy ilmiy tajribasi va o‘qitish uslublarini o‘zlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan akademiya rahbari Hasan Sag‘ir ushbu o‘quv kurslari Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Tayyibning doimiy e’tiborida bo‘lganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, shayx Ahmad Tayyib o‘quv jarayonini jiddiy kuzatib borgan.
Safar davomida o‘zbekistonlik imomlar ushbu davlatdagi Katta ulamolar kengashi a’zosi doktor Hasan Shofeiy bilan ham ko‘rishdi. Uchrashuv chog‘ida ilm-fan, diniy ma’rifat va ulamolar mas’uliyati xususida suhbat bo‘lib o‘tdi.
Imom-xatiblar Al-Azhar hamda Imom Husayn masjidlariga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan tabarruk ashyolar, jumladan, muborak qilich va boshqa tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Al-Azhar o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamkorlik, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, imom-xatiblarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda o‘zbekistonlik yoshlarning ushbu nufuzli dargohda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati