Dil izhori
Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz mustaqilligining 33 yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir go‘shada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va mo‘tabar. Chunki u bizga o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin o‘tmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom ko‘rsatilmagan. Ushbu quvonchli voqea yangi O‘zbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil so‘zlari bilan tanishasiz.
Ma’rifiy sohada ilmiy asos yaratilmoqda
— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulug‘ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, katta mas’uliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning sha’nini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adog‘iga yetish mushkul.
O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini o‘rganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.
Dinimizni ilmiy jihatdan o‘rganishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.
Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qo‘rg‘oni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oliy madrasada Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan ta’lim olmoqda.
2021–2024 yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik ta’mirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida e’tiborning isbotidir.
Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ e’tirofga sazovor bo‘lish, menga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Kelajak avlodni yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-ma’rifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bag‘ishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.
Jobir domla ELOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Buxoro viloyatidagi vakili,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,
Mir Arab oliy madrasasi rektori
* * *
Ajdodlarimizning o‘lmas merosi chuqur o‘rganilmoqda
— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida davlatimizning eng yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, so‘z bilan ta’riflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan ordenga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining o‘z qo‘lidan olganimdan boshim ko‘kka yetdi.
Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda o‘nlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini bugun butun dunyo sayyohlari katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.
Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.
Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila a’zolarini, barcha mo‘min-musulmonlarimizni behad quvontirdi.
Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarishmoqda.
Rahmatullo USMONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili,
viloyat bosh imom-xatibi
* * *
Yuksak ma’naviy-axloqiy jamiyat barpo etish yo‘lida
Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bag‘ishladi.
Yaratganga behad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda Istiqlol bayrog‘i ostida xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lidagi azaliy istaklarini ro‘yobga chiqa boshladi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan bo‘lib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak ma’naviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.
Bugun shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy me’moriy majmuasi yuksak darajada va mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo mo‘min-musulmonlari uchun ruhiy-ma’naviy oziqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-ma’rifat nurini taratadigan osori-atiqa bo‘ladi.
Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom ma’rifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulug‘ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan ma’rifat koshonasi bo‘lib asrlar osha xizmat qildi, insha Alloh.
Mana shu o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda ro‘y berayotgani va o‘zim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi bo‘layotganimdan faxrga to‘laman. Bundan o‘ttiz yil oldin Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida o‘z faoliyatimni boshlaganman. Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yo‘g‘i 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida so‘z yuritishning hojati ham yo‘q. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda ta’mirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.
Yana bir ta’kidlash joiz bo‘lgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi. Oldinlari faqat to‘y-ma’rakalardagina ko‘rinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetakazishda astoydil fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targ‘ib qilish, dindoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda yurishi uchun olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman.
Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida bu mukofot nafaqat mening, balki butun Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi, deb hisoblayman.
Biz, din peshvolari bunday e’tibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom bo‘lishini doimo Rabbimizdan so‘raymiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman...”, deb marhamat qilgan.
Alisher NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,
Quvasoy shahar bosh imom-xatibi
Islom sivilizatsiyasining buyukligi faqat tarixiy obidalar yoki mashhur allomalar nomida emas. Uning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan eng muhim hissasi — bilimlarni jamlash, tanqidiy tahlil qilish va yangi ilmiy kashfiyotlarga zamin yaratish an’anasida namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyo esa bu intellektual yuksalishning muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Islom sivilizatsiyasi markazi esa bugun ana shu haqiqatni butun dunyoga baralla bong urmoqda.
Insoniyat tarixida sivilizatsiyalar ko‘pincha qudratli davlatlar, buyuk hukmdorlar, ulkan shaharlar va harbiy g‘alabalar orqali baholanadi. Biroq tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, sivilizatsiyaning haqiqiy salohiyati uning inson tafakkurini qay darajada rivojlantirgani, bilim yaratish uchun qanday sharoitlar yaratgani va bu bilimlarni keyingi avlodlarga yetkaza olgani bilan ham belgilanadi.
Bu nuqtayi nazardan islom sivilizatsiyasi jahon tarixida alohida o‘rin tutadi. Uni faqat diniy ta’limotlar, siyosiy sulolalar yoki me’moriy yodgorliklar tarixi bilan cheklab bo‘lmaydi. U matematika, tibbiyot, astronomiya, optika, geografiya, falsafa va boshqa ko‘plab sohalarda bilimlar rivojiga hissa qo‘shgan keng intellektual makon ham edi.
Ushbu merosning ahamiyati faqat o‘tmish bilan cheklanmaydi. Xorazmiyning matematik asarlaridan kelib chiqqan atamalardan tortib, Ibn Sinoning tibbiy merosigacha bo‘lgan tarixiy tajriba bugungi ilm-fan, ta’lim va texnologiyalar rivoji bilan bog‘liq muhim savollarni o‘rtaga qo‘yadi: jamiyatni taraqqiyotga olib chiqadigan bilim muhiti qanday shakllanadi va uni qanday saqlab qolish mumkin?
Ilmga munosabat — sivilizatsiya taraqqiyotining asosi
Islom sivilizatsiyasining ilmiy salohiyatini tushunish uchun, avvalo, bilimga bo‘lgan munosabatni anglash zarur. O‘rta asrlarda musulmon dunyosining turli hududlarida masjidlar, madrasalar, kutubxonalar, ilmiy majlislar va shifoxonalar bilim olish hamda tarqatish jarayonida muhim o‘rin tutgan.
Vaqf tizimi ayrim hududlarda ta’lim muassasalari, kutubxonalar, olimlar va talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash imkonini bergan. Ayrim shifoxonalar esa bemorlarni davolash bilan birga tibbiy bilimlarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish markazlari vazifasini ham bajargan.
Bunday tajriba ilm-fan taraqqiyotida olimlarning iste’dodidan tashqari, ilmiy yuksalish uchun bilimga talab, uni tarqatadigan muassasalar, homiylik mexanizmlari va turli avlod vakillari o‘rtasidagi intellektual almashinuv ham zarur.
Shu ma’noda islom sivilizatsiyasining muhim xususiyatlaridan biri bilimni muayyan shaxsning shaxsiy yutug‘i darajasidan kengroq ijtimoiy jarayonga aylantirishga xizmat qilgan muhitning shakllanganidir.
Bag‘dod: turli bilim an’analari tutashgan markaz
VIII–IX asrlarda Abbosiylar xalifaligi davrida Bag‘dodning yirik ilmiy va madaniy markaz sifatida yuksalishi bu jarayonning muhim bosqichi bo‘ldi. Bu yerda yunon, suryoniy, fors va hind ilmiy merosiga oid asarlar arab tiliga tarjima qilindi, ular o‘rganildi va yangi tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
«Bayt ul-hikma» — Hikmat uyi nomi Bag‘doddagi ilmiy va tarjimonlik faoliyati bilan bog‘liq tarixiy an’ananing ramzlaridan biriga aylangan. Biroq o‘sha davrdagi barcha tarjima ishlari faqat shu muassasada amalga oshirilgan, deb hisoblash tarixiy jarayonning murakkabligini soddalashtirgan bo‘lar edi. Bilim almashinuvi turli shaharlar, kutubxonalar, olimlar va homiylik tarmoqlari orqali kechgan.
Bu jarayonning ahamiyati shundaki, qadimgi bilimlar shunchaki saqlab qolinmadi. Matematika, tibbiyot, astronomiya va falsafa sohalaridagi g‘oyalar muhokama qilindi, tanqidiy ko‘rib chiqildi va yangi natijalar bilan boyitildi.
Bunday tajriba sivilizatsion taraqqiyotning muhim qonuniyatlaridan birini ko‘rsatadi: bilimning harakati bir madaniyatdan boshqasiga oddiy ko‘chirish bilan cheklanmaydi. U yangi savollar, yangi ehtiyojlar va yangi tadqiqot usullari orqali rivojlanadi.
Xorazmiy: algebradan algoritmlar dunyosigacha
Muhammad ibn Muso Xorazmiy nomi jahon matematikasi tarixida alohida o‘rin tutadi. Uning IX asrda yaratgan algebraga oid asari tenglamalarni tizimli hal qilish usullarining rivojlanishiga muhim hissa qo‘shgan.
Bugun «algoritm» atamasi kompyuter fanlari, dasturlash va sun’iy intellektning asosiy tushunchalaridan biri hisoblanadi. Uning nomi Xorazmiy nomining lotincha shakli orqali Yevropa tillariga kirib kelgan. «Algebra» atamasi esa olim asari sarlavhasidagi «al-jabr» so‘zidan kelib chiqqan.
Bu bog‘liqlik tarixiy merosning zamonaviy ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Albatta, bugungi kompyuter algoritmlari IX asr matematikasining oddiy davomi emas: ular asrlar davomida turli olimlar va maktablar yaratgan bilimlarga tayanadi. Biroq muammolarni tartibga solish, amallarni izchil bajarish va yechimlarni tizimlashtirish an’anasida Xorazmiy merosining o‘rni muhimdir.
Hozirgi raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt davrida bu tarix bizga yana bir saboq beradi: ilmiy merosdan samarali foydalanish uchun uni faqat xotirlash emas, balki zamonaviy tadqiqot, ta’lim va innovatsiyalar bilan bog‘lash zarur.
Beruniy va Ibn Sino: kuzatish, tahlil va tizimlashtirish
Abu Rayhon Beruniyning ilmiy faoliyati o‘rta asrlarda bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar bugungi kabi qat’iy bo‘lmaganini ko‘rsatadi. U astronomiya, geografiya, mineralogiya, tarix va boshqa yo‘nalishlarda izlanishlar olib borgan.
Beruniyning Hindiston haqidagi asari boshqa xalqning diniy qarashlari, urf-odatlari, ilm-fani va madaniyatini o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ham ahamiyatli. Unda kuzatish, taqqoslash va mavjud ma’lumotlarni tahlil qilishga intilish ko‘zga tashlanadi. Bu yondashuv madaniyatlararo muloqotda boshqa jamiyatni o‘z mezonlari bilangina emas, uning ichki mantig‘ini tushunishga harakat qilib o‘rganish muhimligini eslatadi.
Abu Ali ibn Sino esa tibbiyot va falsafa tarixida chuqur iz qoldirgan allomadir. Uning «Tib qonunlari» asari tibbiy bilimlarni tizimlashtirgan yirik manbalardan biri bo‘lib, asrlar davomida Sharqda va Yevropa tibbiy ta’limida muhim o‘rin tutgan.
Ibn Sino merosining ahamiyati mavjud bilimlarni jamlash va tasniflash, nazariy qarashlarni amaliy tajriba bilan bog‘lashga intilishda ham namoyon bo‘ladi. Zamonaviy tibbiyot, albatta, uning davridagi bilimlardan tubdan farq qiladi. Shunga qaramay, ilmiy ma’lumotlarni tizimlashtirish va ularni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarurati bugun ham dolzarb.
Ibn Haysam: haqiqatni tekshirish madaniyati
Ilm-fan tarixini faqat kashfiyotlar va natijalar orqali baholash yetarli emas. Ularni qanday usullar yordamida qo‘lga kiritish ham muhim.
XI asrda yashagan Ibn Haysam optika sohasidagi tadqiqotlari bilan mashhur. U yorug‘lik va ko‘rish hodisalarini o‘rganishda matematik tahlil, kuzatish va tajribaga katta ahamiyat bergan. Uning ishlari optika taraqqiyotiga, shuningdek, ilmiy muammolarni dalillar orqali tekshirish an’anasiga muhim hissa qo‘shgan.
Ibn Haysamning merosi ilm-fanning asosiy tamoyillaridan birini eslatadi: fikrning qiymati faqat uning muallifi nufuzi bilan emas, balki dalillar bilan qay darajada asoslangani orqali ham belgilanadi.
Bugun soxta axborot, tekshirilmagan da’volar va sun’iy intellekt yaratayotgan materiallar ko‘payib borayotgan bir sharoitda bu tamoyilning ahamiyati yanada ortadi. Dalilga tayanish, manbalarni tekshirish va xulosalarni qayta ko‘rib chiqish — nafaqat olimlar, balki butun jamiyat uchun zarur intellektual ko‘nikmalardir.
Islom sivilizatsiyasining muhim intellektual markazi
Buxoro, Samarqand, Xorazm va Farg‘ona kabi hududlar turli xalqlar, savdo yo‘llari va bilim an’analari tutashgan muhim markazlar bo‘lgan.
Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning ilmiy merosi bu hududlarning jahon intellektual tarixidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Ular faoliyat yuritgan davrlarda ilm-fan yagona markazda to‘planmagan, balki turli shaharlar va mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar orqali rivojlangan.
XV asrda Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand astronomiya va matematik tadqiqotlarning muhim markazlaridan biriga aylandi. Rasadxonada olib borilgan kuzatishlar va «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asari astronomik hisob-kitoblar tarixida muhim o‘rin tutadi.
Ulug‘bek faoliyati Markaziy Osiyodagi ilmiy an’analar bir davr bilan cheklanib qolmaganini ko‘rsatadi. Turli asrlardagi intellektual markazlar, olimlar va homiylik muhitlari mintaqaning ilm-fan tarixidagi mavqeini shakllantirgan.
Ilm shaharlarni va jamiyatni qanday o‘zgartiradi?
Ilm-fan taraqqiyotini faqat kitoblar va qo‘lyozmalardan izlash to‘liq tasavvur bermaydi. Bilimning haqiqiy ta’siri uning kundalik hayotga, iqtisodiyotga, infratuzilmaga va inson salomatligiga tatbiq etilishida ham namoyon bo‘ladi.
Matematika savdo va hisob-kitob usullarini takomillashtirishga yordam beradi. Geografiya hududlar haqidagi bilimlarni kengaytiradi. Astronomiya taqvimlar va navigatsiya uchun zarur hisob-kitoblarni rivojlantiradi. Tibbiyot kasalliklarni tushunish va davolash usullarini takomillashtiradi. Muhandislik esa suv ta’minoti, binolar va boshqa infratuzilma yechimlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixiy shaharlardagi me’moriy obidalar, suv inshootlari va boshqa muhandislik yechimlari o‘z davridagi bilimlar, iqtisodiy imkoniyatlar va ijtimoiy ehtiyojlarning o‘zaro bog‘liqligini namoyon etadi.
Demak, ilm-fan sivilizatsiyaning bezagi emas. U jamiyatning amaliy muammolarini hal qilish, resurslardan samarali foydalanish va taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratish vositasidir.
Nega ilmiy markazlarning mavqei o‘zgargan?
Islom sivilizatsiyasidagi ayrim ilmiy markazlarning keyingi asrlarda avvalgi mavqeini yo‘qotishi tarixchilar o‘rtasida keng muhokama qilinadigan masalalardan biridir. Bu jarayonni bitta sabab bilan tushuntirib bo‘lmaydi.
1258 yilda mo‘g‘ul qo‘shinlarining Bag‘dodni egallashi Abbosiylar xalifaligining siyosiy markaziga katta zarba berdi. Biroq bu voqeani butun islom sivilizatsiyasida ilm-fan birdaniga tugadi, deb talqin qilish tarixiy jarayonni soddalashtirish bo‘ladi.
Keyingi asrlarda ham musulmon dunyosining turli hududlarida ilmiy, falsafiy, tibbiy va adabiy faoliyat davom etdi. Usmoniylar, Safaviylar va Boburiylar davlatlari davrida ham bilim ishlab chiqarish va tarqatishning turli shakllari mavjud bo‘lgan.
Ilmiy markazlarning rivojlanishiga siyosiy barqarorlik, iqtisodiy imkoniyatlar, homiylik tizimlari, ta’lim muassasalari, xalqaro aloqalar va texnologiyalar ta’sir ko‘rsatgan. Yevropa va Osiyodagi ilmiy-texnologik taraqqiyot sur’atlarini tushunish uchun ham aynan shu omillarning tarixiy o‘zgarishini qiyosiy o‘rganish zarur.
Shuning uchun islom sivilizatsiyasi tarixini «oltin asr va undan keyingi to‘liq tanazzul» shaklida tasvirlashdan ko‘ra, uning turli davrlardagi yutuqlari, muammolari va o‘zgarishlarini murakkab tarixiy jarayon sifatida tahlil qilish to‘g‘riroqdir.
Yevropa va islom sivilizatsiyasi: bilimlar qanday chegaralardan o‘tgan?
Jahon ilm-fani tarixida sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalar muhim o‘rin tutadi. Yunon, hind, fors va boshqa an’analarga oid bilimlar musulmon dunyosida tarjima qilingan, o‘rganilgan va rivojlantirilgan. Keyinchalik arab tilidagi ko‘plab ilmiy asarlar lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa intellektual muhitiga yetib borgan.
Bu aloqalar matematika, tibbiyot, astronomiya, optika va falsafa sohalaridagi bilimlarning tarqalishiga ta’sir ko‘rsatdi. Biroq Yevropa Renessansini faqat islom sivilizatsiyasining ta’siri bilan izohlash ham to‘g‘ri emas: Yevropaning ichki ijtimoiy, iqtisodiy va intellektual jarayonlari ham muhim ahamiyat kasb etgan.
Tarixiy manzaraning muhim jihati shundaki, bilimlar ko‘pincha yagona madaniy yoki siyosiy chegara doirasida qolib ketmaydi. Ular tarjima, savdo, safarlar, ta’lim va ilmiy muloqot orqali harakatlanadi.
Ipak yo‘llari ham shu nuqtayi nazardan ahamiyatli. Ular tovarlar almashinuvi bilan birga g‘oyalar, texnologiyalar va madaniy tajribalar tarqalishiga sharoit yaratgan. Sivilizatsiyalar tarixini o‘rganishda «qaysi xalq ustun bo‘lgan?» degan savoldan tashqari, «bilimlar qanday yaratilgan va qanday tarqalgan?» degan savolni ham qo‘yish zarur.
Tarixiy merosdan zamonaviy taraqqiyotga
Agar Xorazmiy nomi bilan bog‘liq matematik an’analarni qadrlasak, zamonaviy matematika, informatika va sun’iy intellekt ta’limini rivojlantirishga ham e’tibor qaratishimiz kerak. Agar Ibn Sino merosini ulug‘lasak, tibbiy tadqiqotlar, biotexnologiya va sifatli tibbiy ta’lim uchun sharoitlarni kengaytirish muhim. Agar Beruniyning izlanishlariga tayansak, turli madaniyatlarni o‘rganish, kuzatish va dalillarga asoslangan tahlilni rag‘batlantirish zarur. Ulug‘bek merosi esa yoshlarni astronomiya, fizika, matematika va muhandislikka qiziqtirish ahamiyatini eslatadi.
Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham tarixiy manbalarni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar, ta’limiy dasturlar, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro ilmiy hamkorlikni birlashtirish orqali bunday maskan bilimni jamiyatga yetkazishda muhim maydon hisoblanadi.
Markazning ilmiy-ma’rifiy vazifasi tarixiy merosni zamonaviy auditoriyaga tushunarli tarzda taqdim etish, yoshlarda tadqiqotga qiziqish uyg‘otish va milliy ilmiy an’analarni jahon taraqqiyoti kontekstida anglashga ko‘maklashish bilan belgilanadi.
Xulosa
Islom sivilizatsiyasini ilm va taraqqiyot tarixining muhim qismi sifatida baholash uchun yetarli tarixiy asoslar mavjud. Biroq uning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini faqat alohida ixtirolar yoki buyuk olimlar ro‘yxati bilan cheklab bo‘lmaydi.
Ushbu merosning muhim jihatlaridan biri turli bilim an’analarini birlashtirish, ularni tarjima qilish, tahlil etish va yangi ilmiy natijalarga zamin yaratish jarayonlarida namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyo esa bu intellektual aloqalarning muhim markazlaridan biri sifatida jahon ilm-fani tarixida o‘z o‘rniga ega.
Bugungi avlod uchun Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino va Ulug‘bek merosining eng muhim qismi faqat ularning nomlarini yodda saqlash emas. Bu — savol berish, dalillarni tekshirish, turli sohalardagi bilimlarni birlashtirish, mustaqil fikrlash va yangi yechimlar izlash qobiliyatidir.
Ana shu tamoyillar zamonaviy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bilan uyg‘unlashgandagina tarixiy meros kelajak taraqqiyotining amaliy manbaiga aylanadi. Shunda «Islom sivilizatsiyasi — ilm va taraqqiyot sivilizatsiyasidir» degan g‘oya faqat o‘tmishga berilgan baho emas, balki bugungi va kelajak avlodlar uchun ham mazmunga ega bo‘lgan intellektual dastur sifatida namoyon bo‘ladi.
Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati