Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

Tabassum ham ibodat

04.09.2024   7420   2 min.
Tabassum ham ibodat

Alloh taolo zarra miqdoricha solih amalni ham zoye qilmaydi. Bu haqda Qur’oni karimda: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar”, deya marhamat qilinadi (Zalzala surasi, 7-oyat). 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham amallarni kichik sanamaslikka, kishi qo‘lidan kelgan har qanday solih amalga shoshishi darkor ekanini ta’kidlaganlar. Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Menga Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Yaxshilikdan biror narcani kichik canamang, hatto birodaringizga ochiq yuz bilan yuzlanishingiz ham (yaxshilikdir)”» (Imom Muslim rivoyati). 

Dinimiz qovoq solib yoki qahqaha otib yurishdan ham qaytaradi. Viqorli va xushkayfiyat bilan yurishga buyuradi. Bu borada Sarvari olamda biz uchun katta namuna bordir.

Sahoba Abdulloh ibn Horis roziyal­lohu anhu aytadi: “Rasululloh sollal­lohu alayhi va sallamdan ko‘ra ko‘proq tabassum qiladigan biror kishini ko‘r­madim”. Oysha onamiz aytadi: “Rasu­lulloh sol­lallohu alayhi va sallam ayollari bilan xoli qolganlarida eng muloyim, karamli, sertabassum bo‘lar edilar”.

Jarir roziyallohu anhu aytadi: “Musulmon bo‘lga­nimdan buyon qachon Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rsam, albatta, u zot menga tabassum bilan qaraganlar”.

Demak, dinimizda tabassum odatiy amal emas, balki ibodat hisoblanadi. Bu juda oson, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga yetak­lovchi amaldir. Lekin, taassufki, bugungi kunda Rasululloh alayhissalomning ushbu sunnatlariga amal qilmay qo‘yganmiz. Aslida hozir juda ko‘p ijtimoiy muammolarimizning hal bo‘lishi birgina shu sunnatga bog‘liq. Oilada, ishda, ko‘cha-ko‘yda bir-birimizga samimiy tabassum qilsak, bir-birimizga mehr-oqibatimiz ziyoda bo‘ladi. Yaqinlarimiz, yoru do‘stlarimizga tabassum bilan qarashga, ularga xushkayfiyat ulashishga nima yetsin?!

Xulosa qilib aytganda, biz mo‘min-musulmonlar har qanday solih amalni bajarishga haris bo‘lishimiz, amallarni ajratmasdan ixlos bilan ado etishimiz lozim.

Har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga amal qilish nasib etsin. 

Obidjon ISMOILOV,

Sariosiyo tumani “Imom Nizomiddin

Sangardakiy” jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   5396   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari