Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda baralla yangragan bu purma’no da’vat qalbimiz qo‘ridan, ongu shuuriimizdan mustahkam o‘rin oldi.
Milliy istiqlol har bir xalqning naqadar bebaho ne’mati ekanini anglash, uning tarixiy ahamiyatini chuqur his qilish uchun olim yo faylasuf bo‘lish shart emas, nazarimda.
Qutlug‘ kunda, shonli sanada O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar bobolar xotirasini yodga olishimiz, o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadidlar, ozodlik yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz sizu bizga oltin meros qilib qoldirgan quyma fikrlarni eslashimiz tabiiy, albatta.
Eng ulug‘, eng aziz ayyomimizdagi nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev ham aynan ulardan iqtibos keltirib, barcha ota-onalarga murojaat qilgani yuragimizning tub-tubigacha yetib bordi: “O‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!”
Darhaqiqat, bugun jamiyatda mavjud muammolarning yechimi, kattayu kichik tomonidan tez-tez o‘rtaga qo‘yiladigan savollarning javobi sifatli ta’limga borib taqalayotgani hech kimga sir emas. Taraqqiyot eshiklariga osilgan har qanday qulfni ochadigan kalitlar ham aynan ta’lim va tarbiyadir.
Sezib turganingizdek, bugun qisqagina tarzda bo‘lsa ham et bilan tirnoq – ta’lim-tarbiya uyg‘unligining dolzarb ahamiyati xususida so‘z yuritmoqchimiz. Boshqacha aytganda, ta’lim ona tilini o‘rganishdan boshlansa, tarbiya ma’naviyat chashmasidan tom ma’noda oziqlangandagina to‘laqonli shakllanadi.
Prezidentimiz alohida ta’kidlaganlaridek, maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham shu fikrning tasdig‘idir.
“Mustaqillikni mustahkamlashda ma’naviy mustaqillik ham g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Uningsiz istiqlolning barqarorligini ta’minlashning imkoni yo‘q. Nima uchun shunday? Chunki, biror xalqni yo‘q qilish uchun yadroviy qurollardan, qudratli armiya bosqinidan ham kuchliroq omil bor. Bu o‘sha xalqning xalqligini yo‘q qilishdir. Bunga qanday erishiladi? Albatta, uning o‘zligini, madaniyatini, tarixini, bir so‘z bilan aytganda, ma’naviyatini barbod qilish bilan erishiladi”.
Ushbu fikrlarni men yaqinda O‘zAda e’lon qilingan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Anvar Boboyev qalamiga mansub maqoladan oldim. Zero, muallif milliy mustaqillik va milliy tilni muhofaza qilish, ma’naviyat va ma’rifatning hayotdagi o‘rni, madaniyatlar to‘qnashuvi, qadriyatlarning g‘arazli talqini xususida jo‘yali, eng muhimi, ta’sirchan fikrlarni ilgari surgan.
“Do‘st achitib gapiradi” deganlaridek, takror va takror aytishdan tolmaslik kerak: istiqlolning uzviy bo‘g‘imlaridan yana biri ma’naviy mustaqillikdir. Ma’naviy mustaqillikka esa ma’rifat, ezgulik, tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik kabi qadriyatlar orqali erishiladi. Bayram bahona mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismiga to‘xtalishdan ko‘zlangan maqsad ham shu fikrni izhor etishdan iborat edi, deya muxtasar xulosa qiladi.
Ayniqsa, maqolada o‘tgan asrning o‘rtalarida faoliyat ko‘rsatgan dunyoga mashhur diplomat va razvedkachi Allen Dallesning o‘zga mamlakat aholisini xufiya tarzda ma’nan-axloqan buzishga qaratilgan fikrlari bilan tanishgan kishining eti jimirlab, yanada hushyor tortadi. Afsuski, shunga o‘xshash “g‘oyalar”dan bugungi kunda ham turli buzg‘unchi kuchlar foydalanishdan to‘xtagani yo‘q.
Modomiki, davlatimiz rahbari mustaqillik bayrami tantanalarida yana bir bor barchamizning e’tiborimizni ayni shu masalaga qaratgani diqqatga sazovor: “Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Lekin... tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir”!
Kuni kecha istiqlolning 33 yilligini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan xalqimiz yana 25 kundan keyin ta’lim sohasida fidoyilik ko‘rsatayotgan mehribon muallim va murabbiylarimizning kasb bayramini, 46 kundan so‘ng O‘zbek tili bayramini nishonlash tadorigini boshladi. Bu esa biz yuqorida tilga olgan ma’naviy mustaqillikning bir ustuni maktabu o‘qituvchilar timsolida sifatli ta’lim, ikkinchi ustuni madaniyatu ma’rifat timsolida milliy til muhofazasi ekanini yana va yana yodimizga soladi.
Gavharxon MUQADDASOVA,
Soliq qo‘mitasi raisi maslahatchisi.
O‘zA
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV