Dil izhori
Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz mustaqilligining 33 yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir go‘shada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va mo‘tabar. Chunki u bizga o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin o‘tmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom ko‘rsatilmagan. Ushbu quvonchli voqea yangi O‘zbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil so‘zlari bilan tanishasiz.
Ma’rifiy sohada ilmiy asos yaratilmoqda
— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulug‘ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, katta mas’uliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning sha’nini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adog‘iga yetish mushkul.
O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini o‘rganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.
Dinimizni ilmiy jihatdan o‘rganishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.
Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qo‘rg‘oni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oliy madrasada Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan ta’lim olmoqda.
2021–2024 yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik ta’mirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida e’tiborning isbotidir.
Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ e’tirofga sazovor bo‘lish, menga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Kelajak avlodni yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-ma’rifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bag‘ishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.
Jobir domla ELOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Buxoro viloyatidagi vakili,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,
Mir Arab oliy madrasasi rektori
* * *
Ajdodlarimizning o‘lmas merosi chuqur o‘rganilmoqda
— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida davlatimizning eng yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, so‘z bilan ta’riflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan ordenga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining o‘z qo‘lidan olganimdan boshim ko‘kka yetdi.
Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda o‘nlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini bugun butun dunyo sayyohlari katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.
Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.
Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila a’zolarini, barcha mo‘min-musulmonlarimizni behad quvontirdi.
Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarishmoqda.
Rahmatullo USMONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom-xatibi
* * *
Yuksak ma’naviy-axloqiy jamiyat barpo etish yo‘lida
Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bag‘ishladi.
Yaratganga behad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda Istiqlol bayrog‘i ostida xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lidagi azaliy istaklarini ro‘yobga chiqa boshladi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan bo‘lib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak ma’naviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.
Bugun shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy me’moriy majmuasi yuksak darajada va mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo mo‘min-musulmonlari uchun ruhiy-ma’naviy oziqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-ma’rifat nurini taratadigan osori-atiqa bo‘ladi.
Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom ma’rifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulug‘ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan ma’rifat koshonasi bo‘lib asrlar osha xizmat qildi, insha Alloh.
Mana shu o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda ro‘y berayotgani va o‘zim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi bo‘layotganimdan faxrga to‘laman. Bundan o‘ttiz yil oldin Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida o‘z faoliyatimni boshlaganman. Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yo‘g‘i 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida so‘z yuritishning hojati ham yo‘q. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda ta’mirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.
Yana bir ta’kidlash joiz bo‘lgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi. Oldinlari faqat to‘y-ma’rakalardagina ko‘rinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetakazishda astoydil fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targ‘ib qilish, dindoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda yurishi uchun olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman.
Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida bu mukofot nafaqat mening, balki butun Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi, deb hisoblayman.
Biz, din peshvolari bunday e’tibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom bo‘lishini doimo Rabbimizdan so‘raymiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman...”, deb marhamat qilgan.
Alisher NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,
Quvasoy shahar bosh imom-xatibi
26 oktyabr kuni Boku shahridagi Xalqaro Mug‘om markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon: mushtarak tarixiy meros, islom sivilizatsiyasi va zamonaviy ilmiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda ikki mamlakatning tarixiy va ma’naviy aloqalarini chuqur o‘rganish, buyuk allomalar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, ilmiy-tadqiqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Anjumanda mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Musulmonlar idorasi vakillari, muzeylar rahbarlari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqidagi hujjatli film ishtirokchilarga taqdim qilindi. Markaz nashrlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasi orqali mehmonlar mamlakatimizning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, mushtarak qadriyatlar va strategik sheriklik munosabatlarining ahamiyatini ta’kidladi. U Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida xalqlar o‘rtasida bilim va madaniy yutuqlar almashinuviga xizmat qilganini qayd etib, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Nizomiy Ganjaviy, Imodiddin Nasimiy va Muhammad Fuzuliy kabi allomalar merosi ikki xalqni birlashtiruvchi umuminsoniy boylik ekanini ta’kidladi.
Elchining qayd etishicha, olimlar va tadqiqotchilar ilmiy fakultetlar va institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Umumiy tarixiy xotirani birgalikda o‘rganish va rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar uchun dasturlarni amalga oshirish hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida ishlar olib borilmoqda. Eng muhimi, mazkur konferensiya aynan shu maqsadlarga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, diplomatiya eshiklari ochiq, ilmiy ko‘rgazmalar faoliyat yuritmoqda. Madaniy meros galereyalari o‘z imkoniyatlarini namoyon etish fursati kelishini kutmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada muloqot uchun yangi va chinakam noyob maydonga aylandi. Boku va Toshkent o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va gumanitar aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov markazning asosiy g‘oyasi, uning ilm-ma’rifatni targ‘ib etish va ajdodlar merosini kelajak avlodlarga yetkazishdagi o‘rniga to‘xtaldi.
“Xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy aloqalar islomdan oldingi davrlarga ham borib taqaladi. So‘nggi yillarda islom sivilizatsiyasi bu aloqalarni yanada boyitdi, – dedi Firdavs Abduxoliqov. – Olimlar bir-biridan o‘rgandi, kitoblar bir yurtdan boshqasiga tarqaldi, bir zaminda tug‘ilgan g‘oya boshqasida rivojlandi. Ibn Sino va uning ozarbayjonlik shogirdi Bahmanyor, Nasiriddin Tusiyning Marog‘adagi va Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ilmiy maktablari ana shu bog‘liqlikning yorqin misolidir.
Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Alisher Navoiyga ilhom berdi. Navoiy turkiy tilda o‘z “Xamsa”sini yaratdi. Uning ijodi esa ozarbayjon shoiri Kishvariyga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Toshkentda saqlanayotgan bir qo‘lyozmada Navoiy va Fuzuliy asarlari bir muqova ostida jamlangan. Ikki buyuk shoir – bir kitobda. Bugun bu yaqinlik Prezidentlarimiz Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning o‘zaro ishonchi va amaliy ishlarida davom etmoqda.
Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni ikki davlat rahbari birgalikda ochdi. Fuzuliy nomidagi shahar. Ulug‘bek nomidagi maktab. Unda bilim olayotgan bolalar. Tarix bilan bugungi kun ana shunday uchrashadi. Buyuk ajdodlarimizning nomlari yangi avlodni ilmga chorlaydi”.
Anjuman doirasida ikki xalqning musiqiy merosi, xususan, Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi o‘rtasidagi mushtaraklik ham e’tirof etildi. Milliy musiqa an’analari xalqlarning ma’naviy yaqinligini ifoda etuvchi muhim madaniy boylik sifatida namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Tarixiy yaqinlik, mushtarak madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va yagona madaniy makonga mansublik davlatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda.
Aynan mana shu jihatlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon qardosh xalqlarini birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy aloqalarni ko‘ramiz. Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi allomalar merosi turkiy xalqlar o‘rtasidagi diniy va ma’naviy munosabatlar asrlar davomida naqadar mustahkam bo‘lganini yaqqol namoyon etadi.
“Buyuk mutafakkirlarning ma’naviy kamolot, insonparvarlik va axloqiy tamoyillar haqidagi g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ozarbayjonning diniy muassasalari va ulamolari bilan diniy-ma’naviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor”, – dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Tadbirning muhim natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur kelishuv tarixiy merosni birgalikda o‘rganish, ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
“Bizni qadimdan turli davrlar va sulolalar birlashtirib kelgan. Temuriylar, Safaviylar, Xorazmshohlar va boshqa ko‘plab sulolalar davrida ajdodlarimiz bir zaminda yashab, mushtarak tarix, din, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida rivojlangan, – deydi Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Iso Habibbeyli. – Bugun biz ularning boy merosi va ezgu an’analarini davom ettirib, qo‘shma loyihalar, ilmiy uchrashuvlar va xalqaro konferensiyalar orqali hamkorligimizni yanada mustahkamlayapmiz”.
O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlari hamda tadqiqotchilarining o‘zaro tashriflari, ilmiy muloqotlari bu aloqalarning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatingiz, balki butun turkiy dunyo uchun ham ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan megaloyihadir.
Ayniqsa, boy tarixiy merosning zamonaviy texnologiyalar va yosh avlodga mos formatlar orqali taqdim etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy rishtalarni mustahkamlash, ilmiy aloqalarni kengaytirish va kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Anjuman yakunida Ozarbayjon mug‘omi va o‘zbek maqomi ijrochilari ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Milliy san’at namunalari ikki xalqning boy madaniy merosi va mushtarak ma’naviy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Bokuda o‘tkazilgan xalqaro anjuman O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk ajdodlar merosini keng targ‘ib qilish va zamonaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati