Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan yangidan qurib bitkazilgan masjidning ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev va Urganch tumani hokimi G‘.Sultonov va "Imom Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Davronbek domla Abduqodirov, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini Allohdan so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqlariga duolar qilindi.
Zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 1000 nafardan ziyod namozxonga mo‘ljallangan yangi masjid namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati