29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami oldidan Namangan viloyati vakilligida “Yil imomi – 2024” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan shahar va tumanlarida birinchilikni olib 2-viloyat bosqichi imom-xatiblar o‘rtasida tafsir, tajvid, fiqh, aqoid va siyrat fanlari bo‘yicha tuzilgan savollar asosida bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovda birinchilikni egallagan Namangan shahar «Homiddin qori» jome masjidi imom-xatibi Nasriddinov Muhammadbobur “Yil imomi – 2024” ko‘rik tanlovining respublika bosqichiga yo‘l oldi.
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Buxoro viloyatida jamiyatda milliy-diniy qadriyatlarni mustahkamlash, el-yurt ma’naviyati va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan diniy-ma’rifiy soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq, diniy sohada samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh soha xodimlari yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Marosimda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy qutladi va davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan viloyat hokimligi tashabbusi asosida soha fidoyilariga maxsus vaucherlar taqdim etildi. Tadbirda so‘z olganlar davlatimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tomonidan viloyat vakilligi tasarrufida samarali xizmat ko‘rsatib kelayotgan bir guruh diniy soha xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan marosimlarda bunday yuksak e’tibor va ehtirom soha fidoyilarini el-yurt farovonligi va dinimiz sofligini targ‘ib etish yo‘lidagi xayrli faoliyatga yanada kuch-g‘ayrat bilan kirishishga ruhlantirishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati