Qo‘shtepa tumanida tadbir bo‘lib o‘tdi. Yurtimizni istiqlol shukuhi qamrab olgan paytda «G‘ufron» jome masjidining yangi binosi foydalanishga topshirilgani shodlik ustiga shodlik bo‘ldi.
Masjidning yangi binosi ochilish marosimida Qur’oni karim tilovati qilinib, vatan va el-yurt farovonligi haqida duo qilindi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati Farg‘ona bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, tuman hokimligi, imom-xatiblar, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari, homiylar va saxovatli insonlar ishtirok etdi.
– Masjid qurilishiga 2020 yil avgust oyida kirishilgan edi, – deydi «G‘ufron» jomesi imom-xatibi Shukurulloh Saydaliyev. – Homiylarni jalb qilgan holda ko‘p o‘tmay go‘zal masjid qad rostladi. Jomeda bir vaqtning o‘zida ikki ming kishi ibodatlarni ado etishi mumkin. Tumanimizning Qorajiyda, Xalqobod, Xo‘jaqishloq va Istiqbol mahallarida yashovchi aholi hamda boshqa tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun barcha sharoitlari hozirlangan muhtasham masjid barpo etilib, mustaqillik bayrami arafasida foydalnishga topshirilgan katta tuhfa bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati